Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/11 00:45 Parma 1-3 Atalanta
24/11 01:00 Selta 2-2 Barselona
24/11 15:00 Metallurg 1-0 Surxon
24/11 16:30 Jenoa 2-2 Kalyari
24/11 17:15 So‘g‘diyona 2-0 Lokomotiv
24/11 18:00 Osasuna 2-2 Vilyarreal
24/11 19:00 Sautgempton 2-3 Liverpul
24/11 19:00 Torino 1-1 Monsa
24/11 19:00 Komo 0-2 Fiorentina
24/11 20:15 Sevilya 1-0 Rayo Valyekano
24/11 21:30 Ipsvich 1-1 Man. Yunayted
24/11 22:00 Napoli 1-0 Roma
24/11 22:30 Leganes 0-3 Real Madrid
25/11 00:45 Lasio 3-0 Bolonya
25/11 01:00 Atletik Bilbao 1-0 Real Sosyedad
25/11 22:30 Empoli - Udineze
26/11 00:45 Venetsiya - Lechche
26/11 01:00 Nyukasl - Vest Xem

Ruben Diash: «JCH-2022 – maksimal salohiyatni ko‘rsatish imkoni…»

Ruben Diash: «JCH-2022 – maksimal salohiyatni ko‘rsatish imkoni…»

Baho:
+ | -

«Manchester Siti»ning yetakchi himoyachilaridan biri Ruben Diash bolaligidan jahon chempionatida o‘ynashni orzu qilgan va bu haqda otasi bilan ko‘p bora gaplashgan.

 Mana, joriy yil 25 yoshini qarshilagan Diash bolalik ambisiyalarini ro‘yobga chiqarish arafasida turibdi. Aytish mumkinki, u Qatar maydonlarida bu borada birinchi chinakam imkoniyatga  ega bo‘ladi. To‘g‘ri, Diash «Benfika» himoyasi markazida ancha oldin o‘zini namoyon qildi, keyin yillar davomida iste’dodini rivojlantirib, Portugaliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Fernandu Santush nazariga tushdi. Shu asnoda himoyachi 2018 yili Rossiyada tashkillashtirilgan jahon chempionati oldidan o‘z mamlakati bosh jamoasi tarkibidan joy oldi. Biroq markaziy mudofaa vakiliga avvalgi mundialning biror o‘yinida maydonga tushish nasib etmadi. Shunga qaramay, Ruben ortga katta qoniqish bilan qaytdi va turnirni fao­liyatidagi «o‘zgacha lahza» sifatida ta’rifladi. Futbolchi JCH-2022 starti arafasida FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusida ham avvalo, avvalgi mundial xotiralarini esga oldi: «Jahon chempionati arafasida hal qiluvchi yig‘inga chaqirildim, ammo muhim pallada jarohatlanib, chetga chiqdim. Yaxshiki, Fernandu Santush shunda ham meni jamoa tarkibidan chiqargani yo‘q va mundial havosidan bahra oldim». JCH-2018 voqeliklarini eslasak, turnirga Yevropa chempioni maqomida borgan Portugaliya milliy jamoasi Rossiyadagi yorqin o‘yinlari evaziga 1|8 finalga chiqdi va hayajonli tus olgan bahsda Urugvay termasiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Ferdandu Santush jamoasi shundan buyon 4 yil davomida yanada kuchaydi, har holda, Yevropaning elit klublarida o‘ynaydigan portugaliyalik iqtidorlar safi yildan yilga kengaymoqda. Hozirda portugaliyaliklar uchun asosiy vazifa - o‘yinga bog‘liq alohida elementlarni uyg‘unlashtirish va salohiya­ti baland bo‘g‘inlar yig‘indisidan-da kuchliroq, yaxshiroq jamoa sifatida o‘ynash. «Birlashish haqiqatan ham, juda muhim, - deydi Diash. - Tarkibda raqobatbardosh futbolchilar ko‘p bo‘lishi mumkin, ammo har bir yigitning eng kuchli tomonlaridan qanday foydalanishni bilmasangiz, jamoaviy kuch sifatida to‘g‘ri ishlay olmaysiz».

- Ruben, aytingchi, faoliyatingizdagi birinchi mundialdan keyingi 4 yil davomida nechog‘li o‘zgardingiz, aynan qaysi jihatlarda yaqqol o‘sishga erishdingiz? Umuman, Qatarda qanday Ruben Diashda ko‘ramiz?

- Jahon chempionatidek yirik turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etishni xohlasangiz, avvalo, jamoaviy o‘yin borasida kuchayishingiz kerak. Agar jamoangiz yaxlit kuch sifatida shakllanmagan bo‘lsa, nimadandir umid qilishingiz qiyin. Oddiy aytganda, siz individual tomondan barcha eng yaxshi xislatlarga ega bo‘lishingiz mumkin, lekin agar bularni jamoaviy harakatlarga uyg‘unlashtirolmasangiz, biror naf chiqishi dargumon. Xullas, futbolda eng asosiysi - jamoa bilan kuchli ekanligingiz. Jahon chempionati - bu ortingda vataning sha’ni turganini his qildiradigan katta musobaqa. Barchasini 2018 yili o‘z boshimdan o‘tkazdim, garchi Rossiyada biror o‘yinda ishtirok etmagan bo‘lsamda. Shu ma’noda aytsam, mundialda jamoa bilan birga bo‘lishing individual darajadagi har qanday voqelikdan muhimroqdir. Shubhasiz, ortda qolgan 4 yil ichida ham inson, ham futbolchi maqomida ancha ulg‘aydim, lekin qaytaraman, bu hech narsani anglatmaydi agarda yaxlit jamoa bilan birga nafas olishni o‘rganmasang. Yana bir tomoni bor: aynan ahil jamoa senga bu darajadagi yirik musobaqada imkon qadar uzoqroqqa borishing uchun zarur qo‘shimcha kuch bag‘ishlaydi.

