Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Ro‘ziqul Berdiyev: «O‘zbek futboli dovrug‘iga hissa qo‘shishdan chekinmaymiz»

Ro‘ziqul Berdiyev: «O‘zbek futboli dovrug‘iga hissa qo‘shishdan chekinmaymiz»

Baho:
+ | -

Superliga o‘yinlari singari kubok uchun bellashuvlar ham murosasiz kechmoqda.

Qarshi shahridagi «Markaziy» stadionda yarim final bahsi «Nasaf» va Olmaliqning AGMK jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Unda mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, finalga yo‘llanma oldilar. Maxsus muxbirimiz uchrashuvdan so‘ng «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevdan intervyu oldi.

- Ro‘ziqul Sa’dullayevich, AGMK bilan bahsdagi ishonchli g‘alaba va finalga yo‘llanma olingani bilan tabriklaymiz.

- Rahmat. Quvonchimizning cheki yo‘q. Bayramona ruh hukmron bo‘lib turibdi. O‘yindan so‘ng viloyat hokimi, viloyat futbol assosiasiyasining prezidenti Murodjon Azimov va «Nasaf» PFK prezidenti Shuhrat Aslanov hamda boshqa rasmiy doira vakillarining qutlovi ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi. Buning  uchun ularga dil tashakkurini izhor etamiz.

- «Nasaf» o‘z tarixida sakkiz marta O‘zbekiston kubogi finalida qatnashib, ikki bor billur sovrin sohibi bo‘lgan...

- Xuddi shunday. 2015 yili Jizzaxda, 2021 yili esa Samarqandda bo‘lib o‘tgan finallarda kubokni boshimiz uzra ko‘targanmiz. Nasib etsa Buxoroda o‘tkaziladigan hal qiluvchi o‘yinda ham faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz.

- 2022 yilgi kubok bahsida bosh sovrin egasi sifatida 1G‘8 finaldan o‘yinga qo‘shildingiz...

- Shunday bo‘lsada yarim finalga yetib kelish oson bo‘lmadi. Dastlab «Surxon»dan 2:0 hisobida ustun kelgan bo‘lsak, Toshkentning «Lokomotiv» klubi bilan chorak final o‘yinida kichik hisobda g‘alaba qozondik. Va bu bizga yarim final eshiklarini ochdi.

- Uch yildan buyon yarim finalda aynan AGMK bilan to‘qnash kelyapsizlar. 2020, 2021 yillarda ham maydonda murosasiz kurash kechgandi...

- Nimasini aytasiz. AGMK ham mamlakatimizdagi eng yaxshi jamoalrdan biri. Mirjalol Qosimov u yerda kuchli tarkibni shakllantirgan. 2020 yilda ular bilan yarim finalda omadimiz yurishmagan bo‘lsa, o‘tgan yili g‘alaba nashidasini surgandik.

- O‘shanda ham iqtidorli yosh himoyachi Alibek Davronov raqibni goli bilan jazolagandi...

- Darhaqiqat, Alibek bejizga mamlakatimiz Olimpiya terma jamoasiga jalb etilmagan. Shahzod Akramov, Murodbek Rahmatov ham «Nasaf»ning kelajagi. Dilshod Sai­tov o‘rniga maydonga tushgan Zafarmurod Abdurahmatovdan esa umidimiz katta.

- «Nasaf» an’anasiga muvofiq o‘yinni yaxshi boshladi. Biroq, birinchi bo‘lib gol o‘tkazdi. Aynan shu gol «Nasaf»chilarni ancha hushyor torttirganga o‘xshadi...

- Darvoqe, xato qimmatga tushishi mumkin edi. E’tiborsizlik tufayli darvozaga kiritilgan to‘pdan so‘ng ketma-ket hujumlar uyushtirdik. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan uch daqiqada sermahsul himoyachimiz G‘olib G‘aybullayevning javob to‘pi ayni muddao bo‘ldi. Tanaffusdan so‘ng hujumni kuchaytirdik. Sherzod Nasrullayev o‘rniga Sharof Muhiddinov maydonga tushdi. O‘zaro kombinasiyada Akmal Mozgovoy tomonidan jarima maydoni tomon uzatilgan to‘pni Alibek Davronov boshi bilan AGMK darvozasiga joylab qo‘ydi. Shundan so‘ng ham ko‘plab qulay vaziyatlar bo‘ldi. Hujumchi Husayn Norchayev tepgan to‘pni darvoza to‘sini oldidan o‘tib ketishi, Husniddin Aliqulov, Lima Kruz Mateus, Marko Stanoyevich, Umarbek Eshmurodovlarning ham dadil harakatlari tahsinga loyiq. So‘nggi daqiqalarda AGMK futbolchilari tomonidan uyushtirilgan xavfli hujum himoyachi va darvozabonimiz Umidjon Ergashevning hushyorligi tufayligina finalga teng o‘yinda g‘alabani ta’minlandi.

