talkSPORT ma’lumotiga ko‘ra, «Barselona» Alexandro Baldeni 45 million yevroga, ya’ni taxminan 38,5 million funt sterlingga baholagan. Ayni paytda «Manchester Yunayted» transfer oynasi yopilishi oldidan chap qanot himoyachisi pozisiyasini kuchaytirish variantlarini ko‘rib chiqmoqda.
«Manchester Yunayted» 22 yoshli Ispaniya terma jamoasi futbolchisini Lyuk Shouga raqobatchi sifatida ijara asosida o‘z safiga qo‘shib olishni ma’qul ko‘rmoqda. Shu sababli «Barselona» belgilagan to‘liq transfer narxi kelishuvga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Balde «Barselona»ning La Liga birinchi turida «Elche»ga qarshi 5:0 hisobida g‘alaba qozongan uchrashuvi qaydnomasiga kiritilmagan edi. O‘yindan so‘ng kataloniyaliklar bosh murabbiyi Xansi Flik himoyachining «fikri hozir kerakli joyda emas»ligini ta’kidlagan.
«Manchester Yunayted»ning asosiy transfer maqsadi bo‘lgan Lyuis Xollning «Nyukasl»da qolishi kutilmoqda. Shu bois Maykl Kerrik jamoasi Balde bilan bir qatorda «RB Leypsig» futbolchisi David Raumni ham asosiy muqobil variantlardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Klub transfer oynasi 1 sentyabr kuni yopilguniga qadar chap qanot himoyachisi bilan shartnoma imzolashni rejalashtirmoqda.













