Nihoyat, kino olami ham taniqli futbol afsonasi bilan hamkorlikda ijod qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi - sentyabrning so‘nggi yakshanbasida Zlatan Ibragimovichning kinodagi debyuti tasdiqlandi.
Zlatan 5-marta ekranlashtirilayotgan «Asteriks va Obeliks: Oraliq saltanati» filmida ishtirok etadi. Galliyalik Asteriks va Obeliksning bu galgi sarguzashtlari Xitoyda bo‘lib o‘tadi. Voqealar davlat to‘ntarishidan keyin Galliyaga qochib ketgan imperatorning qizi atrofida yuz beradi. Qiz Ateriks va Obeliksdan bosqinchilar egallab olgan tojni qaytarib olib berishni iltimos qiladi, qahramonlar rozi bo‘ladilar.
Darvoqe, Xitoy hududida tasvirga olish ruxsatnomasiga oid jarayonga Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bosh-qosh bo‘lgan.
Zlatan kartinada Kay Antivirus ismli Rim legioneri rolini ijro etadi.
Sportchilarni taklif etish - galliyalik harbiylar haqidagi voqealarni yorituvchi ijodkorlar uchun odatiy yumush. Asteriks va Obeliks haqidagi filmlarda Mixael Shumaxer, Ameli Moresmo, Toni Parker va hatto Zayniddin Zidan ham ishtirok etishgan. Endi ularning safiga Zlatan qo‘shildi.
Loyihaning byudjeti nisbatan ancha ulkan - 72 mln. dollar. Prodyuser Alen Attal buning sababini loyihaning keng ko‘lamligi bilan izohladi: «Biz 2000 yil avvalgi voqealarni aks ettirishni rejalashtirganmiz. Buning uchun o‘sha davrga xos liboslarni tayyorlashimiz, ko‘hna qishloqni bunyod etishimiz, ko‘p sonli ishtirokidagi katta janglarni tashkil etishimiz, ularning tomoshabopligini ta’minlash uchun nomdor aktyorlarni jalb etishimiz talab etiladi».
Kartina premyerasi 2023 yilning 1 fevraliga mo‘ljallangan.
Ibra MLSdan keyin aktyor bo‘lishni istagandi
Kinodagi faoliyat xususida Ibragimovich ancha avvalroq o‘ylab qo‘ygandi: «Uzoq yillar davomida aktyor bo‘la olishimni his etganman. Kamera qarshisida men asl holatimni namoyish etaman».
Hujumchining shou-biznesga bo‘lgan qiziqishi MLSning «Los-Anjeles Gelaksi» klubidagi 1,5 yillik faoliyati davomida yanada oshgandi. O‘shanda «MYU»dan kelgan shvesiyalik afsona o‘z hissiyotini ifoda etish uchun «Los-Anjeles Tayms»ning 1 sahifasini sotib olgandi: «Qadrdon Los-Anjeles, seni hech narsaga alishmayman».
Ummon ortida Zlatan reklamada tasvirga tushdi, turli tok,shoularda mehmon bo‘ldi va albatta, ajoyib gollar urdi. Lekin har qaysi intervyusida o‘zini kinoda sinab ko‘rish niyatini ta’kidlardi: «Men uchun kimning - yaxshi yoki yomon yigit rolini o‘ynash muhim emas. Men xuddi xameleondek hamma narsaga moslasha olaman. Kino olamidan takliflar yetarli, ammo rad etmasligim uchun, taklif arziydigan bo‘lishi kerak», - degandi Ibra 2018 yilda.
Aynan shu pallada risoladagidek variant paydo bo‘ldi. Avvalroq tomoshabinlar hukmiga havola etilgan «Asteriks Olimpiya O‘yinlarida» va «Asteriks va Obeliks Britaniyada» filmlari namoyishidan olingan daromad kutilganidan ancha pastroq bo‘lgach, ijodkorlar aktyorlar tanlash masalasiga o‘zgacha yondashishga qaror qildilar. Natijada Obeliks rolini ijro etgan Jerar Depardye o‘rniga yangi kartinada Jil Lelush taklif etildi. Giyom Kanega rejissyorlik pulti va Asteriks roli topshirildi.
Zlatanning personaji ekranda ko‘p vaqtni egallashiga kafolat yo‘q. Lekin unga bo‘lgan qiziqish ikkinchi darajali rolnikiga nisbatan ancha yuqori. Ibraning o‘zi ham buni yashirmayapti: «menga ko‘proq asosiy rol , Rembo yoki Jeyson Bornga o‘xshagan rol mos kelardi, deb o‘ylayman. Chunki menda shunga yarasha qobiliyat bor. O‘z aksentim bilan yomon yigit rolini o‘ynay olishimni aytishdi. Biroq men yanada ko‘prog‘iga qodirman».
«Biz uni Jan-Klod Van Damm bilan taqqoslagandik. Zlatan yaxshiroq edi»
Ibra o‘zgacha obrazga kira olish qobiliyatini bir necha bor isbotlagan. 2018 yilning may oyida, «Los-Anjeles Gelaksi» kelganidan keyin 2 oy o‘tgach, Zlatan CBS kanalining AQSHdagi eng mashhur «Jeyms Korden bilan eng kechki shou» ko‘rsatuviga tashrif buyurgandi. Ko‘rsatuv hammuallifi bo‘lmish Yan Karmel MBA muxlisi edi. Lekin futbolga ancha befarq edi. Shunga qaramasdan, uning kreativ guruhdagi britaniyalik kasbdoshlari studiyaga o‘ta g‘ayri-tabiiy sportchi kelishiga ishontirdilar: «U bilan uchrashganingda, ko‘rganlaringga o‘zing ham ishonmay qolasan. U xuddi Dennis Rodman Allen Ayversonning o‘zginasi».
Shuningdek, Zlatan uchun 5 daqiqalik maxsus dastur tayyorlashdi. Unda shvesiyalik afsona andishasiz va takabbur bashoratchi rolini o‘ynab, Jeyms Kordenga o‘z maqsadlariga erishishi uchun Zlatan bo‘lishni maslahat bergandi.
Yanning so‘zlariga ko‘ra, 5 daqiqali rolikni tasvirga tushirish jarayoniga 45 daqiqa vaqt sarflangan. Rolni talab darajasida ijro etish uchun Ibra boshqa sportchilarga nisbatan ancha tez moslashib olgan ekan.
«Zlatan o‘z rolini qoyilmaqom darajada o‘ynadi. Uning mahrati professional aktyornikidan kam emasdi. Biz o‘zimizcha uni Jan-Klod Van Damm bilan taqqosladik. Unda Zlatan ustun chiqdi», - degandi Karmel Ibragimovichning aktyorlik qobiliyatiga yuksak baho berar ekan.
MUHAMMADSODIQ tayyorladi