Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/12 01:30 Vilyarreal 1-1 Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol 1-1 Valensiya

Blatter janoblaridan iqror

Blatter janoblaridan iqror

Baho:
+ | -

- Rossiyadan keyin JCH mezbonlik huquqini AQSH olishi kerak edi, Qatarning tanlanishi - katta xato...

Korrupsion mojarolar ortidan futboldan chetlashtirilgan FIFAning sobiq prezidenti Zepp Blat-ter navbatdagi mundial boshlanishiga sanoqli kunlar qolgan bir pallada shov-shuvli intervyu berdi. Ha, jahon futbolining sobiq rahbari Tages Anzeiger gazetasi (Shveysariya) jurnalistlari bilan suhbatda FIFA JCH-2022ga mezbon tanlashda xato yo‘ldan yurganini tan oldi. U buni hattoki, o‘ta jiddiy xato sifatida tilga oldi: «Qatar juda mitti mamlakat va jahon chempionati u uchun mislsiz kattalikdir...». Blatter shuningdek, endilikda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan aloqani uzgani va bu urushga bog‘liq ekanligini ham alohida ta’kidladi.

***

Yozef Blatterning aytishicha, Rossiya mundiali borasida savol yo‘q, lekin JCH-2022ni tashkillash huquqi AQSHga topshirilishi lozim bo‘lgan. Ammo Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi korrupsion yo‘l orqali tenderda Qatar g‘alaba qozonishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan: «Azaliy siyosiy raqiblar navbati bilan jahon chempionatini o‘tkazsa, bu tinchlikka xizmat qilardi». Blatter rahbarligi ostidagi FIFA Ijroiy qo‘mitasi 12 yil oldin Qatarni JCH-2022 mezboni sifatida tanlagandi. O‘shanda kichik mamlakat tenderning final raundida 14ga 8 ovoz nisbati bilan g‘alaba qozondi. Yozef bobining aytishicha, o‘zi AQSH «zayavka»sini qo‘llagan. U yakuniy natijada UYEFAning sobiq prezidenti Mishel Platinini ayblamoqda. Aytishicha, aynan Yevropa futbol ittifoqi ta’siri bilan tarozu pallasi Qatar tomon og‘ib ketgan: «Shundan so‘ng ijtimoiy asoslar va inson huquqi masalasi yuzaga chiqdi».

***

Blatter shuning barobarida JCH-2018ni Rossiyada o‘tkazish qaroridan afsuslanmasligini ta’kidladi. Yozef bobo hattoki, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni do‘st o‘rnida ko‘rgani, lekin u bilan anchadan buyon gaplashmayotganini aytib, «sobiq» iborasini ham qo‘shib qo‘ydi. Dong‘i ketgan funksionerning bildirishicha, FIFA Ijroiy qo‘mitasida avvaldan JCH-2018ni Rossiya, keyingisini AQSHga berish to‘g‘risida kelishuv bo‘lgan. Qo‘mita nuqtai nazaridan ikki siyosiy raqibning navbati bilan chempionatni qabul qilishi futbol belgisi ostidagi tinchlik xohishi bo‘lardi. «Ovoz berish jarayoniga bir hafta qolganida, Mishel Platini qo‘ng‘iroq qilib, eski rejani o‘zgartirishga to‘g‘ri kelayotganini ayt­di. Gap shundaki, u Yelisey saroyiga taklif etilgan va Nikolya Sarkozi tomonidan Qatar Valiahd shahzodasi sharafiga berilgan bayramona tushlikda qatnashgandi. Fransiya prezidenti esa Platinidan do‘stona so‘ragan emish: «Mishel, UYEFAdagi hamkasblaringiz bilan Qatarga chempionat o‘tkazish imkoni berilishini ta’minlay olasizlarmi?» - dedi Blatter suhbat jarayonida. - U keyin savol ohangida gapirdi: «Zepp, agar senga mamlakat prezidenti shu ma’noda murojaat qilganida, qanday yo‘l tutarding?» Bunga javoban bizda - Shveysariyada prezident yo‘qligini aytdim. Biroq yakunda hammasi shunday bo‘lib chiqdiki, Platini va uning odamlari tufayli chempionat huquqi Amerika emas, Qatarga nasib etdi. Shu voqealardan 6 oy o‘tib, Qatar Fransiyadan 14 milliard dollardan ko‘pga qiruvchi samolyotlar  sotib oldi».

