Antonio Konte bugun APLning 2 turidan o‘rin olgan bahs doirasida yana "Stemford Brij" ostonasiga qadam qo‘yadi. Ammo endi u "Tottenxem" ustozi va jonajon "Chelsi"siga qarshi chiqadi. Uning jamoasi ilk turda "Sautgempton"ni 4-1 hisobida taslim etgandi. Ko‘plab muxlislar "shporlar" yangi mavsumda "Manchester Siti" hamda "Liverpul" uchun eng katta bosh og‘rig‘i bo‘lishini taxmin qilishgan. Bunga esa "Tottenxem" amalga oshirgan transferlar sabab bo‘lmoqda. Freyzer Forster, Ivan Perishich, Iv Bissuma, Risharlison, Langle hamda Spens jamoaning yangi a’zosiga aylandi. Ular endilikda imkon berilishini kutmoqda.
Poytaxt shaharning boshqa bir nuqtasida "Chelsi" klubi ham yaxshilanishga harakat qildi. Klub rahbariyatidagi o‘zgarishlar fonida, jamoani Ryudiger, Kristensen hamda Lukaku tark etdi. Shuningdek, boshqaruv tizimidagi shaxslar bo‘lmish, Granovskaya hamda Chex ham ishdan bo‘shatilgandi. Tuxel esa hozirga qadar uchta transferni amalga oshirishga ulgurdi. Raxim Sterling hujum uchun xarid qilingan bo‘lsa, Kalidu Kulibali hamda Mark Kukurelyalar himoya qo‘rg‘onini mustahkamlash uchun olib kelingan. Ayni damda "Chelsi" Frenki de Yong hamda Benjamin Pavar xaridi ustida bosh qotirmoqda.
"Chelsi" mavsumni "Everton"ga qarshi qiyin g‘alaba bilan boshlagan edi. Ikkinchi tur esa undan ham og‘irroq bo‘lishi kutilmoqda. Raqib – "quturgan" "Tottenxem"...
"Chelsi" o‘tgan mavsum davomida "Tottenxem" bilan to‘rt marta to‘qnashgan va hammasida g‘alabaga erishgan. Ulardan ikkitasi APLda, ikkitasi esa liga kubogi yarim finallarida edi. "Shporlar" ana shu bahslarning hech birida "Chelsi" darvozasini ishg‘ol qila olmagan. Shu tufayli, bu raqiblar to‘qnashuvi ancha prinsipiallashib qolgan. Antonio Konte o‘tgan mavsum uchun qasos olishni reja qilgan bo‘lsa, ajab emas. Chunki "Chelsi" yaqin tarixda "shporlar"ni 18 kun ichida 3 marta mag‘lub etgandi.
"Chelsi" uchun ham hamshaharlariga qarshi o‘yin yaxshigina sinov bo‘ladi. Negaki, bugungi bahs Tuxelni mavsum davomida "Liverpul" hamda "Manchester Siti"ga qanchalik yaxshi ta’qibchi bo‘lishini isbotlashga yordam beradi.
Bugungi "Tottenxem" esa hech qaysi raqibdan qo‘rqmasligini isbotlashga urinmoqda. Chunki endi Konte qo‘lida o‘ta muhim bo‘lgan Keyn-Son-Kulusevski triosi bor. Bu uchlik bugun "Chelsi"ga qarshi olti o‘yindan beri davom etib kelayotgan golsiz seriyaga yakun yasashga harakat qiladi. Shuningdek, shimoliy londonliklar APLda so‘nggi yettita bahsda "Chelsi"ni yenga olmagan. Ularning "aristokratlar"ga qarshi oxirgi g‘alabasi 2018 yilda, Pochettino davrida qo‘lga kiritilgan. O‘shanda 3-1 hisobi qayd etiladi.
Qisqasi, har ikki tomon ham o‘ziga ishonch bilan maydonga chiqib kelishi kutilmoqda. Chunki bunga yetarli sabablar bor. Ko‘ramiz, London derbisida kimning qo‘li baland kelarkin...
ISMATOV J.