Kirish Ro'yxatdan o'tish
19/12 01:30 Vilyarreal 1-1 Rayo Valyekano
19/12 01:30 Espanyol 1-1 Valensiya

Adriyen Rabyo: «Muhim futbolchiman, buni yaqqol his qilyapman»

Adriyen Rabyo: «Muhim futbolchiman, buni yaqqol his qilyapman»

Baho:
+ | -

Adriyen Rabyo Fransiya milliy jamoasi tarkibida ilk marta JCHga yo‘l olmoqda.

Yarim himoyachi yaqinda «A» seriya turnir jadvalida 3-o‘ringa ko‘tarilgan «Yuventus»ning inqirozdan chiqib olganida katta rol bajardi. «O‘zi maqsadimiz shu edi, - dedi fransiyalik futbolchi Qatarga jo‘nab ketishdan oldin La Gazzetta dello Sport nashriga bergan eksklyuziv intervyusida. - Ishonchim komil, yanvar oyidan Pogba va Kyeza safga qaytishadi va skudetto uchun chinakamiga kurash boshlaymiz».

- Oldinda sizni faoliyatingizdagi birinchi jahon chempionati kutmoqda...

- Aslida 4 yil oldin Rossiyada debyut qilishni o‘ylagandim. Demak, amalga oshmagan orzum endi ushalmoqda. Tabiiyki, hozir bolalikka xos yoqimli tuyg‘ularni eslab, har lahzadan o‘zgacha zavqlan­yapman. Masalan, 2006 yilgi mundialni olaylik: Zidanning aql bovar qilmas o‘yinlari va muxlislarimizning fantastik qo‘llab-quvvatlashlarini so‘z bilan ta’riflash qiyin. Faqat o‘sha yili penaltilar seriyasi bo‘yicha italyanlarga yutqazganimiz alam uyg‘otgandi - achinarli yakun...

- Mana, Qatar mundialiga ketyapsiz. Chempionlik rutbasini himoya qilish Fransiya termasi uchun bajarib bo‘lmas missiya emasmi?

- Hayotda ham, futbolda ham imkonsiz ishning o‘zi yo‘q. Ha, qayta g‘alaba qozonish qiyin, agar jamoangiz favoritlar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, yanada og‘ir. Hozir har bir raqib jamoamizni mag‘lubiyatga uchratish niyatida, chunki amaldagi chempionni yengish boshqacha-da, baribir. Hammasi biz uchun yaxshigina jamoaviy sinov, har qanday holatda maqsadimiz o‘zgarmaydi - tarixni qayta yozmoqchimiz. Boshqa gap yo‘q. Vazifani qanday uddalaymiz - bunisi endi har bir futbolchi uchun noyob tajriba.

- Bosh murabbiy Didye Desham sizni muvozanatlashgan futbolchi sifatida maqtamoqda.

- Bu haqda tez-tez gaplashamiz. O‘zim ham muvozanatni to‘g‘ri ushlashga e’tibor qarataman va ma’lum darajada uddalayapman ham. Murabbiyning so‘zlari esa shunchaki, shaxsiy xulosamga asos. Muvozanatlashgan futbolchi? Bu - hujum va himoya o‘rtasida bog‘lam o‘rnatish, maydonda to‘g‘ri pozisiya tanlash, o‘yin borishini oldindan ilg‘ash, vaziyatlarga yengil moslashish, to‘p yoki to‘psiz harakatlanish, taktik fikrlash bilan jamoa­doshlar harakatiga munosabat bildirish.

- «Yuventus»da Sarri va sizni Turinda ko‘rishni juda xohlagan Allegri bosh­qaruvida o‘tgan mavsumlar o‘sishingizga qanchalik yordam berdi?

- Sarridan ko‘p narsa o‘rgandim, ammo Allegri o‘yinimni yaxshilashimga ko‘proq imkoniyat yaratdi. Masalan, uning yordamchilaridan biri Paolo Byanko bilan tez-tez videoyozuvlar orqali hammasini alohida tahlil qilamiz. Menda sifat va natija yaxshilangani avvalo, o‘zimga, qolaversa, terma jamoaga ham foyda, garchi Desham qo‘l ostida boshqacharoq o‘ynasakda.

- «Yuventus» ayni payt turnir jadvali 3-pog‘onasida bormoqda. Skudetto yutishga aqlingiz yetyaptimi?

