Bir necha kun oldin Rossiya Federasiyasining Anapa shahrida yoshlar o‘rtasida xalqaro toifadagi sport ustasi Nikolay Pavlyukov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir o‘tkazildi.
Ushbu musobaqada Olim Muhamedov boshchiligidagi O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi ham ishtirok etdi. Vakillarimiz musobaqadan umumiy hisobda 11 ta medal qo‘lga kiritib qaytishdi.
O‘zbekiston boks federasiyasi matbuot xizmati ushbu musobaqa yakuni bo‘yicha Olim Muhamedovning fikrlari bilan qiziqdi.
"Anapa mezbonlik qilgan musobaqada 14 nafar bokschi bilan ishtirok etdik. Bahslarda jahonning 19 ta mamlakatidan yosh bokschilar qatnashishdi. O‘z navbatida biz ham terma jamoamiz a’zolarining imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazib oldik. Musobaqa yakuniga ko‘ra, 11 ta medal - 3 ta oltin, 3 ta kumush va 5 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdik.
- Bunday musobaqalarda odatda natija eng asosiy maqsad bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsada, musobaqadagi hakamlik haqida qanday fikrdasiz?
- Darhaqiqat, musobaqadan asosiy maqsad natija emas, balki bokschilarimizning bugungi kundagi holatini ko‘rib olishdan iborat edi. Shuning uchun, hakamlar haqida ko‘p gapirmoqchi emasman. Lekin shuni aytishni istardimki, saralash bahslari doirasida bir qator bokschilarimiz jangda mutloq ustunlik bilan g‘alaba qozongan joyida, mezbon bokschining qo‘lini yuqori ko‘tarishdi. Ammo biz jang natijasi yuzasidan e’tiroz bildirdik. Bahs qayta ko‘rib chiqildi va yakunda adolat qaror topib, bokschilarimiz keyingi bosqichga yo‘l olishdi. Bu musobaqalar vaqtida kuzatilib turadigan holat.
- Noyabr oyida Ispaniyada yoshlar o‘rtasida jahon chempionati o‘tkaziladi. Ushbu musobaqaga tayyorgarlik qanday ketmoqda?
- Ha, 14-26 noyabr kunlari Ispaniyaning La Nusiya shahri yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Bizning yosh toifasi uchun yilning eng asosiy musobaqasi hisoblanadi. Ayni paytda jahon chempionatiga tayyorgarlik qizg‘in davom etmoqda. Noyabr oyiga qadar yigitlarni maksimal ravishda formaga olib kiramiz. Ungacha Andijonda o‘tkaziladigan V.A.Zolotaryov xalqaro xotira turnirida ham qatnashamiz.
- Jahon chempionatida qatnashadigan tarkibni aniqlab oldingizmi?
- Hozircha jahon chempionatiga boradigan yakuniy tarkibimiz aniq emas. Noyabr oyiga qadar hali vaqtimiz bor va o‘sha paytga kelib kim terma jamoaga munosib bo‘lsa, o‘sha bokschi Ispaniyaga boradi. Aytib o‘tganimdek, Andijonda o‘tkaziladigan xalqaro musobaqada ham yigitlarimiz qatnashishadi va mazkur musobaqadagi ishtirok murabbiylar shtabi uchun hulosa qilishda katta ahamiyatga ega bo‘ladi.