Sanksiyalar va Yevropaning 40 foizini gaz va neft mahsulotlari bilan ta’minlaydigan Rossiyada bu mahsulotlarni chetga chiqarish pasayib ketganligi bir qator mamlakatlarda kommunal xizmatlar bahosining bir necha barobar oshib ketishiga sabab bo‘ldi.
Fevral oyida Germaniyadagi 1 oylik elektr haqi o‘rtacha 127,78 yevro bo‘lsa, avgustda 469,35 yevroga yetdi. Angliyada kommunal xizmatlar bahosi 80 foizga ko‘tarilishi (yiliga 2500 funt) taxmin qilingandi. YEI a’zolari energosektorga tushayotgan nagruzkani yengillatish maqsadida turli chora-tadbirlarni ishlab chiqdilar va ishlab chiqmoqdalar. Masalan, Germaniya uy xo‘jaliklari, kichik va o‘rta biznes korxonalariga gaz uchun 1 oylik to‘lovni joriy etib, uni amalga oshirish uchun 96 mlrd. yevro ajratishni mo‘ljallamoqda. Britaniyada elektr quvvati uchun yagona to‘lov tizimi ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, fuqarolarni uylaridagi isitish moslamalarini bir necha gradusga pasaytirish, jamoat joylarida termostatlar, issiq suv berish manbalarini o‘chirib qo‘yishga chorlab, umumiy tejamkorlikka erishish mo‘ljallanmoqda.
Yevropa davlatlaridagi energiya tanqisligi futbol klublariga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Jamoalar kirib kelayotgan qish faslidan chiqib olish yo‘llarini izlamoqdalar. OAV hozirgi vaziyatni so‘nggi chorak asrdagi eng murakkab davr sifatida e’tirof etmoqdalar. Eng badavlat kishilar ham hozirgi sharoitga moslashishga urinmoqdalar.
Futboldagi chora-tadbirlar: o‘yinlar vaqtini o‘zgartirish, projektorlar evaziga tejamkorlikka erishish
Yevropadagi ko‘pchilik ligalar stadionlarda projektorlardan iloji boricha kamroq foydalanishga qaror qildilar. Arenalarni yoritish reglamenti turli ligalarda bir-biridan farq qilsada, oliy divizion jamoalariniki 1500dan 2500 lyuks energiya talab qiladi. UYEFA standartiga ko‘ra, YECHL uchrashuvlarini qabul qiladigan arenalar yorug‘ligi 2000 lyuksdan yuqori bo‘lishi shart. Bundesligadagi minimal yoritilganlik 1600, 2-Bundesliganiki 1200 lyuks. Futbol maydonining o‘lchami 7140 kv.m. (105x68). Demak, arenani yoritish uchun 14280000 (7140x200) lyumen yoki 150,300 kvt. energiya talab etiladi. Standartga ko‘ra, barcha stadionlarda projektorlardan foydalaniladi. Hatto uchrashuv 12:00da boshlansa ham, projektorlar ishlaydi. Chunki teletasvirlar doimo bir xil bo‘lishi lozim.
Endi top-chempionatlardagi tejamkorlik tadbirlari bilan tanishamiz.
Italiya
«A» seriyasi mutasaddilari o‘yin bo‘ladigan kunlarda projektorlardan foydalanish uchun 4 soatlik limit belgiladilar: agar uchrashuvlar 12:30dan 18:00gacha bo‘lgan vaqtda boshlansa, projektorlarni o‘yin boshlanishidan 1 soat avval yoqiladi. 18:00dan keyin boshlanadigan o‘yinlarda yoritgichlar 1,5 soat avval yoqiladi. Ilgari doimo 1,5 soat avval yoqilardi. Yangi qoida qudratli yoritish moslamalaridan foydalanish vaqtini taxminan 25 foizga kamaytiradi.
Lorenso Kazini, «A» seriyasi prezidenti: «Hozirda stadionlarni yoritish zarurati jumladan, VAR tizimi va golni aniqlash uskunalarining to‘g‘ri ishlashi uchun ham kerak. Shu bois, biz yoritish tizimidan o‘yindan avval va keyin imkon qadar ozroq foydalanishga intildik. Bu faqat boshlanishi. Biz energiya tanqisligidek og‘ir damlarda boshqalarga ibrat bo‘lishimiz lozim».
