1 sentyabr kuni Yevropaning kuchli beshlik ligalarida transfer oynasi yopiladi. Bu shuni anglatadiki, kuchayishga muhtoj bo‘lgan klublar erkin agentlar bozorini qidirishda davom etadilar. Aksariyat Yevropa chempionatlarida yangi mavsum boshlanganiga qaramay, nafaqat Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya va Fransiya jamoalariga, balki RPL klublariga ham mos keladigan futbolchilar ko‘p. Biz hali ham bozorda mavjud bo‘lgan qimmatbaho aktivlar haqida gapiramiz.
Andrea Belotti, so‘nggi klubi: "Torino"
Transfermarkt talqini bo‘yicha eng qimmat erkin agent (20 mln yevro). 28 yoshli hujumchi "Torino"da 7 yil o‘ynadi va shu vaqt ichida 251 o‘yinda 113 ta gol urdi va 28 ta golli uzatmani amalga oshirdi. 2021/2022 yilgi mavsumda italiyalik 22 o‘yinda bor-yo‘g‘i 8 ta gol urdi.
Katta ehtimol bilan Belotti "Roma"ga o‘tadi, kelishuv yakuniy bosqichda. Insayder Nikola Skiraning xabar berishicha, hujumchi yiliga 3 million yevro maosh bilan 2025 yilgacha shartnoma imzolaydi. Eslatib o‘tamiz, italiyalikga “Nissa”, “Monako” va “Galatasaroy” yaxshiroq takliflar bildirgan.
Adnan Yanuzay, so‘nggi klubi: “Real Sosyedad”
Belgiyalikning San-Sebastyandagi besh yillik faoliyati yakuniga yetdi. Yanuzay "Real Sosyedad" safida 168 ta o‘yinda maydonga tushib, 23 ta gol urdi va 21 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Bir paytlar sayyoramizning eng istiqbolli futbolchilaridan biri bo‘lgan, 27 yoshida u o‘z imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarmagan va endi u AQSH yoki Qatarga ketadigan ko‘rinadi. AS xabariga ko‘ra, belgiyalik futbolchiga "Los-Anjeles Gelaksi" qiziqish bildirmoqda. Oldinroq nashr Yanuzayga "Vest Xem" va "Everton" ham e’tibor qaratgani haqida xabar bergandi.
Marselo, so‘nggi klubi: “Real Madrid”
"Real Madrid" afsonasi va Chempionlar ligasining besh karra g‘olibi "Nissa"ga o‘tishi mumkin. Bu haqda italiyalik insayder Nikolo Skira xabar bermoqda. Shartnoma muddati bo‘yicha muzokaralar tafsilotlari yo‘q, ammo so‘nggi mavsumlarda himoyachining jarohati
yuqori bo‘lganini hisobga olsak, shartnoma qisqa muddatli bo‘lishi mumkin.
Edinson Kavani, so‘nggi klubi: "Manchester Yunayted"
Kavani 35 yoshda, lekin u ham faoliyati yakunlamadi. Hujumchida hali ham futbol o‘ynash uchun motivasiya bor va u buni Ispaniyada qilishni xohlaydi. U yerda unga bir qancha klublar qiziqish bildirmoqda: "Vilyarreal", "Valensiya", "Real Sosyedad". Ammo urugvaylik Marselo kabi jarohatlarga ham moyil: 2021/2022 yilgi mavsumda u jarohatlar tufayli jami 115 kunni maydondan tashqarida o‘tkazdi.
Xuan Mata, so‘nggi klubi: "Manchester Yunayted"
34 yoshli ispaniyalik futbolchi ikki yilni “Manchester Yunayted” zaxirasida o‘tkazdi. Mata shunchalik kam maydonga tushdiki, futbol olamida uni unutib qo‘yishdi. "Yunayted"ning hujumkor o‘yinchilari ko‘pligi tufayli u soyaga tushib qoldi va 2021/2022 yilgi mavsumda barcha musobaqalarda bor-yo‘g‘i 12 ta o‘yin o‘tkazdi (409 daqiqa). "Manchester Yunayted"da sakkiz yil davomida Mata klub uchun 285 o‘yin o‘tkazdi, 51 gol urdi, 47 golli uzatmani amalga oshirdi va to‘rtta sovrinni qo‘lga kiritdi (Evropa ligasi, Angliya Liga kubogi, Angliya kubogi va Angliya Superkubogi).
Villian, oxirgi klubi: “Korintians”
Ikki hafta oldin “Anji”ning sobiq futbolchisi Braziliya klubi bilan shartnomani bekor qildi va muhim bayonot bilan chiqdi: “Men shartnomam bo‘yicha olishim kerak bo‘lgan hamma narsadan bosh tortaman. Bilaman, o‘yinim men kutgandek bo‘lmadi, lekin men hech qachon bir mavsumda 20 yoki 30 ta gol uradigan futbolchi bo‘lmaganman”. Villian o‘yinda muammolarga duch keldi: bir yil ichida u 45 o‘yin o‘tkazdi va faqat bitta gol va oltita golli uzatmani amalga oshirdi. O‘rtacha hisobda vinger har bir uchrashuvda 61 daqiqa o‘ynadi, bu unchalik kam emas.
Braziliyalik futbolchi "Fulxem" jamoasiga qo‘shilishi kutilmoqda. Londonliklar Manor Solyomon va Garri Uilsonning jarohati tufayli Villian variantini ko‘rib chiqmoqda.
Diyego Kosta, oxirgi klubi: “Atletiko Mineyro”
Agar Diyego Kosta 2021 yil yanvar oyidan beri qayerda yo‘qolganini bilmasangiz, mana bu javob. “Atletiko”ni tark etgach, u yetti yarim oy davomida yangi jamoa qidirdi va keyin “Atletiko Mineyro” bilan shartnoma imzoladi. U yerda hujumchi besh oy qolib, Braziliya chempioni va mamlakat kubogi sohibiga aylandi, shuningdek, 15 uchrashuvda beshta gol urdi. 2022 yilning yanvar oyidan beri Kosta erkin agent bo‘lib, "Rayo Valyekano"ga o‘tish arafasida, u yerda u "Atletiko" va "Chelsi"da birga o‘ynagan Radamel Falkao bilan yana birlashadi.
Aaron Lennon, so‘nggi klubi: "Byornli"
"Tottenxem" afsonasini eslaysizmi? 35 yoshli vinger London klubi safida 364 ta o‘yinda maydonga tushdi, ammo so‘nggi mavsumlarni "Byornli" va "Kayserispor"da ijarada o‘tkazdi. Lennon o‘tgan mavsumda Premyer-ligada 28 ta o‘yinda ikkita gol urdi. Angliyalik kelasi klubi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q, ammo uning Turkiyaga ketishini ham inkor etmaslik kerak.
Jeyson Denayer, so‘nggi klubi: "Lion"
Denayer 2018 yildan beri "Lion"da o‘ynab kelmoqda. U fransuz klubi safida 139 ta o‘yin o‘tkazdi, ammo bu mavsumda u jamoa kerak bo‘lmadi. Bir oy oldin jurnalist Janluka Di Marsio himoyachining "Torino" bilan shartnoma imzolashga yaqin turgani, ammo bu hali amalga oshmagani haqida xabar bergandi. Bir narsa ma’lum - 27 yoshli himoyachi Belgiya terma jamoasi tarkibida Qatarda bo‘lib o‘tadigan JCH-2022ga borish uchun yetarlicha o‘yin vaqtini olish niyatida.