"Portu", "Inter" va "Chelsi"dagi qilgan ishlariga qarab aytish mumkinki, dunyoda Mourinyo kabi katta sovrinlar yutgan murabbiylar sanoqlidir. Ammo uning bir odati ham borki, Mour o‘zi ishlagan har bir klubda futbolchilar bilan urshib qolgan va ularga muammolar yog‘dirgan. Quyida portugaliyalik mutaxassisning "eng yomon ko‘rgan" shogirdlaridan tuzilgan ramziy terma jamoa taqdim etiladi.
Darvozabon: Iker Kasilyas
Mourinyoga Kasilyasning nega yoqmasligi tushunarsiz holat. Lekin shunisi aniqki, Joze ispaniyalik afsonani "Bernabeu"dagi katta obro‘si, "Barselona"dagi do‘stlari, rafiqasining jurnalist bo‘lgani va eng asosiysi, o‘zining taktikalarini xushlamagani uchun yoqtirmagan. Shu sababli, 2012 yilda Diyego Lopesni sotib olib, Kasilyasni zaxiraga mixlab qo‘ygan.
Chap qanot himoya: Vilyam Gallas
Gallas "Chelsi"da Mourinyo bilan kelishmay qoladi. Shu sababli 2006 yilda "Arsenal"ga yo‘l oladi. Himoyachi o‘shanda Mourinyodan nafratlanishini, agarda o‘zini ketishiga ruxsat bermasa, u holda maydonda o‘z darvozasiga gol urishini aytadi.
Markaziy himoya: Rikardu Karvalyu
Karvalyu uzoq vaqt Mourinyo bilan birga bo‘ladi. U hattoki, "Portu"dan "Chelsi"ga Mour bilan birga boradi. Ammo, ko‘p o‘tmay, Karvalyu "Chelsi"ning asosiy tarkibidan tushib qola boshlaydi. O‘shanda Mourinyo Karvalyu haqida shunday degan: "unda voqealarni anglash borasida muammo mavjud. Balki u o‘zining miyasini tekshirtirishi kerakdir".
Markaziy himoya: Serxio Ramos
Mourinyo "Real"da ko‘p futbolchilar bilan urishgan. Shulardan biri Ramosdir. Buni Ramos o‘zining intervyularida ham aytgan. Mourinyo Mesut O‘zilni majburlab zaxirga olganida, Ramos bunga noroziligini bildirib, O‘zilning futbolkasini kiyib oladi.
Chap qanot himoya: Denni Rouz
Mourinyo va Rouz o‘rtasidagi kelishmovchilik hammaga ma’lum. Hattoki, bu narsa hujjatli filmda ham o‘z aksini topgan. Mourinyoning g‘azabi sabab Rouz 23 yoshlilar jamoasida o‘ynashga majbur bo‘ladi. Mourinyo ishdan ketganida Rouz uning ustidan ochiqchasiga kulgandi.
Yarim himoyachi: Pol Pogba
Hammasini nimadan boshlanganini yaxshi bilasiz. Nima bilan tugaganini ham.
Yarim himoyachi: Dele Alli
"Vest Xem"ga qarshi bahs ajoyib kechadi. O‘sha o‘yin Mourinyoning "Tottenxem"dagi ilk rasmiy matchi edi. Dele Alli esa hammasini to‘g‘ri bajargan. 2020-21 yilgi mavsumdan hammasi o‘zgardi. Mourinyo Allining yoqmayotganini ochiq aytadi.
Yarim himoyachi: Genrix Mxitaryan
Armanistonlik yulduz "Borussiya Dortmund"dan "MYU"ga o‘tganida dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri edi. Ammo Mourinyo barchasini o‘zgartirdi. U yangi futbolchini hammaning oldida tanqid qila boshladi. Mourinyo yarim himoyachiga: "sen tufayli butun matbuot meni gapirmoqda" degan. Ammo hozir ular "Roma"da birga ishlashmoqda.
O‘ng qanot hujum: Eden Azar
2014 yilning may oyida Mourinyo Azar haqida shunday deydi: "Azar jamoa uchun borini berib o‘ynamayapti". O‘shanda "Chelsi" YECHLda "Atletiko" to‘sig‘idan o‘ta olmaydi. Ikki yildan keyin esa Antonio Konte jamoaga kelib, Azarni qaytadan "tiriltirgan".
Chap qanot hujum: Jo Koul
Mourinyo Koulni "Chelsi" ko‘p marta izza qilgan. Xususan, u hujumchini doimo ko‘p mehnat qilmaslikda, himoyaga yordam bermaslikda ayblar edi. Shunga qaramay, Koul "Chelsi"ni titul olgan mavsumlarida katta ishni bajarib bergan.
Hujumchi: Antoni Marsyal
2018 yilni yoziga qaytamiz. Antoni Marsyalda oilaviy masalalar ko‘payib ketadi. U farzandi dunyoga kelayotgani sababli "MYU"ning AQSHdagi mavsumoldi o‘yinlarini o‘tkazib yuboradi. Shundan keyin hammasi boshlangandi. Marsyal ortiq Mourinyoga xush kelmaydi. Mavsum davomida fransuz hujumchisi asosiy tarkibga kirishga qiynaladi. Chunki Mour shunday qilgandi.
ISMATOV J.