Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

"Neftchi" ustozi: "Ahvol o‘nglanib bormoqda"

"Neftchi" ustozi: "Ahvol o‘nglanib bormoqda"

Baho:
+ | -

Qisqa muddatli tanaffusdan so‘ng bugun Superliganing 20-tur bahslariga start berildi. "Neftchi" mazkur tur doirasidagi "Lokomotiv" bilan uchrashuvni 3 oktyabr kuni Toshkentda o‘tkazadi. Fursatdan foydalanib safar oldidan "Neftchi" klub matbuot xizmati jamoa bosh murabbiyi Vitaliy Levchenko bilan suhbat uyushtirdi.

—O‘zbekiston futboli haqida ilk taassurotlaringizni aytib o‘tsangiz.

—Taassurotlarim ijobiy desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Mamlayeatingizdagi chempionat saviyasi ancha yuqori ekanligiga guvoh bo‘ldim, chunki, birinchilik uchun raqobatlashadigan bir qancha jamoalar mavjud. Shuning uchun ham oldindan o‘yinda qanday natija qayd etilishini bashorat qilish qiyin. Shu jihati bilan ham chempionat qiziqarli tus olgan. Turnir jadvaliga e’tibor bersangiz, peshqadamlar orasida va autsayderlar orasidagi ochkolar sonidagi tafovut ham deyarli katta emas. Shuni inobatga olsak, har bir uchrashuvda qo‘lga kiritilgan g‘alaba yoki mag‘lubiyat jamoaning turnir jadvalidagi egallab turgan o‘rniga sezilarli ta’sir qiladi. Yana bir ijobiy jihati, yurtingizda yaxshi infratuzilma va ko‘plab yaxshi stadionlar borligini aytib o‘tmoqchiman. O‘zPFLning bu borada olib borayotgan keng ko‘lamli faoliyatini faqat ijobiy baholayman. Muxlislarimizni ham alohida e’tirof etgan bo‘lardim. Xursand bo‘lganim, ular jamoa taqdiriga befarq bo‘lmay, uzoq yoki yaqin masofani bosib o‘tib, shu bilan birga o‘yinda qanday natija qayd etilishidan qat’iy nazar, o‘z jamoalarini doimiy ravishda qizg‘in qo‘llab turishlariga tasanno va rahmatlar aytmoqchiman.

—Siz boshchiligingizda jamoamiz 6ta o‘yin o‘tkazishga ulgurdi. Nima deb o‘ylaysiz, qo‘lga kiritilgan natijalardan qoniqish hosil qildingizmi?

—Bu qisqa davr mobaynida jamoada hamjihatlik va klub oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarga oydinlik kiritib oldik. Jamoaga kelganimdan beri ijobiy o‘zgarishlarga erishdik, deb o‘ylayman. Chunki, turnir jadvalida asta-sekinlik bilan yuqorilab borayapmiz. Lekin, ta’kidlab o‘tmoqchiman, oldinda hali qilinadigan ishlar talaygina. Ko‘p narsalar ustida ishlashimiz va belgilangan maqsadlar sari intilishimiz darkor.

—Futbolchilarning bugungi potensiali va holatiga qanday baho berasiz?

—Jamoaga kelganimda futbolchilarning ruhiyati qay darajada ekanligini ko‘rib, barchasini ijobiy tomonga o‘zgartirish harakatini boshladik. Masalan, maydonga chiqishayotganda o‘zlariga bo‘lgan ishonchni oshirib, autsayder emas, balki favorit sifatida o‘zlarini his kilib, g‘alaba qozonishga intilishlari kerak. Bu mavzuda doimiy ravishda yigitlar bilan aloqada bo‘lib, ularga kerakli tushuncha va ko‘rsatmalarni berishda davom etayapmiz.

—Jamoaning omadli yurish sirlari yana nimadan iborat?

—Jamoaga kelib birinchi qilgan ishimiz, bu futbolchilarning jismoniy va taktik holatidan tashqari, ruhiyatlarini o‘zgartirishga e’tibor qaratdik. Bu urinishlarimiz o‘z ifodasini topmoqda. Jamoa ochkolarni ko‘paytirish bilan birga turnir jadvalidagi mavqeini biroz yaxshilab oldi. Oldinda esa qilinadigan ishlarimiz ko‘p va biz bunga intilishda davom etamiz.

—Keyingi 2ta uchrashuvimiz safarda bo‘lib o‘tadi. Shu hususda fikr bildirib o‘tsangiz.

—Keyingi turda "Lokomotiv" ga qarshi bahs o‘tkazamiz. Raqibimizda yaqinda bir qator o‘zgarishlar bo‘lib o‘tdi. Jamoani bir nechta tajribali o‘yinchilar tark etganligiga qaramay, yosh va iqtidorli ijrochilar klubda o‘z mahoratlarini namoyon etib kelmoqda. Murabbiylarimiz raqib jamoa o‘yinlarini ko‘rib va o‘rganib chiqishdi. Kuchli jihatlarini inobatga olib, ushbu uchrashuvga jiddiy hozirlik ko‘rmoqdamiz. Keyingi raqibimiz "Olimpik" klubi mamlakat Olimpiya terma jamoasi negizida shakllangan jamoada yosh, iqtidorli va mahoratli futbolchilar jamlangan. Shuning uchun, safarda bo‘lib o‘tadigan har ikkala o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimiz va maksimal darajada ochkolar to‘plashimiz kerak.

—Bo‘lajak o‘yinlar oldidan jamoa a’zolarining jismoniy holatiga qanday baho berasiz?

—Yuzaga kelgan qisqa tanaffus mobaynida ishlab chiqilgan rejamizga muvofiq 2ta o‘rtoqlik uchrashuvida qatnashdik va bu o‘yinlarda ishtirok etgan futbolchilarimizga kerakli yuklamalarni berishga harakat qildik. Murabbiylar shtabi tayyorgarlik jarayonida amalga oshirilgan barcha jismoniy yuklamalarni nazoratga olishgan va bizning rejamizga ko‘ra,keyingi tur bahslariga jamoa a’zolari jismoniy tomondan muammolarga duch kelmasligiga ishonch bildiramiz.

—Farg‘onaning asosiy stadioni "Istiqlol"da ham bo‘ldingizmi?

—Ha albatta,"Istiqlol" stadionini bir necha marta ko‘rdim.O‘yingoh menga juda yoqdi.Zamonaviy va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan sport majmuasi ekan.Maydon maysasi ham yangilanib,sifatli ko‘rinish olganini ta’kidlab o‘tmoqchiman,—dedi suhbat yakunida bosh murabbiy.

Manba: "Нефтчи" матбуот хизмати
Kiritildi: 21:27, 29.09.2022.
O'qildi: 1492 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.