Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Mirjalol Qosimov bilan turli masalalar yuzasidan suhbat

Mirjalol Qosimov bilan turli masalalar yuzasidan suhbat

Baho:
+ | -

AGMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov yaqinda PFL matbuot xizmatiga intervyu berib, yakuniga yetgan mavsum taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Olmaliq klubi ustozi qisqa suhbat davomida bir qator qiziqarli savollarga bafurja javob qaytardi.

- Ko‘pchilik AGMKning yana kuchli uchlikka kirishini kutgandi. Xo‘sh, 2022 yilgi yakuniy natijani qanday qabul qildingiz?

- Ha, o‘zimiz ham sovrinli o‘rindan joy olishni o‘ylagandik. Hozircha ikki xulosa bor. Birinchisi - mavsumni yaxshi boshlay olmadik. Ya’ni avvaliga Bekobodda mag‘lubiyatga uchradik, keyin adashmasam, «Lokomotiv»ga ham yutqazdik. Shunga qaramay, oldimizga qo‘yilgan maqsaddan og‘ishmadik. Unga muvofiq, OCHL kvotasi tegadigan joyga ilinishimiz lozim edi. Bir tomondan, OCHL yo‘llanmasini qo‘lga kiritdik, bosh­qa tarafdan, sust start oldik, chempionat davomida barqaror futbol ko‘rsatolmadik. Ikkinchi xulosa - 4ta o‘yinda 4ta qizil kartochka oldik. Bu esa 12 ochko yo‘qotilishiga olib keldi. Mavsum uchun 4ta «qizil» - juda ko‘p, albatta. Yigitlar qayerdadir xatoga yo‘l qo‘yishdi, natijada keraksiz joyda qizil kartochkalar olindi. Ushbu holatlar tabiiyki, natijaga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Agar shu o‘yinlarda jamoamiz futbolchilari chetlatilmaganlarida, 100 foiz bo‘lmasa-da, 70 foizlik natija qayd etgan holda, balki oxirigacha chempionlik uchun kurasharmidik..?

- Umuman, jamoangiz yakunlangan chempionat davomida 2023 yil uchun ham qadam tashladimi yoki bu masalaga endi kirishiladi?

- 2023 yilga tayyorgarlik jarayonini mavsum-2021dayoq boshlaganmiz. Deylik, 2022 yili OCHLda ishtirok etishni ta’minlashimiz zarur edi. Mana, yangi mavsumda ham xalqaro turnirda qatnashamiz. To‘g‘ri, barchasini «pley-off» bosqichidan boshlaymiz. Lekin bu ham o‘ziga yarasha natija, albata. Maqsad - OCHL guruh bosqichiga chiqish, Olmaliqqa Osiyo futboli nafasini olib kirish. Zero, avvalo, muxlislar uchun o‘ynaymiz. Ha, bizda muxlislar armiyasi Qarshi yoki Namangandagi kabi katta emasdir, ammo olmaliqliklar ham shunday nufuzli musobaqani ko‘rishga loyiqlar, menimcha.

- So‘nggi yillar bilan solishtirganda, bu yilgi mavsum nimalari bilan ajralib turdi?

- Birinchi davrani olsak, peshqadam har turda o‘zgarib turdi. Masalan, oldinlari «Paxtakor» birdan yetakchiga aylanib olardi va oxirigacha holat o‘zgarmasdi, jamoa chempionlikni ancha erta hal qilardi. Oxirgi mavsum esa AGMK, «Paxtakor», «Navbahor», «So‘g‘diyona», «Nasaf» o‘rin almashib turdi. Finish marrasida 3ta jamoada chempionlik uchun imkoniyat saqlanib turdi. Quyida ham qaysi klublarning chiqib ketishi noma’lum qoldi, «Dinamo»dan tashqari, albatta. Chempio­natimizda bunaqasi ancha oldin ro‘y bergandi. O‘shanda «Bunyodkor»da ishlagandim va oxirgi tur shu kabi keskin tus olgan. Adashmasam, yakunda «Bunyodkor» chempionlikka erishgandi. Esimda, Jizzaxda o‘tgan so‘nggi o‘yinda 2:0 hisobini qayd etgandik. Bizga «Nasaf» va «Lokomotiv» raqobat tug‘dirgan bo‘lsa, «Paxtakor» yo‘q edi. Mana, 10 yildan keyin yana shunday vaziyat yuzaga keldi va barchani hayajonda ushlab turdi. «Nasaf» juda yaxshi imkoniyat hosil qildi, biroq 25-turda «Neftchi»ga yutqazib, chempionlikni qo‘ldan chiqardi. Umuman, mavsum qiziqarli o‘tdi, chempionlik poygasi esa alohida e’tiborga molik. 

- Chempionat sur’ati haqida qanday fikrdasiz? U sekinlashayotgandek tuyulmayaptimi?

