Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi qarorlari qabul qilindi

O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasining navbatdagi qarorlari qabul qilindi

Baho:
+ | -

O‘zbekiston futbol assosiasiyasi Tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan “Professional futbol maktablari ligasi” O‘zbekiston chempionati Futbol mahorat maktablari (futbol akademiyalari) musobaqasining 2006-yilda tug‘ilgan tarbiyalanuvchilari o‘rtasida Navoiy viloyatida bo‘lib o‘tgan ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs va munozaralarga sabab bo‘lgan vaziyatlar bo‘yicha kelib tushgan murojaat va e’tirozlar ko‘rib chiqildi.

“Professional futbol maktablari ligasi” O‘zbekiston chempionati Futbol mahorat maktablari musobaqasining 2006-yilda tug‘ilgan tarbiyalanuvchilari o‘rtasida Navoiy viloyatida o‘tkazilgan 5-tur doirasidagi Jizzax FMM va Andijon FMM jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yakunidan so‘ng ikki jamoa futbolchilari o‘rtasida (jami 9 nafar) janjal sodir bo‘lib, mushtlashuvga aylangan.

Uchrashuv bosh hakami tomonidan uchrashuv yakunlanganidan so‘ng, Jizzax FMM jamoasining futbolchisi J.Ergashev jahl qilgan holda to‘pni zarb bilan tepib yuboradi, to‘p esa Andijon FMM futbolchisi A.Abdunabiyevga borib tegadi. Shundan so‘ng ikki jamoa futbolchilari o‘rtasida janjal sodir bo‘lgan.

Bundan tashqari, “Professional futbol maktablari ligasi” O‘zbekiston chempionati musobaqasi tashkiliy qo‘mitasining bildirgisiga ko‘ra, joriy yilning 17-oktyabr kuni mazkur musobaqaning 7-tur doirasida Buxoro FMM — Namangan FMM jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda sport prinsiplariga xos bo‘lmagan vaziyat aniqlangan.

Jumladan, “B” guruxining so‘nggi 7-turida Andijon FMM, Navoiy FMM, Buxoro FMM va Namangan FMM jamoalarining keyingi bosqichga chiqish imkoniyati bor bo‘lib, ushbu uchrashuvlar quyidagi holatda bir vaqtda boshlangan (uchrashuv davomiyligi 70 daqiqa, xar bir taym 35 daqiqadan):

Navoiy FMM — Andijon FMM soat 11:00, “Kimyogar” o‘yingohi (Navoiy shahri);

Buxoro FMM — Namangan FMM soat 11:00, “Yoshlik” o‘yingohi (Navoiy shahri).

Navoiy FMM — Andijon FMM uchrashuvining 69-daqiqasida uchrashuv bosh hakami Axunov Meyirbek (Qoraqalpog‘iston Respublikasidan) Andijon FMMning 17-raqamli futbolchisi o‘z jarima maydoni ichida raqib futbolchisining oyog‘iga zarba bergan va uchrashuv bosh hakami Andijon FMM darvozasi tomon 11 metrlik jarima zarbasini belgilagan. Navoiy FMM jamoasi jarima zarbasini aniq amalga oshirib, 1:0 hisobida oldinga chiqib olgan. Bosh hakam tomonidan uchrashuvga 3 daqiqa vaqt qo‘shib berilib, mazkur vaqt yakuniga yetgach, Navoiy FMM jamoasi Andijon FMM jamoasi ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozonadi.

O‘zbekiston hakamlari markazi huzuridagi Ekspert-hakamlar markazining xulosasiga ko‘ra, Navoiy FMM — Andijon FMM uchrashuvi bosh hakami tomonidan belgilangan 11 metrlik jarima zarbasi to‘g‘ri belgilanganligi qayd etilgan.

