O‘tgan yilning noyabrida Buyuk Britaniyaning sobiq sport vaziri Treysi Krauch rahbarligidagi futbol muxlislari guruhi mamlakatdagi futbol hayoti bo‘yicha tadqiqot o‘tkazib, yakunda Premyer-liga va butun futbol tizimi nazoratini davlat ixtiyoriga berishni tavsiya etgandi.
Hozir ana shu sa’y-harakatlar islohotga olib keldi: APL klublari New Deal For Football (futbol uchun yangi kelishuv) nomli keng ko‘lamdagi islohot loyihasini tayyorlash bilan bandlar. O‘tgan chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan klub rahbarlari yig‘ilishida kelishuv parametrlari belgilab olindi.
Top-klublar taqvimni yengillatish tarafdorlari. Ichki kubok musobaqalari qisqartiriladi
Yozda APL klublari yangi islohotni qo‘llab-quvvatlashlarini, lekin talablari ham borligini bayon etishgandi: ular turli turnirlarga to‘lib ketgan taqvimni yengillatish tarafdorilar.
. Birinchidan, Angliya Kubogi turniridagi qayta o‘yinlardan voz kechish taklif etildi. To‘g‘ri, so‘nggi ikki mavsumda takroriy uchrashuvlar koronavirus oqibatlari va taqvim tig‘izligiga qarshi chora sifatida o‘tkazilmadi.
Joriy mavsumda qayta o‘yinlarning uchinchi va to‘rtinchi raundlarini (aynan shu bosqichda Chempionship va APL vakillari kurashga kirishadilar) qaytarish mo‘ljallangandi. Biroq bu oson emas. Qirolichaning vafoti tufayli juda ko‘p o‘yinlar kechiktirildi.
Endi klublar Angliya Kubogining APL jamoalari ishtirokidagi uchrashuvlarni qayta o‘yinlarsiz o‘tkazish muhokama qilinmoqda. 5-raunddan boshlab o‘yin taqdiri qo‘shimcha vaqt va penaltilar seriyasida hal etiladi.
To‘g‘ri, bu taklifni FA ma’qullashi lozim. Qayta o‘yinlardan voz kechishning asosiy afzalligi - APL vakiliga qarshi maydonga tushadigan kamtarin jamoa uchun yaxshi imkoniyat va safar uchrashuvida durangga erishgan taqdirda kattagina mablag‘ sohibiga aylanish.
Agar klublar qayta o‘yinlarni bekor qilishni istamasalar, bu 2024G‘25 yillar mavsumidan keyin ro‘y beradi.
. Ikkinchi taklif - Liga Kubogi islohoti. Undan voz kechish rejasi yo‘q, lekin formati o‘zgarishi mumkin. Masalan, yevrokubok musobaqalari ishtirokchilari Liga Kubogini o‘tkazib yuboradilar yoki unga U-21 tarkibini yuboradilar. Ikki yil muqaddam klublar o‘rtasidagi JCHga yo‘l olgan «Liverpul» shu usulni qo‘llagandi.
Bu - anchayin dolzarb masala. Liga Kubogi musobaqasining asosiy qismi kuz-qish davriga, yevrokubok turnirlarining guruh bosqichi davriga to‘g‘ri keladi. 2024 yildan boshlab YECHLda guruh bosqichi uchrashuvlari ko‘payadi. Shunday bo‘lsa, taqvimda ikkinchi ichki kubok turniri uchun vaqt qolmaydi.
Darvoqe, joriy mavsumda EFL (Angliya futbol ligasi - Liga Kubogi ta’sischisi) ikki uchrashuvli yarim finallarni tikladi - bu ko‘pchilikka ma’qul bo‘lmadi.
Evaziga - quyi ligalar uchun mablag‘ va MFP
Birinchi navbatda APLdan daromadlarni futbol piramidasining barcha a’zolari bilan baham ko‘rishni talab qilishmoqda. Times xabariga ko‘ra, EFL APLdan quyi divizionlarga ajratayotgan mablag‘ni 250 mln. funtga oshirishni so‘ramoqda.
Avvalroq berilgan ma’lumotga ko‘ra, Chempionshipda APLdan olingan mablag‘ jamoalarning turnir jadvalidagi yakuniy natijasiga qarab taqsimlanadi. Bundan tashqari, elitani tark etgan omadsiz jamoalarga beriladigan to‘lovlar miqdori kamaytiriladi.
Yana bir innovasiya - APLdan Chempionship va quyi ligalar uchun ajratadigan maxsus grantlari. Ular infratuzilma ravnaqi uchun sarflanadi: masalan, stadionlar va mashg‘ulot bazalarini bunyod etish, ta’mirlash ishlariga.
APLda xususiy MFP (moliyaviy «feyr-pley») tizimi joriy etiladi. Klublarga ish haqi, transferlar va agentlik to‘lovlari uchun yillik umumiy oborotning 70 foizidan ortiq mablag‘ sarflash taqiqlanadi. UYEFA tavsiyalari va Yevropaning MFP yangi varianti shuni taqozo etadi.
APL mutasaddilarining fikricha, modomiki, mazkur qoidaga rioya qilish yevrokubok musobaqalari ishtirokchilari uchun majburiy bo‘lsa, qolgan jamoalar ham buni bajarishlari lozim. Yangi qoida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi: 2023 yilda mablag‘ aylanmasining 90 foizi, 2024da 80 va 2025 yildan boshlab 70 foiz.
APL klublari mazkur qoida futbol piramidasining barcha divizionlariga tarqalishini istaydilar. Bu esa tizimni sog‘lomlashtiradi. Chempionshipning ayrim jamoalari bir yilda daromaddan ko‘proq xarajatlarni amalga oshirmoqdalar.
New Deal For Football bo‘yicha qarorni shu haftada kutishda ma’no yo‘q. Timesdagilar fikricha, klublar yangi bosh vazir Liz Trass munosabati va futbolga davlat nazorati siyosatini qay darajada boshqarishini sinchiklab kuzatishni istaydilar.
D.ALIMOV tayyorladi