Madridning “Real” klubi “PSJ” va Portugaliya terma jamoasining 26 yoshli yarimhimoyachisi Vitinya transferi bo‘yicha parijliklarga yangi taklif bilan chiqdi. Fichajes nashriga ko‘ra, Madrid klubi prezidenti Florentino Peres transfer oynasi yopilguniga qadar futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun so‘nggi bor urinib ko‘rmoqchi.
Manbalarning ta’kidlashicha, “Real” taklif summasini 150 million yevrogacha oshirgan. “Qirollik klubi” aynan shu summa “PSJ”ni o‘z yetakchisini qo‘yib yuborishga ko‘ndiradi, deb umid qilmoqda. Agar ushbu kelishuv amalga oshsa, Vitinya “Real” tarixidagi eng qimmat xaridga aylanadi.
Vitinya 2022-yildan beri “PSJ” sharafini himoya qilib kelmoqda. O‘shanda Fransiya klubi portugaliyalik iqtidor egasini “Portu”dan 41,5 million yevro evaziga xarid qilgan edi.
Parijdagi faoliyati davomida yarimhimoyachi to‘rt marta Fransiya chempionligini qo‘lga kiritdi. Qolaversa, Vitinya “PSJ”ning qatorasiga ikki marta Chempionlar Ligasida zafar quchishiga hissa qo‘shgan. Eslatib o‘tamiz, futbolchi Parijga ko‘chib o‘tguniga qadar Angliya Premyer Ligasida ham harakat qilgan bo‘lib, “Vulverhempton” safida ijara asosida to‘p tepgan.