***

Shveysariyalik jurnalistlar suhbat davomida Blatterga Rossiya mundiali haqida ham yuzlanishdi, albatta: «JCH-2018ni bu mamlakatga topshirish qarori xato emasmidi?» FIFA rahbari esa bunga qat’iy javob berdi: «Yo‘q, bunda xatolik bo‘lmagani aniq. Agar rejamiz o‘xshab, JCH-2022 huquqini AQSH olganida, hozir suhbatimiz mutlaqo boshqa mavzuda kechardi. Ehtimolki, bo‘lmasmidi ham... Qolaversa, Rossiya chempionatni yaxshi tashkillashtirdi». Suhbatning davomi o‘ziga xos javob zarbalari bilan «yorqinlashdi»:

- Yakunda Vladimir Putin jahon chempionatidan tashviqot qurolidek foydalandi. Ya’ni Rossiyani tinchliksevar sport mamlakatidek ko‘rsatishga urindi, bugun esa...

- Nima derdim, sportdan siyosiy maqsadda foydalanadigan odamlar ko‘p. Men bu borada qozi emasman.

- Putinning shaxsan o‘zi sizni JCH-2018 vaqti Rossiyaga taklif qilgandi...

- Endi u bilan gaplashmayapman. Putin hamisha ehtiyotkorlikni unutmagan. Deylik, 2010 yili ham FIFA Ijroiy qo‘mitasining Syurixdagi yig‘ilishida qatnashmagan va Rossiya mezbon sifatida e’lon qilinganidan keyingina Kaliningradda matbuot anjumani o‘tkazgandi. O‘shanda menga alohida yuzlangani esimda: «Mana, sizga ishonish mumkinligiga iqror bo‘ldim. Endi ikkimiz do‘stlarmiz»

- Xo‘sh, do‘stligingiz nima bo‘ldi?

- Qaytaraman, u bilan boshqa aloqam yo‘q va bu Rossiya - Ukraina urushiga bog‘liq.

***

Blatter suhbat davomida yana bir qator masalalarda fikr bildirdi. Xususan, uning telefon muloqotlarini Qatar vakillari yashirincha kuzatib borishganini aytdi: «Qatarliklar jahon chempionati huquqi olib qolinishidan xavotirda edilar. O‘tmishni eslasam, har gal telefon go‘shagini ko‘tarsam, qandaydir tovush yoki shovqin paydo bo‘lardi. Ehtimolki, ovozlar yozib olingan yoki eshitilgandir... Yaxshiki, Qatar mundiali yaqinlashayotgan bir pallada ayrim cheklovlarni inobatga olmaganda, biror futbolchi boykot e’lon qilmayapti». Blatter shuningdek, FIFAning amaldagi prezidenti Janni Infantinoni tanqid ostiga oldi: «U nega Qatarda yashamoqda? Axir mahalliy tashkiliy qo‘mita rahbari bo‘lmasa... Bu Infantinoning ishi emas. JCH uchun javobgar ikki tashkiliy qo‘mita bor - biri mahalliy, ikkinchisi FIFAniki. Infantino futbol xo‘jaligi rahbari sifatida barchasini nazorat ostiga olishi kerak. Misol uchun, Qatardagi qurilish ob’ektlarida hayotdan ko‘z yumgan ishchilarning yaqinlariga yordam berish uchun jamg‘arma ochish g‘oyasi bor. Lekin Qatar tomoni bunga xayrixoh emas. FIFA prezidenti esa bu pallada qatarliklar bitta qayiqda borayotgan ekan, nima ham deya olardi? Qisqasi, Infantinoni hurmat qilmay qo‘ydim. Unutmaslik kerak, FIFA prezidenti lavozimidan 2015 yil oxirida chetlatildim, Kongress esa mening o‘rnimni egallagan Infantino davrida Qatar mezbonligini tasdiqladi».

Zepp Blatter FIFAni naq 17 yil davomida boshqardi. Biroq 2015 yili uni korrupsiyada ayblashdi va barchasi diskvalifikasiya bilan tugadi. Asosiy dalil - FIFAdan noqonuniy tarzda Mishel Platini hisob raqamiga 2 mln. Shveysariya franki o‘tkazib berilgani. Buning ortidan fransiyalik funksioner ham UYEFA prezidenti lavozimidan ketdi. Blatter avvaliga futbolga aloqador har qanday faoliyat turidan 8 yil muddatga chetlashtirildi. Keyinroq jazo muddati 6 yilga qisqartirildi, biroq 2021 yilning mart oyida FIFA Odob-axloq kodeksiga doir turli qoidabuzarliklar ayblovi bilan 2028 yilgacha diskvalifikasiya belgilandi. O‘tgan yilning noyabrida esa Blatter va Platiniga firibgarlik bo‘yicha ayblov qo‘yildi, lekin Shveysariya sudi buni tasdiqlamadi.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 18:09, 18.11.2022.
O'qildi: 1773 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.