Arsen Vengerning "Arsenal"dagi 22 yillik faoliyati davomida klub akademiyasi ko‘plab iste’dodlarni yetishtirdi. Ular ichida dunyo tanigan Fabregas, Uilsher va Belyerin kabi nomlar bor edi. Venger o‘z faoliyatining so‘nggi davrlarida asosiy jamoaga bir qancha futbolchilarni jalb etdi. Ularning keyingi taqdiri esa turlicha kechdi. Quyida biz nazarda tutganimiz, yosh talantlarning ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz.
Jo Uillok
"To‘pchilar"ning katta jamoasi safida debyut qilish sharafiga sazovar bo‘lgan futbolchilar ichida Jo Uillok ham bor. U 2017 yilning sentyabr oyida, Angliya liga kubogi musobaqasining dastlabki raundida, "Donkaster"ga qarshi bahs ishtirokchisiga aylanadi. Shundan so‘ng, uning ishlari yurishib ketdi. Ammo Mikel Artetaning jamoasida unga o‘rin topilmadi. Shu sabab "Arsenal" uni 2021 yilning yanvar oyida "Nyukasl"ga ijaraga beradi. Uillok yangi klubda gollar ura boshladi. Shu sabab "qarg‘alar" yosh yarim himoyachini sotib olishga qaror qildi. Bu orqali esa londonliklar 25 million funt ishlab oldi. Ayni damda Uillok Eddi Xau jamoasining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan.
Eddi Nketia
Nketia "Chelsi"dan "Arsenal" akademiyasiga olib kelinadi. Yosh bolakay, o‘z debyutini uzoq kutdi. Nihoyat o‘sha kun keldi. U 2017 yilning sentyabrida "BATE" klubi bilan o‘yinda Venger tomonidan maydonga tashlanadi. Nketia hozir ham "Arsenal" bilan birga. U Angliyaning 21 yoshgacha bo‘lgan terma jamoasida ko‘p yillar davomida fantastik harakat qilib keladi. Nketia bu borada eng yaxshi to‘purarga ham aylanib ulgurgan. Hujumchining 2019 yildagi "Lids"ga bo‘lgan safari omadli kechmadi. U yana Londonga qaytdi va o‘sha yerda qoldi. Hozir esa Nketia Gabriel Jezus o‘rnini to‘ldiruvchi vazifasini bajarmoqda. Arteta kerak bo‘lganida uni maydonga tushirib turadi. Kubok bahslari esa usiz o‘tmaydi.
Reyss Nelson
Boshqa jamoadosh tengqurlari singari Nelson ham o‘zining ilk debyutini 2017 yilda, hali Arsen Venger jamoada ekanida o‘tkazgan. O‘sha paytlarda ham "Arsenal" bir nechta frontda kurash olib borar, shu sabab rotasiyalar zarur vaziyatlarga ko‘p duch kelinar edi. Nelson kabi akademiya "mahsulot"lari esa kerakli deb topilgan. U 2018-19 yilgi mavsumni Bundesligada, "Xoffenxaym" bilan fantastik o‘tkazdi. O‘tgan mavsum esa hujumchi uchun "Feyenoord" bilan yodda qolgan. Ayni damda Mikel Arteta 23 yoshli futbolchini jamoaga qaytargan. Nelson hozir o‘z imkoniyatini kutish bilan band. Uning hisobida esa bu mavsumda 3 ta gol bor.
Kris Uillok
Jo Uillokning akasi ham "Arsenal" maktabida ta’lim olgan. U 2016 yilning kuzida ilk bor asosiy tarkib bilan debyut qiladi. Ammo oradan bir yil o‘tib, "Benfika"ga sotib yuborilgan. Kris Angliyaga ijara asosida qaytib kelib turdi. Uning yillari "Vest Brom" va "Xaddersfild"da kechdi. Ayni damda esa katta Uillok "QPR" klubi a’zosi sanaladi.
Aleks Ivobi
Lagosda tug‘ilib, Londonda ulg‘aygan futbolchi, "Arsenal" akademiyasiga olib kelinadi. U Venger nazariga tez tushdi. Fransiyalik mutaxassis Ivobini Uolkott o‘rnini bosadi deb ishonardi. O‘sha paytda 19 yoshda bo‘lgan hujumchi, 2015 yilda "Vest Brom"ga qarshi liga kubogi bahsida maydonga tushadi. Ivobi "Arsenal" uchun jami 15 ta gol urgan va 149 ta bahsda ishtirok etgan. U 2019 yilda "Everton"ga 28 million funt evaziga sotib yuborilgan.
ISMATOV J.