"Barselona" klubida so‘nggi 12 oy davomida katta bo‘hronlar yuz bergandi. Natijada, ko‘plab o‘zgarishlar amalga oshirildi. Xususan, tarkibda ham. Futbolchilar ko‘p ekani sababli, klub ayrim a’zolarini ijaraga berishga majbur bo‘ldi. Quyida 2022-23 yilgi mavsumda "Barsa"ga tegishli futbolchilarning ishlari qanday ketayotganiga e’tibor beramiz.
Kleman Langle
Langle uchun ijarami yoki doimiy, jamoadan ketish juda ham zarur edi. Chunki himoyachi asosiy tarkibdan tushib qolayotgandi. Buni uning o‘tgan mavsumdagi statistikasidan ham bilib olish mumkin. Langle "Barselona" safida atigi 7 ta bahsda ishtirok etgan. Fransuz futbolchisi joriy mavsumda "Tottenxem" safida harakat qilmoqda. U barcha musobaqalarda 14 ta o‘yin o‘tkazishga ulgurdi. Xususan, APLda u qatnashgan o‘yinlar soni 8 taga tengdir. Shunga qaramay, so‘nggi xabarlarga ko‘ra, "shporlar" Langleni doimiy sotib olishni reja qilmagan.
Fransishku Trinkan
Portugaliyalik hujumchi o‘tgan mavsumni "Vulverxempton" safida o‘tkazgan edi. Ammo bu davr 22 yoshli uchun unchalik ham omadli bo‘ldi deya olmaymiz. Trinkan o‘z rivojlanish yo‘lida bu mavsumdan "Sporting"da harakat qilishga qaror qildi. Bu esa nisbatan to‘g‘ri qaror edi. Chunki u hozirga qadar Lissabon klubi uchun 5 ta gol va 1 ta assist ijro etishga erishdi.
Niko Gonsales
Xavida bu mavsum uchun yetarlicha yarim himoyachi tanlovi mavjud edi. Bu narsa Gonsalesni bir mavsumga boshqa jamoa qidirishini anglatardi. Yozda u "Barsa" bilan avvaliga yangi, 2026 yilga qadar mo‘ljallangan bitim tuzdi. Keyin esa "Valensiya"ga ijaraga berildi. Niko "ko‘rshapalaklar" safida bu mavsumda 12 ta o‘yinda ishtirok etdi.
Aleks Kollado
Kollado La Masiyadan chiqqan. U 2009 yildan beri akademiyada edi. Bu mavsum Kollado "Elche" safiga tajriba to‘plash uchun jo‘natildi. Ammo bu jamoaning natijalari ancha yomon. La-liganing 20-o‘rini, aynan "Elche" tomonidan band etilgan. Bu klub hali birorta o‘yinda g‘alaba qozona olmadi.
Samyuel Umtiti
Umtiti "Barselona"da quvg‘inga uchragan deyish mumkin. Katalon klubi anchadan buyon uni sotib yuborishga harakat qilmoqda. Masalan, fransuz futbolchisi so‘nggi ikki yilda "Barsa"da jami 7 marta maydonga tushgan. Shu sabab u Italiyaning "Lechche" jamoasiga ijaraga berildi.
Serjinyo Dest
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, "Milan" Destni butunlay sotib olishni o‘ylamoqda. Ha, amerikalik himoyachi milanliklar safida mavsum mobaynida ko‘p ko‘rinish bermadi. Ammo 22 yoshli futbolchining kelajagi hali ham yorqin bo‘lishiga ishonuvchilar topiladi. Xarholda, "Milan" rahbariyati shunday o‘ylamoqda.
Abde Ezzalzuli
Ezzalzuli Jahon chempionatida Marokash safida harakat qildi. Uning klubi esa "Osasuna" sanaladi. U yerda 20 yoshli yarim himoyachi yaxshi amaliyotga ega. Xususan, u 2 ta assistga mualliflik qilishga ulgurdi. Ko‘ramiz, uning keyingi taqdiri ne kecharkin.
ISMATOV J.