«S» seriyasida umuman, barcha uchrashuvlarni kunduzgi vaqtlarga ko‘chirib, elektr iste’molini iloji boricha kamaytirishga qaror qilishdi. «Verona» rahbariyati bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda: o‘tgan mavsumda stadionning energota’minoti 450000 yevroni tashkil etgandi, joriy mavsum yarmiga yetmay turib, xarajat 900000ga yaqinlashib qoldi. Lekin «A» seriyasida TV kontraktlar tufayli o‘yinni kunduzgi vaqtga ko‘chirishning iloji yo‘q.
Germaniya
Olmon yurtida ham projektorlardan foydalanish borasida cheklovlar joriy etilgan. Nyurnberg shahar kengashi stadiondagi chiroqlar uzog‘i bilan 21:00ga qadar yonishini belgilab qo‘ygan. Shu sababli mahalliy klub uy uchrashuvlarini vaqtliroq o‘tkazmoqda.
10 oktyabrda bo‘lib o‘tgan «Gerta» - «Frayburg» bellashuvida tribunalardagi yoritish uskunalari o‘chirib qo‘yildi, faqat maydonni yoritildi. «Biz 15:30da boshlanadigan o‘yinlarda bir nechta projektorlarni qisqartirdik. Endi 17:30da boshlanadigan o‘yinlarda buni sinab ko‘ramiz», - dedi «Gerta» vakili Markus Yung.
Xuddi Italiyadagi kabi, Bundesligada ham tejamkorlik yo‘lidagi cheklovlarni tatbiq etishning iloji yo‘q. Chunki ayrim arenalar klub ixtiyorida emas. Lekin jamoalar o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda boshqa variantlardan foydalanishmoqda.
Lekin muammolar baribir mavjud va ancha jiddiy. Ha, 1 oyga cho‘ziladigan JCH-2022 turniri klublarga sezilarli tejamkorlik imkoniyatini beradi, ammo undan keyin o‘yinlari o‘tkazilishi shart. DFLning sobiq direktori Andreas Rettig tub o‘zgarishlar variantini taklif etdi: chempionatni «Bahor-kuz» tizimiga o‘tkazish.
«Siz martdan dekabr oyigacha o‘ynaysiz va projektorlar, maydon ostini va xonalarni isitish uchun sarflanadigan neft va gazni tejab qolasiz», - dedi u.
Angliya
APL klublaridan tejamkorlikka oid biron-bir rasmiy bayonot olingani yo‘q. Lekin ularga projektorlar ish vaqtini kamaytirish xususida ko‘rsatma berilgani haqida xabar bor. Chempionship, 1- va 2-ligalar tasarruffini o‘z zimmasiga olgan Angliya futbol ligasi (EFL) barcha jamoalar bilan uchrashgach, «Mensfild» uy uchrashuvlarini 15:00da emas, 13:00da boshlaydigan bo‘ldi. Boshqa jamoalar shu kabi o‘zgarishlarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishga kirishdilar. Biroq liga ularni shoshma,shosharlik bilan qaror qabul qilmaslikka chaqirdi. EFLdagilar fikricha, o‘yinlarni barvaqt boshlash bir qarashda to‘g‘ri qarordek tuyuladi: o‘yinlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatishni yo‘lga qo‘yish mumkin (hozir 15:00dan 17:00gacha bo‘lgan o‘yinlar TVda namoyish etilmaydi), ammo ikkinchi tomondan, chiptalar sotuvi va matchdeydan tushadigan daromaddan judo bo‘linadi. Bundan tashqari, jamoa o‘yin arafasida mehmonxonada tunashiga to‘g‘ri keladi. Bu esa qo‘shimcha xarajat, yakunda tejamkorlik nolga aylanadi.
Ispaniya
Biroq hamma ligalar yangi voqe’likka moslashish niyatida emaslar. Masalan, Ispaniyada energoresurslarni tejashga oid biron-bir chora ko‘rilgani yo‘q. Ular pandemiyadan ibrat olmoqdalar. O‘shanda hukumat futbolga o‘ta ko‘ngilchanlik qilgandi. Chunki aynan futbol uchrashuvlariga yo‘l olish kishilarni birlashtiradi va dunyoda yuz berayotgan noxushliklardan chalg‘itadi.
SODIQ SOBIR tayyorladi