Buxoro FMM — Namangan FMM uchrashuvining 70-daqiqasiga qadar Namangan FMM jamoasi 2:1 hisobida oldinda borayotgan bo‘lgan. Bosh hakam tomonidan qo‘shib berilgan 4 daqiqa ichida Buxoro FMM jamoasi 70+2 va 70+4 daqiqalarda Namangan FMM jamoasi darvozasini shubhali tarzda ishg‘ol qilgan. Eng achinarlisi, Namangan FMM va Buxoro FMM jamoalari futbolchilari gollardan so‘ng bir-birlarini ochiqchasiga tabriklashgan. Bundan tashqari, Namangan FMM bosh murabbiyi tomonidan o‘yinning 70+3 daqiqasida 3 ta himoyachi almashtirilib, ularning barchasi xamda darvozabon Buxoro FMM futbolchilariga qarshilik ko‘rsatmasdan, atayin gol o‘tkazib yuborganlar. Natijada, Buxoro FMM jamoasi ushbu uchrashuvda 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, “B” guruhidan 2-o‘rin bilan pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan.

Mazkur uchrashuv bosh hakami Samandarov Ruslanning hamda boshqa yordamchi hakamlarning bildirishnomalarida uchrashuv davomida har ikkala jamoa futbolchilari va murabbiylari kelishganliklari bayon qilingan. Bundan tashqari, yuqoridagi uchrashuvlar Youtube ijtimoiy tarmog‘i orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan bo‘lib, mazkur holat keng jamoatchilikning va blogerlarning muhokamasiga sabab bo‘lgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, sportning futbol turi bo‘yicha “Professional futbol maktablari ligasi” O‘zbekiston chempionati musobaqasi Tashkiliy qo‘mitasining 15.10.2022-yildagi yig‘ilish bayoniga ko‘ra, mushtlashuvda ishtirok etgan Jizzax FMM jamoasining futbolchilari J.Ergashev, D.Qo‘ldoshev, A.Jumamurodov, F.Anarbayev, SH.YAlg‘ashevlar hamda Andijon FMM jamoasi futbolchilari A.Abdunabiyev, R.Omonboyev, I.Ikromov, YA.Abduvaxobovlarga nisbatan 2022-yilning 31-dekabriga qadar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan har qanday Respublika musobaqalaridan chetlatish jazosi belgilangan.

Shuningdek, sportning futbol turi bo‘yicha “Professional futbol maktablari ligasi” O‘zbekiston chempionati musobaqasi Tashkiliy qo‘mitasining 19.10.2022-yildagi yig‘ilish bayoniga ko‘ra, Namangan FMM va Buxoro FMMlarning 2006-yilda tug‘ilgan jamoalari sport prinsiplariga xos bo‘lmagan kelishilgan o‘yinda qatnashganliklari sababli 7-tur natijasi bekor qilinib, jamoalar “Professional futbol maktablari ligasi” O‘zbekiston musobaqasidan chetlatilgan.

Yuqoridagilarga ko‘ra, o‘FA Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga asosan, Sportning futbol turi bo‘yicha “Professional futbol maktablari ligasi” O‘zbekiston chempionati musobaqasi Tashkiliy qo‘mitasining 15.10.2022-yildagi yig‘ilish bayoniga ko‘ra, mushtlashuvda ishtirok etgan Jizzax FMM jamoasining futbolchilari J.Ergashev, D.Qo‘ldoshev, A.Jumamurodov, F.Anarbayev, SH.YAlg‘ashevlar hamda Andijon FMM jamoasi futbolchilari A.Abdunabiyev, R.Omonboyev, I.Ikromov, YA.Abduvaxobovlarga nisbatan 2022-yilning 31-dekabriga qadar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan har qanday Respublika musobaqalaridan chetlatish jazosi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilingan.

Shuningdek, o‘FA Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga muvofiq, Buxoro FMM U-16 bosh murabbiyi A.T.SHaripov va Namangan FMM U-16 bosh murabbiyi Q.R.Mamajonovlarga o‘FA Intizom kodeksining 5.44-bandiga asosan o‘zaro uchrashuvda o‘yin natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuv uyushtirganliklari va qatnashganliklari uchun 1 yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlashtirish jazosi belgilangan.

Afsuski, bolalar futbolida shunga o‘xshash ko‘ngilsiz vaziyatlar uchrab turishi futbolimiz mavqeyiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi barcha mas’ul shaxslarni musobaqalarda sport prinsiplarini hurmat qilishga chaqiradi va shu kabi holatlar aniqlangan taqdirda keskin choralar ko‘rilishini ma’lum qiladi.

Kiritildi: 17:33, 09.11.2022.
O'qildi: 1941 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.