Bilasiz, "Napoli"ning Diyego Maradona bilan alohida uyg‘unligi bor - stadion uning nomi bilan atalgan, yodgorliklar ochilgan, uning sharafiga formalar chiqarilgan, ammo endi klub argentinalik timsolidan tijorat maqsadida foydalana olmaydi. Buning sabablari bor.
Futbolchining merosxo‘rlari sud orqali klubga taqiq e’lon qilishdi. Eslatib o‘tamiz: o‘tgan mavsumda "Napoli" va Djordjo Armani EA7 brendi shu qadar yaqin hamkorlik qilganki, ular 10 dan ortiq to‘plamlarni chiqarishgan edi. Ular orasida Maradona vafotining bir yilligiga bag‘ishlangan maxsus to‘plamlar ham bor. Noyob shakl uchta rangda va cheklangan nashrda chiqarildi. “Napoli” 2021 yilning noyabr oyini ushbu dizaynning turli xil variantlarida o‘tkazdi.
Futbolkalarda Diyegoning yuzi barmoq izi shaklidagi qolipga biriktirilgan. Ma’nosi - jamoaning har bir muxlisi genida Diyego merosi mavjud. Ular "Verona"ga qarshi o‘yinda bu formada debyut qilishdi. Bu “Inter”ga qarshi bahsda ham davom etdi. Xotira marafonini “Lasio”ga qarshi o‘yin bilan yakunladilar. Jamoa bu bilan to‘xtab qolmadi - 2022 yil mart oyida qizil versiyali forma ham chiqarildi.
Xo‘sh, muammo nimada?
"Napoli" futbolchilarning huquqlari haqida qayg‘urmadi - klub Maradona bilan uning o‘limidan bir necha oy oldin shartnoma imzolagan biznesmen Stefano Chechi bilan kelishib oldi. U rasmni sotishdan olingan foydaning 50 foiziga egalik qilish huquqiga ega edi. To‘g‘ri, Chechi "Napoli" bilan atigi 22 500 yevro evaziga shartnoma tuzdi. Keyinchalik klub olti mingta futbolka sotilishidan 900 ming yevro ishlab oldi.
Maradonalar oilasi o‘tgan yilgi xotira futbolkalarini qadrlamagan. Afsonaning bolalariga hech kim ular bilan bog‘lanmagani yoqmadi va Chechi huquqlarni juda arzon narxga sotdi.
"Otam sharafiga futbolka chiqishi - bu g‘ururdir, ammo "Napoli"ning e’tiborsizligidan hafsalam pir bo‘ldi", - deydi Diyego Armando Maradonaning o‘g‘li. “Biz, qonuniy merosxo‘rlarmiz va bu harakatdan chetda qoldirildik, hech qachon bu tarzdagi o‘zboshimchalikka rozi bo‘lmaganmiz. Shartnomani otamning menejeri Stefano Chechi imzolagan. Bunday ruxsatnomani faqat biz, merosxo‘rlar imzolashimiz mumkin”.
Oila sudda klubdan 450 ming yevro talab qildi - bu klub futbolkalarda ishlab topgan 900 mingning yarmi deganidir. Neapol sudi yakunda Maradonaning merosxo‘rlari manfaatlariga zarar yetkazgan qarori uchun Chechidan 150 ming yevro undirdi. Endi Chechi imidj huquqlari bo‘yicha kelishuvga erishishdan oldin futbolchining oilasi roziligini olishi kerak bo‘ladi.
"Napoli" ham bundan jabr ko‘rdi va barcha mahsulotlarda Maradona suratidan foydalanishi taqiqlandi. O‘tgan yilgi kolleksiyalar allaqachon sotilgan, ammo klub bu mavsumda ham Diyego surati tushirilgan libos kiyishni xohlashini e’lon qilgan edi. Ko‘rinishidan, endi rejalardan voz kechish kerak.
Yoki neapolliklar argentinalikning oilasi bilan kelishib bir qarorga kelishiga to‘g‘ri keladi. Chunki afsonaning surati allaqachon o‘tgan yili klub avtobusiga tushirib bo‘lingan.