Ma’lumki, «Bunyodkor» futbol klubi hamda uning sobiq futbolchisi Rivaldo Ferreyra (2008-10 yillarda) o‘rtasidagi nizo Lozannadagi Sport arbitraj sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, 2023 yil 6 noyabr kuni hal qiluv qarori chiqarilgan. Bunga ko‘ra, «Bunyodkor» futbol klubiga mazkur sobiq futbolchisi oldidagi qarzdorlikni to‘lab berish bo‘yicha majburiyat yuklangan. «O‘zbekneftgaz» AJning o‘sha davrdagi rahbariyati topshirig‘iga binoan 2024 yil 30 mart kuni «Bunyodkor» futbol klubi tomonidan ushbu futbolchi bilan qarz majburiyatlari miqdorini kamaytirish, uni bo‘lib-bo‘lib to‘lash muddatlari bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Mazkur kelishuvga muvofiq, qarzdorlik o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda «Bunyodkor» futbol klubiga katta miqdordagi qo‘shimcha moliyaviy majburiyatlar vujudga kelishi qayd etilgan. O‘tgan ikki yil davomida «O‘zbekneftgaz» AJning moliyaviy ko‘magi bilan Rivaldo Ferreyra oldidagi qarzdorliklar o‘z vaqtida bartaraf etib kelindi.
Joriy yil uchun Rivaldo Ferreyra oldidagi qarzdorlik bo‘yicha to‘lovlar 2026 yil 15 aprelga qadar amalga oshirilishi lozim edi. Biroq, unga joriy yil uchun belgilangan to‘lovlar futbol klubidagi moliyaviy qiyinchiliklar tufayli hozirgi kunga qadar amalga oshirilmasdan kelinmoqda. Joriy yilning 6 may kuni mazkur futbolchining qonuniy vakillari tomonidan «Bunyodkor» futbol klubiga rasmiy ogohlantirish xati yuborildi. Unga ko‘ra, 48 soat ichida belgilangan qarzdorlikni bartaraf etish so‘ralgan bo‘lib, agar qarzdorlik ushbu muddatda bartaraf etilmasa, o‘zaro kelishuvlarda belgilangan qarzdorlik bo‘yicha chegirmalar bekor bo‘lishi, qarzdorlik kechiktirilgani uchun kompensasiya va boshqa to‘lovlar undirish yuzasidan FIFAga murojaat qilinishi bayon etilgan.
Yuqorida qayd etilgan holatlar bo‘yicha 2026 yil 7 may kuni 01/228-sonli xat bilan «O‘zbekneftgaz» AJ hamda O‘zbekiston futbol assosiasiyasi rahbariyatlariga ma’lum qilindi.
Shundan so‘ng, joriy yilning 14 may kuni mazkur futbolchi ishi bo‘yicha FIFA tomonidan «Bunyodkor» futbol klubiga rasmiy ogohlantirish va jarima qo‘llash borasida xat yuborildi. Unga ko‘ra, 30 kun ichida Rivaldo Ferreyra oldidagi belgilangan qarzdorlikni bartaraf etish so‘ralgan bo‘lib, agar qarzdorlik ushbu muddatda bartaraf etilmasa, FIFA tomonidan klubga nisbatan transfer taqiqi qo‘llanilishi bayon etilgan.