- Ko‘pchilik e’tirof etyapti: hozirgi Portugaliya milliy jamoasida eng iqtidorli avlod vakillari jamlanishgan. Yaqinda bergan intervyungizda jamoaning alohida qismlari uyg‘un holda ishlash masalasida eng yaxshi yo‘lni topishi zarurligi haqida gapirgandingiz. Bu keyingi qadamni baralla tashlash uchun nechog‘li muhim?

- Hech qanday shubha yo‘q, asosiysi - shu. Umuman olganda, har qanday g‘olib jamoaning siri birdamlik, menimcha. Ha, tan olish kerak, individual ko‘nikma va salohiyat jamoa hayotida juda muhim o‘rin tutadi, lekin oxir-oqibat, o‘zaro muloqot va birga ishlash qobiliyati ko‘p narsani hal qiladi. Bu darhaqiqat, katta ahamiyat kasb etadi. Takrorlayman, jamoa qanchalik raqobatbardosh va kuchli ijrochilarga ega bo‘lmasin, agar birdamlikda to‘g‘ri ishlamasa, natija chiqishi qiyin. Bunday holatda odamlar naz­dida oddiy jamoadek qolaveradi. Umumiy muvaffaqiyat yana murabbiylar shtabining har bir futbolchiga xos kuchli jihatlardan qay darajada foydalanishiga ham bevosita bog‘liq, albatta.

- Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Fernandu Santush jahon chempionati-2022 haqida to‘xtalib, sizlar uchun eng yaxshisi hali oldinda ekanligini aytdi. Xo‘sh, jamoangiz Qatarda Yevro-2016 va Mil-latlar ligasi-2019dagi zafarli yurishni takrorlash imkoniyatiga egami?

- Ha, shubhasiz. Chunonchi, tarkib iqtidorli avlod vakillaridan tashkil topgan. To‘g‘ri, boshqa jamoalarda ham kuchli ijrochilar bor. Ya’ni mundialda yagona emasmiz. Vaholanki, tarkibimiz chindan ham, ajoyib sport formasidagi futbolchilar bilan to‘la. Yigitlarimiz nafaqat terma jamoada, balki o‘z klublarida yaxshi o‘ynashmoqda va endi hozirgi holatdan maksimal darajada foydalanishimiz shart. Lekin yana bir bora takrorlayman: gap mavjud barcha fazilatlarni amalda jamoa sifatida qo‘llashda...

- Qatar-2022 Krishtianu Ronaldu, Pepe va Joau Mou­tinyu kabi katta yulduzlar uchun so‘nggi jahon chempionati bo‘lishi mumkin. Shu fakt ham jamoaga kuchli motivasiya bersa kerak...

- Menimcha, haqiqiy motivasiya - shu. Har holda, butun jamoa ular uchun ikki hissa kuch bilan o‘ynashiga ishonaman. Shubhasiz, jahon chempionatining o‘zi har qanday futbolchiga qo‘shimcha motivasiya beradi, lekin agar sizni yanada ko‘proq to‘lqinlantiradigan qandaydir yaxshi sabab bo‘lsa, unda ko‘ravering... Gap nafaqat Portugaliya, balki butun jahon futbolida yorqin iz qoldirgan 3 nafar yetuk yulduz haqida ketmoqda. Bizda shunday katta nomlar borligi - qo‘shimcha plyus. O‘ylaymanki, hammasi Qatarda qo‘shimcha tuyg‘u va kuchli omil bo‘ladi. Mantiqan qarasak ham, yulduzlarimiz JCHda oxirgi imkoniyatga ega ekanliklari katta motivasiya bo‘lib xizmat qilishi kerak.

- Jahon chempionatining ilk marta yevromavsum o‘rtasiga to‘g‘ri kelgani o‘yinlar sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi taxmin qilinmoqda. Ayni payt jismoniy va ruhiy tomondan qanday holatdasiz?

- Bunisi ham barcha uchun yangi tajriba, albatta. Hozirdan baralla gapirish yaramaydi, chunki o‘yinlar qanday kechishini aytish qiyin. Lekin bir narsa aniq: mavsum oxirida jahon yoki Yevropa chempionatiga borsangiz, charchoq o‘z so‘zini aytadi, eng yaxshi jismoniy holatda bo‘lmaysiz, baribir. Futbolchidan ham jismoniy, ham ruhiy kuch talab qiladigan musobaqalarda tetik o‘ynashga nima yetsin? Bejiz yirik turnirlarda ko‘pincha jismoniy jihatdan eng yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan jamoa zafar quchmaydi. Mana, navbatdagi mundial deyarli har bir futbolchi o‘zining maksimal salohiyatini ko‘rsatadigan vaqtga to‘g‘ri kelmoqda. Axir mavsumoldi yig‘inlar va bir qator rasmiy o‘yinlarda qatnashishga ulgurdik va hozir sport formasi nuqtai nazaridan eng yuqori pog‘onadamiz. Iqlim sharoiti qanday ta’sir qilishini bilmayman, lekin deylik, Angliyadan borib, Qatarning issiq havosiga ko‘nikish uchun biroz vaqt ketsa kerak, baribir.

M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 10:00, 24.11.2022.
O'qildi: 1599 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.