- Chempionat - qiziqarli va kurashlarga boy. O‘zimizdan kelib chiqib aytsam, 4ta qizil kartochkani bekorga olganimiz yo‘q. Kurash darajasi ortgani sayin kartochkalar soni ham ko‘payib boraveradi. Sur’at ham joyida. Faqat bitta gap - VAR. Bu tizimni ishlatishga tayyor emasmiz. Zero, VAR mukammal ishlashi uchun turli rakursdan tasvirga oladigan kameralar zarur. Ochig‘i, 3ta kamera - bu VAR uchun juda oz. Kamida 8ta kamera bo‘lishi kerak, menimcha. Shuning­dek, VAR tezkor qaror chiqarishi kerak. Ba’zida xulosa chiqarish jarayoni 5 daqiqaga cho‘zilib ketdi. Shu ham futbol sur’ati va jozibasi pasayishiga olib kelmoqda. O‘ylashimcha, bunga hali to‘liq tayyor emasmiz. Mayli, zamon talabi shu, ammo har ishga 100 foiz tayyor holda qo‘l urilsa, yaxshi bo‘lardi. 

- Milliy chempionatning terma jamoaga ta’siri haqida nima deya olasiz?

- Chempionatda intriga, kutilmagan natijalar kuzatilsa, bu terma jamoaga ijobiy ta’sir qiladi. Superliga qancha kuchaysa, termaga shuncha ko‘p foydasi tegadi. Chempionat - fundament. Uning o‘sishi nafaqat milliy, balki olimpiya jamoasiga ham naf keltiradi. 

- Mavsum davomida qaysi klub AGMK uchun eng noqulay raqib bo‘ldi? Eng murakkab o‘yinlar qaysi jamoalarga qarshi kechdi?

- Biror o‘yinimiz oson kechgani yo‘q. Eng noqulay raqib sifatida esa «Paxtakor»ni tilga olsam bo‘ladi. Bunda faqat oxirgi mavsumni nazarda tutmayapman. Ushbu klubga qarshi o‘yinlarda hamisha qiynalamiz. «Paxtakor» bilan bahslarda hali g‘alaba qozonganimiz ham yo‘q. Shunday ekan, eng noqulayi - «sherlar». «Nasaf» ham o‘ziga yarasha murakkab raqib. Ammo qarshiliklar bilan o‘ynash zavq bag‘ishlaydi. To‘g‘ri, to‘p nazoratiga tayanadigan jamoalarga qarshi turish qiyinroq, baribir.  Biroq ikkinchi tomondan, bunday futbolning alohida jozibasi bor. Ha, mavsum davomida 4:0 va 6:0 hisoblarini qayd etdik. Lekin shunda ham og‘irlik sezildi, faqat vaziyatlardan unumli foydalanish evaziga natijani yiriklashtirdik. Vaholanki, o‘sha bahslarda raqiblarda ham yetarlicha imkoniyatlar yuzaga kelgandi. Shunchaki, omad bizga kulib boqdi, xolos...

- PFL o‘yin vaqtini sun’iy ravishda «o‘ldirish»­ga intiladigan futbolchilar va klublarga qarshi chora ko‘rish mexanizmini ishlab chiqmoqda. Bunga munosabatingiz... 

- Futbol - spektakl. O‘yin payti to‘g‘ri xulosa chiqarish mushkul. Futbolchi vaqtni chindan ham, cho‘zmoqdami yoki jarohat olgan - buni aniqlab bo‘lmaydi. Ha, ba’zida futbolchilar gol urgandan so‘ng hiyla ishlatishga tushishadi, ayniqsa, oxirgi daqiqalarda. Bu endi butun dun­yo­da bor. Umuman, vaqt cho‘zish, ayyorlik ishlatishga doim qarshi chiqqanman, shogirdlarimga ham shuni uqtirib kelaman. Futbolchilar shashka o‘ynamayotganlarini tushunishlari, barchasiga chidashlari kerak. O‘zlari shu yo‘lni tanlashgan va sabr qilishga majburlar. 

- 2023 yilgi mavsumdan nimalar kutyapsiz? Jamoangiz oldiga qanday vazifalar qo‘yilgan?

- Oldimizga har doim yuqori maqsadlarni qo‘yamiz. «Osilsang, baland dorga osil» maqoliga mos ravishda chempionlik uchun kurashamiz. Shuning barobarida chiroyli futbol tarafdoriman. Futbolchilik davrida shunday edim, hozir ham bu qarash o‘zgarmagan. Superliga va O‘zbekiston kubogida zafar quchishimiz kerak. Qolaversa, OCHL «pley-off» bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, guruh raundida munosib ishtirok etishni rejalashtirganmiz. Qisqasi, o‘zbek futboli darajasini yuqori ko‘tarishni istaymiz. Federasiya tomonidan katta ishlar olib borilmoqda. Maydonlar holati, yoritish tizimi ustida mehnat qilinmoqda. Shuningdek, o‘yinlar ham odamlar ishdan chiqib, bemalol hordiq chiqarib ketadigan vaqtga to‘g‘rilan­yapti. Buning uchun biz ham qo‘ldan kelganicha harakat qilamiz. Bir muxlis ko‘nglidan joy ola bilsak - bizning yutug‘imiz shu.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:43, 08.12.2022.
O'qildi: 1909 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.