- Yarim finalda Umidjon Ergashev xizmatidan foydalanishingiz sababi nimada?

- Abdivohid Ne’matov, Umidjon Ergashev ham teng imkoniyatga ega bo‘lgan darvozabonlar sanalishadi. Biroq o‘tgan uchrashuvda Abdivohid Ne’matovning kichik xatosi tufayli darvozasiga to‘p kiritilgandi. Shuning uchun ushbu uchrashuvga Umidjon Ergashevga ishonch bildirdik.

- Finalda «Navbahor» yoki «So‘g‘diyona» bilan kuch sinashish «Nasaf» uchun qay darajada qulay? (Finalga «Navbahor» yo‘l oldi - 0:0, penaltilar bo‘yicha - 3:1 - PS)

- Har ikkala jamoa kuchli tarkibga ega. O‘ziga xos o‘yin uslubi bor. Shunday ekan biz raqib tanlamaymiz. Qaysi biri finalga yetib kelsa o‘z so‘zimizni o‘yin orqali aytamiz.

- Bahrom Abdurahimov va Oybek Bozorovlar qachon safga qaytishadi?

- Ayni paytda Bahrom Abdurahimov mashg‘ulotlarga kirishdi. Oybek Bozorovning jarohati esa jiddiy bo‘lib chiqdi. Mushaklari ezilgan, yaxshiki suyagida jarohat yo‘q. Ikkalasi ham Superliganing keyingi tur bahslarigacha maydonga qaytishadi.

- AGMK bilan uchrashuvdagi hakamlikka munosabatingiz?

- Bu bo‘yicha e’tirozimiz yo‘q. Temurbek To‘xtasinov boshliq hakamlar guruhi o‘yinni yaxshi boshqardi. Ochiq futbol bo‘lgani uchun yigitlarimiz maydonda erkin harakat qilishdi.

- Statistikaga ko‘ra «Nasaf» safarda yaxshiroq natija qayd etmoqda. Buni nima bilan izohlaysiz?

- To‘g‘ri. Maydonda olti nafar himoyachi bilan to‘p surayapmiz. Raqiblar ham o‘yinda himoyaviy usulni qo‘llashayapti. Ularning bu taktikasini yengib o‘tish uchun astoydil ishlayapmiz. Hech bir o‘yin «Nasaf» uchun oson kechmasligi aniq. Chunki, Superligada kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q, deb hisoblayman. Hatto quyi pog‘onadagi jamoa ham kezi kelganda har qanday raqibga muammo tug‘dirishi hech gap emas.

- «Nasaf»da himoyachilar ko‘p gol urishyapti. Hujumchilarning esa o‘rni kam ko‘rinmoqda...

- Biz bir jamoamiz. Golli vaziyatlarda ham hujumchilarimizning ishtiroki bor. Umid qilamizki, o‘yindan-o‘yinga to‘p bilan muomalada barchaga o‘rnak bo‘layotgan Lima Kruz Mateus, Husayn Norchayevlar hali o‘zini ko‘rsatishadi. 

- «Nasaf» uch frontda - OCHL, Kubok va Superliga bahslarida ishtirok etyapti. Biz ham ana shunday yuksak dovonlarni zabt etishda jamoaga omad tilab qolamiz.

- Tashakkur. Bu yo‘lda kurashib, o‘zbek futboli dovrug‘i va shaffofligiga munosib hissa qo‘shishdan aslo chekinmaymiz.

Husan TEMIROV suhbatlashdi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 19:05, 22.10.2022.
O'qildi: 2926 marta.
Fikrlar: 7 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.