Kirish Ro'yxatdan o'tish
30/12 00:45 Roma 3-1 Jenoa
31/12 00:30 Byornli 1-3 Nyukasl
31/12 00:30 Chelsi 2-2 Bornmut
31/12 00:30 Nottingem Forest 0-2 Everton
31/12 00:30 Vest Xem 2-2 Brayton
31/12 01:15 Arsenal 4-1 Aston Villa
31/12 01:15 Man. Yunayted 1-1 Vulverhempton

Muhammad Kamara: «Monako» - men uchun eng yaxshi tanlov»

Muhammad Kamara: «Monako» - men uchun eng yaxshi tanlov»

Baho:
+ | -

Asosan yoshlardan iborat «RB Zalsburg» avvalgi mavsum CHLda barchani birdek hayratlantirdi. Ayniqsa, Muhammad Kamara jamoani boshqarish qobiliyati bilan ko‘zga tashlandi

Mana, u endi Avstriya ligasidan Fransiya chempionatiga ko‘chib o‘tdi. Mali milliy jamoasi yarim himoyachisi «Monako» futbolchisi sifatida ommaga rasman tanishtirilgach,  jurnalistlar bilan suhbat jarayonida knyazlik klubida kelajagini qanday ko‘rayotgani haqida batafsil to‘xtaldi. Ekspertlar Kamarani g‘alaba yo‘lida oxirigacha kurashishdan qayt­maydigan jangchi sifatida ta’riflashmoqda. Taxmin qilinishicha, malilik futbolchi ayni payt ishlari uncha yurishmayotgan «Monako»ga katta naf keltirish salohiyatiga ega.

- Aytingchi, «Monako»ga qanday kelib qoldingiz?

- Filipp Kleman bilan bir necha marta telefon orqali gaplashdik, u klub loyihasi va jamoada menga topshiriladigan rolni qanday ko‘rayotganini batafsil tushuntirdi. O‘ylaymanki, hozirgi holatda «Monako» men uchun eng yaxshi tanlov bo‘ldi. Har holda, endi qulay sharoitlarda yanada o‘sish imkoniyatiga egaman. Klub infratuzilmasi darhaqiqat, juda zo‘r. Hammasi eng yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan, muvaffaqiyatga erishish uchun zarur sharoitlar mavjud! Qisqasi, «Monako» taklifidan yuz o‘girishim imkonsiz edi. Axir gap Fransiya chempionatining eng buyuk klublaridan biri haqida ketyapti.

- Xo‘sh, «Monako»ga aynan nima bera olasiz?

- Avvalo shuni aytmoqchimanki, jamoa hammasidan ustun. Shunday ekan, har bir mashg‘ulot va o‘yinda bor kuchimni sarflashim kerak. Bundan nima chiqishini esa vaqt ko‘rsatadi. Aytganimdek, bu yerda yuqori saviyada ishlab, taraqqiyotga intilish uchun barcha sharoitlar mujassam. Bilishimcha, jamoaning o‘zi ham joriy mavsum ancha raqobatbardosh holga kelgan va bu barchamizga qo‘shimcha motivasiya bag‘ishlashi turgan gap. Umuman, oldindan gapirishni yoqtirmayman, barchasini maydondagi harakatlarim orqali ifodalashni afzal ko‘raman. Qolaversa, harakatlarimga baho berishni murabbiylar va muxlislarga qo‘yib berishim maqsadga muvofiq. Faqat shuni ayta olamanki, klubga imkon qadar ko‘proq naf keltirish niyatidaman.

- Taklifni qabul qilishdan oldin kim bilandir maslahatlashdingizmi?

- Amari Traore («Renn» klubi va Mali terma jamoasi sardori)ga xuddi akamdek qarayman. Aynan unga qo‘ng‘iroq qilib, Liga 1 haqida so‘raganimda, chempio­nat o‘yinlari yakkakurashlarga boyligini, shuning barobarida texnika nuqtai nazaridan ham saviya chakki emasligini ta’kidladi. Xullas, Amari barcha shubhalarimni bir chetga surib tashladi va Fransiya chempionatiga bemalol ko‘chib o‘tishim haqida maslahat berdi. Yana Liga 1da muvaffaqiyat qozonish uchun imkoniyatim zo‘rligini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, Takumi Minamino bilan ham gaplashdim, u bilan «RB Zalsburg»da birga o‘ynaganmiz. Shu ikkisi meni «Monako» to‘g‘ri tanlov ekanligiga ishontirdi.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:30, 12.09.2022.
O'qildi: 613 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.