O‘zbekiston Superligasining 17-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Paxtakor” (1:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar jamoasi bosh murabbiyi Maksim Shaskix ishtirok etib,jurnalistlarning savollariga javob berdi. Maksim Aleksandrovich o‘z so‘zini ortda qolgan o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.
- Barchaga xayrli kech. Buncha ko‘p jurnalistni ko‘rish yoqimli. Menimcha o‘yin muxlislarga yoqdi. Chempionlik uchun kurashayotgan ikkita kuchli jamoa to‘qnash keldi, shu bois bahs tomoshabop va keskin o‘tdi. Odatda bunday o‘yinlarda ko‘p golli vaziyatlar kutilmaydi, ammo bugun yaxshi o‘yin bo‘ldi. Bugun tomoshabinlar stadionni to‘ldirishdi va ular uyga yaxshi kayfiyatda ketishdi deb o‘ylayman.
- Har bir murabbiy o‘yindan avval ham raqib, ham o‘z jamoasi o‘yini haqida tasavvur bo‘ladi. Bugun o‘sha tasavvuringiz bilan qanchalik mos tushdi?
- Biz har bir raqibga tayyorgarlik ko‘ramiz. Uning kuchli va kuchsiz tomonlarini o‘rganib chiqamiz. Shunga qarab, taktika tuzamiz. “Navbahor”ning ko‘p o‘yinlarini ko‘rib chiqdik. Ular doim bir xil o‘ynashadi, bugun ham shunday bo‘ldi. Bizning darvozamiz oldida xavfli vaziyatlar sodir bo‘ldi va gol o‘tkazdik. Shunday ekan qiladigan ishlarimiz ko‘p.
- Namanganlik muxlislar akangiz Oleg Shaskixni yaxshi xotiralar bilan yodga olishadi. U hozir qayerda?
- Oleg Shaskix hozir oilasi bilan Moskva viloyatida yashamoqda. Sport bilan aloqador emas. Boshqa ishlar bilan band. Asosiysi unda barchasi yaxshi. Bundan 30 yil avval Namanganga aynan “Navbahor” – “Paxtakor” uchrashuviga kelganimni esladim. O‘shanda akamga qarshi “Paxtakor” safida rahmatli Nikolay Shirshov personal o‘ynagandi. Standart vaziyatdan keyin akam boshi bilan gol urgandi va “Navbahor" 1:0 hisobida yutgandi.
- Aziz Turg‘unboyevni alishtirdingiz. Bunga nima sabab bo‘ldi?
- Turg‘unboyevning biroz charchab qolganini sezdik. U namanganlik ekanini bilardim. Bugun asosiy tarkibda tushishi shart edi. Ikkinchi bo‘limda uning o‘rniga boshqa futbolchi tushirish va hujumni yanada jonlantirishga harakat qildik. Keyinroq sxemani o‘zgartirishga qaror qildik. Sababi, bizda sxemalarimiz juda ko‘p va yigitlar bundan xabardor.
- Anchadan buyon “Paxtakor” uch nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynamagandi. Bu aynan “Navbahor” bilan o‘yin uchun tanlangan taktikami yoki keyin ham shunday o‘ynaysizlarmi?
- Bunday taktikani hali ko‘p ko‘rasizlar. Jahonda 75-80 foiz klublar uch nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynayapti. Zamonaviy futbolga moslashib boramiz. Taktik tarafdan syurprizlar mavsum davomida yetarlicha bo‘ladi.
- O‘yin davomida taktik sxemani o‘zgartirdingiz. Bu orqali kubok uchrashuvidan oldin raqib murabbiyiga sirlarni ochib qo‘ymadingizmi?
- Yo‘q, sirlarni ochmadik. Hali sirlarimiz ko‘p. Bugun ularni albatta ochmayman.
- O‘zbekiston kubogi bahsida ham “Navbahor” bilan o‘ynaysizlar. Imkoniyatlarni qanbay baholaysiz? Qur’a yoqdimi yoki yoqmadimi?
- Rostini aytaman, futbolchilik paytimda bironta qur’ani ko‘rmaganman. Chempionlar ligasi yoki kuboklarni ham. Menga qachon va qayerda o‘ynashning umuman farqi yo‘q. Namanganda stadion to‘lib tursa nima uchun yana bu yerda o‘ynamasligimiz kerak? Doim to‘lib toshgan stadionda o‘ynash yoqimli. Uydami yoki safardami farqi yo‘q.
- Bugungi natijadan qoniqdingizmi? Har holda “Navbahor”dan ochko oldingiz...
- Biz ochko oldik? Mening fikrimcha, bugun biz ikki ochko yo‘qotdik. Balki “Navbahor” bir ochko olgandir, buni bilmayman.
- Bugun ikkala jamoa ham vaziyatlardan foydalanishda oqsadi. Siz Kiyevning “Dinamo” klubida tajriba orttirgansiz. Bugun jamoalarga nima yetishmadi deb o‘ylaysiz?
- Nima yetishmayapti? Individual mahorat. Futbolchilarga gol urishni o‘rgatib bo‘lmaydi. Bunda individual mahorat kerak. Futbolchi ochilishi, zonani kengaytirish yoki toraytirishga, raqibdan to‘pni olib qo‘yishni o‘rgatish mumkin. Hozir miya va qarorni qabul qilish tezligi futbolda eng oliy o‘rinda. Zamonaviy futbol shunga qarab ketmoqda. Ulardan biri bo‘lmasa jiddiy natijaga erishish juda qiyin.