Yevrofutbolda tendensiyalar o‘zgarib turishi hech kimga sir emas. Shundayin, turli jamoalarda ishlayotgan bosh murabbiylarning ham uslublari turlicha. Bugun e’tiboringizga APL tarixida o‘rtacha ko‘rsatkichi eng yaxshi bo‘lgan murabbiylarning kuchli o‘ntaligini havola etmoqchimiz. Quyida shu haqida bayon etiladi.
10. Mikel Arteta ("Arsenal") – 1,8 ochko/o‘yin
Mikel Arteta jamoasi namoyish etayotgan mahsuldorlik tahsinga sazovar. "Arsenal" esa shunga yarasha APLda yetakchilik qilmoqda. Ko‘pchilik bu jamoani chempionlikka da’vogarlar qatorida ikkinchi o‘ringa qo‘ymoqda. Arteta o‘z jamoasi bilan barcha o‘yinlarda o‘rtacha 1,8 ochkodan jamg‘arishga erishgan.
9. Karlo Anchelotti ("Chelsi" va "Everton") – 1,84 ochko/o‘yin
Italiyalik mutaxassis Yevropada, kuchli beshlik chempionatlarida zafar quchgan yagon shaxs sanaladi. Anchelottining "Real" bilan amalga oshirayotgan ishlariga qoyil qolmasdan iloj yo‘q, albatta. Ammo u APLda ancha kamtarona bo‘lgan. Ayniqsa, "Everton"da ishlaganida.
8. Tomas Tuxel ("Chelsi") – 1,94 ochko/o‘yin
Yaxshi natija, ammo alaloqibat "Chelsi" uchun hammasi ham ijobiy tugamadi. Chunki Tuxel kutilmaganda, sentyabr oyida ishdan olingan edi. Ha, o‘sha paytda hamma "Chelsi"ga achindi. Ammo jamoa u ketgach, nisbatan yaxshilana oldi.
7. Arsen Venger ("Arsenal") – 1,96 ochko/o‘yin
Venger mavsumni mag‘lubiyatsiz yakunlaganida bir o‘yinda o‘rtacha 2,37 ochko jamg‘arishga erishgandi. Ammo "Arsenal"dan ketish mavsumida bu ko‘rsatkich 1,66 ochkogacha tushib ketdi. Shu sabab Venger hozir ushbu ro‘yxatning oldi qatorida emas.
6. Joze Mourinyo ("Chelsi", "MYU", "Tottenxem") – 2,03 ochko/o‘yin
Natijaga qaramay fikr bildirish mumkin: Jozening "Chelsi"dagi so‘nggi mavsumi juda ham yomon tugagan, "MYU" haqida ham shunday deyish mumkin. "Tottenxem"niku, aytmasa ham bo‘ladi. Ammo ta’kidlash kerakki, u "Chelsi" ajoyib jamoa qura olgandi.
5. Roberto Manchini "(Manchester Siti") – 2,05 ochko/o‘yin
U "shaharliklar" uchun ilk APL titulini yutib bergan. Yana nima xohlash mumkin? Biroq, o‘sha paytda "Manchester Siti" rahbarlari undan nihoyatda ko‘p narsani istagan. Shu sabab Manchini o‘z triumfidan bir yil o‘tgach, iste’foga chiqqan. Ammo uning ishi tarixda abadiy qoladigan bo‘ldi.
4. Antonio Konte ("Chelsi" va "Tottenxem") – 2,12 ochko/o‘yin
Kontening futbol uslubiyati unchalik ham zo‘r emasdir. Lekin adolat yuzasidan aytish kerakki, u bahslarni yutishni yaxshi biladi. Konte "Chelsi"dagi ilk mavsumidayoq APL chempionligini qo‘lga kiritgan. Ammo keyingi mavsum hammasini tugashiga sababchi bo‘ladi. Ayni damda esa italiyalikning "Tottenxem" bilan ishlari unchalik ham yomon emas.
3. Yurgen Klopp ("Liverpul") – 2,13 ochko/o‘yin
Klopp APLni qo‘lga kiritgan mavsumida uning jamoasi o‘rtacha 2,61 ochkoga ega chiqqan. O‘tgan mavsum esa bu ko‘rsatkich 2,42ni tashkil etdi. Yangi mavsumdan esa hammaning yaxshi xabari bor. Yurgen Kloppning umumiy qilgan ishlariga baribir tan bersak arziydi.
2. Ser Aleks Fergyuson ("Manchester Yunayted") – 2,16 ochko/o‘yin
Fergyuson "MYU"da 21 mavsum o‘tkazgan bo‘lsa, shundan faqat ikkitasini o‘rtacha 2 ochkodan past holda yakunlagan. Mana shu statistikaning o‘zi ham buyuk murabbiyning aql-bovar qilmas barqarorligini isbotlaydi. Fergyuson abadiy futbol tarixining eng yorqin sahifalaridan joy oladi.
1. Gvardiola ("Manchester Siti") – 2,36 ochko/o‘yin
Gvardiola 2016 yildan beri "shaharliklar"ni mutlaqo boshqa jamoaga aylantirdi. Klub darajasi oshdi va ko‘plab sovrinlar uchun da’vo qila boshladi. Bunda Pepning hissasi beqiyos ekanini hamma yaxshi biladi. Hatto, bu mavsumda ham APL va YECHL uchun eng favorit klub "Manchester Siti" bo‘lib turibdi.
ISMATOV J.