- Tarkibimizni hisobga olsak, chempionlik uchun kurasha olishimizga hech qachon shubhalanmaganman. Ha, chempionat startida jarohatlar ortidan ancha qiynalganimiz rost. Har holda, ko‘plab uchrashuvlarda to‘liq kuch bilan o‘ynolmadik. Shunga qaramay, jahon chempionatigacha yuqoriga ko‘tarilish va yanvar oyidan mavsumni qoyilmaqom tarzda boshlagan «Napoli»ga jiddiy kurash taklif etishni o‘ylagandik. Neapol klubining hali ko‘p ochko yo‘qotishiga shubha yo‘q, to‘g‘ri, hammasi avvalo, o‘zimizga bog‘liq. Tabiiyki, 10 ochkolik farq juda katta, lekin mavsum ancha uzoq, shunday emasmi? Ishonchim komil, Kyeza va Pogbaning qaytishlari bilan o‘yinimiz yanada kuchayadi. Qolaversa, Fajoli, Miretti, Soule va Iling-Junior kabi yoshlardan ham umid katta. Xullas, birga olg‘a borsak, yakunda skudettoni o‘z tomonimizga og‘dirishimiz mumkin. Afsuslanarli tomoni, jamoa to‘g‘ri ritm va muhitga tushib olgan payt hozirgi tanaffus yuzaga keldi.

- Faoliyatingizda ilk marta jamoa bilan CHL 1|8 finalidan chetda qoldingiz...

- Nafaqat futbolchilar, balki «Yuventus»ga daxldor barcha-barcha uchun katta umidsizlik... CHLdek turnir guruh bosqichidagi 5ta mag‘lubiyatni hazm qilish mushkul, lekin nachora, shunday bo‘ldi. Omadsizlikdan keyin o‘zimga so‘z berdim: «Tamom, endi YELda g‘alaba qozonib, barchasi tasodif ekanligini isbotlash kerak». Bu turnirda ham buyuk jamoalar yo‘q emas. Umuman, YEL biz uchun yaxshi chaqiruv va turnir skudetto yo‘lidagi kurashda kerakli turtki berishiga ishonaman.

- «Yuve» safiga qo‘shilganingizdan buyon Kuadrado bilan birga eng ko‘p o‘ynagan futbolchi bo‘lib turibsiz. To‘g‘risini ayting, sardorlik bog‘ichiga qiziqyapsizmi?

- O‘zimni allaqachon muhim futbolchidek his qila boshlaganman. Har holda, Allegri menga mutlaqo ishonadi. Bog‘ich uchun kurashda esa allaqachon iyerarxiya shakllangan: Bonuchchi, Kuadrado, Danilo. Bu haqda o‘ylash mantiqan to‘g‘ri, ammo ustuvor emas. Eng asosiysi - «Yuve»ni yana yuksaklikka ko‘tarish.

- Yillar davomida «A» seriya qanchalik o‘zgardi?

- Ilgari «Yuve» duch kelgan raqibni osongina mag‘lub etgandir ehtimol. Hozir esa chempionat ancha murakkablashdi, har bir jamoaning o‘ziga xos xususiyatlari bor. Bejiz «A» seriyani butun dunyo kuzatmayapti. O‘ylaymanki, yaqqol rivojlanish bor. Kurash qanchalik qizisa, yakuniy g‘alaba shunchalik totli bo‘ladi. Muhimi, kuchli raqobat muxlislar uchun qiziqarli, futbolchilarga foydali.

- Amaldagi shartnomangiz muddati tugayapti. Kelajak rejalari qanday?

- APL klublari bilan aloqaga chiqqanim haqida tarqalgan xabarlarni inkor etmayman, lekin yakunda qoldim, bu ham yaxshilikka... Yashirmayman, APLga qiziqishim hali so‘nmagan, ammo kelajak haqida ko‘p o‘ylashni xohlamayman. Qolaversa, ayni payt bor e’tiborni JCHga qaratganman. Oddiy aytganda, yakuniy to‘xtamga kelishda xuddi «Yuve» kabi sira shoshilmayman, barchasini ko‘rib chiqishga ulguraman hali.

- JCH Italiya termasisiz qanday kecharkin?

- Ha, italyanlar bilan turnir yanada qiziqarli tus olardi. Ochig‘i, Italiya termasining saralashdan qanaqasiga  chiqolmaganini tushunish qiyin. Juda alamli yo‘qotish.

- Pogba va Kante yo‘q, Fransiyada endi sizga ko‘p umid bog‘lashmoqda. Bunga tayyormisiz?

- Jamoa shohsupadan joy olishi uchun har bir o‘yinda bor kuchimni sarflashim ta­yin. O‘ylaymanki, hozir eng yaxshi jismoniy va ruhiy holatdaman.

- Qaysi jamoani JCHning bosh favoriti sifatida ko‘r­yapsiz? «Syurpriz» ulashuvchi kuch qaysi?

- Favorit - Argentina termasi. Shuningdek, Niderlandiya jamoasini ham alohida kuzatib borish kerak.

- Fransiya termasi ham favoritlar qatorida, to‘g‘rimi?

- Bugun umidlar ancha kuchli, jamoa ham o‘zgardi, ayrim muhim futbolchilar biz bilan birga emaslar. Lekin bu hech narsani anglatmaydi - diqqatimizni to‘liq jamlaganmiz va oxirigacha borishni xohlaymiz.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:23, 25.11.2022.
O'qildi: 1450 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.