Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Yelsin Texeda: «Endi 4-mundialdan umidvorman»

Yelsin Texeda: «Endi 4-mundialdan umidvorman»

Baho:
+ | -

Qatar-2022 Kosta-Rika milliy jamoasi yarim himoyachisi Yelsin Texeda uchun faoliyatidagi 3-jahon chempionati bo‘ldi.

O‘z nomi bilan rossiyalik jurnalistlar e’tiborini tortgan futbolchi turnirda gol urish asnosida ham nazarga tushdi. Rossiya federasiyasi birinchi prezidenti sharafiga nom olgan stopper guruh bosqichi 3-tur o‘yinida kimsan Manuel Noyerni ojiz qoldirdi. Aytish o‘rinli, bu Yelsin uchun JCHdagi debyut gol bo‘ldi.

- Suhbat boshida ozgina ortga qaytamiz, JCH-2018 vaqti ismingiz tufayli Rossiyada sizga qanday munosabatda bo‘lishdi?

- Ha, esimda, ismim haqida tez-tez so‘rashgan va hammaga buning tarixini aytib bergandim. Ota-onam Rossiya sobiq prezidentini juda yaxshi ko‘rishgan, shuning uchun menga shunday ism qo‘yishgan.

— Yelsinlar oilasiga nima deyishni xohlardingiz?

- Aytadigan biror gapim yo‘q, shunchaki, ismim shunday va bu o‘zimga juda yoqadi. Ochig‘i, Yelsinlar oilasi haqida hech narsa bilmayman ham.

- Yelsinning siyosiy fao­liyati bilan tanishmisiz? Ehtimol, ba’zi kitoblarini o‘qigandirsiz...

- Yelsin kimligini bilaman, ammo u haqda to‘liq ma’lumotga ega emasman, qiziqmaganman ham. Muhimi, ismim yoqadi. O‘zi Yelsin ismini otam tanlaganmi yoki onam - bunisini ham bilmayman. 

— Sizga Rossiya klublaridan takliflar tushmaganmi?

- Hozircha yo‘q. Lekin qaysidir jamoa menga o‘z eshigini ochsa, tayyorman. Chunki Rossiyadek go‘zal va chiroyli mamlakatda o‘ynash o‘zgacha tajriba bo‘lardi. Qolaversa, bilishimcha, Rossiyada binoyidek chempionat va kuchli klublar bor. Xullas, u yerda o‘ynash imkoniya­tini mamnuniyat bilan qabul qilardim.

- Rossiya termasi Qatar-2022ga bormadi. Bu masalada nima deya olasiz?

— Rossiya termasi munosib futbolchilarga ega ekanligidan xabarim bor. Lekin Yevropada raqobat baland, kuchli terma jamoalar juda ko‘p (aftidan, Yelsin Rossiya termasi saralashdan chetlashtirilganini bilmaydi).

- Rossiya safaridan qanday taassurotlar qolgan?

— Rossiyaga JCH-2018 startidan vaqtliroq tashrif buyurgandik, chunki jamoamizning o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushishi rejalashtirilgandi. Ajoyib mamlakat, faqat biroz sovuqligini aytmaganda.

- Kosta-Rika termasi nemislarga qarshi uchrashuv davomida «pley-off»ga chiqish uchun real imkoniyat hosil qildi. O‘sha pallada qanday holatga tushdinglar?

- So‘z bilan ifodalashim qiyin. Butun jamoa shuni xohlagandi. O‘yin tugashiga 13 daqiqa qolgandi, bizda yana imkoniyatlar yuzaga keldi. Faqat yakuni o‘xshamadi, afsusdaman...

- Manuel Noyerdek kiper darvozasiga to‘p kiritganingizda, nimani his qildingiz?

- O‘zimni yo‘qotib qo‘yishimga sal qoldi. Odatda uncha ko‘p gol urmayman, jahon chempioni sanalgan Germaniya termasi darvozasini nishonga olish, yana mundialda... To‘g‘risi, bunday gol har qanday futbolchiga alohida zavq bag‘ishlaydi.

— Qatar-2022 siz uchun 3-mundial bo‘ldi. Endi to‘rtinchi turnirda ham qatnashishni rejalashtirayotgandirsiz...

- Albatta. Bu yo‘lda qattiq ishlash, o‘yinchilik sifatlarimni yaxshilab borishga tayyorman. Xudoning o‘zi jamoamiz bilan 4-jahon chempionatiga chiqishimda yordam berishidan umidvorman.

- JCH-2022dagi eng murakkab va yaxshi o‘yinlar...

- Har qanday o‘yin oldidan biroz asabiylik kuzatiladi. Axir JCHda sayyoramizning eng kuchli jamoalari o‘ynaydi. Startda Ispaniya termasi darvozamizni 7 marta nishonga oldi - juda og‘ir kun. Yaponlar ancha tezkorlar, Germaniya termasi esa jismoniy jihatdan kuchli. Xullas, Qatarda bir-biridan murakkab raqiblar bilan to‘qnash keldik. Tushunish kerak, bunday guruhdan «pley-off»ga chiqish oson emas. Ehtimol, boshqa kvartetga tushganimizda, yakun o‘zgacha ko‘rinish olarmidi?

- Sizningcha, joriy jahon chempionatida qaysi jamoa g‘alaba qozonadi?

- Buni hech kim bilmaydi. Kuchli va munosib jamoalar ko‘p. Masalan, menga Fransiya termasi uslubi yoqadi. Braziliya jamoasi ham o‘ta dahshatli. O‘ylaymanki, shu ikkisidan biri g‘alaba qozonadi.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 15:54, 08.12.2022.
O'qildi: 1267 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.