Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«Uning ismi yodimda yo‘q, qayerdan keldi?...»

«Uning ismi yodimda yo‘q, qayerdan keldi?...»

Baho:
+ | -

Sensasiyalar mundialining nimchorak finalida Marokash to‘sig‘idan o‘ta olmagan Ispaniya terma jamoasining bosh murabbiyi Luis Enrike shunday degandi:

 «8-raqam meni hayron qoldirdi. Nomini eslay olmayapman, uzr... Tavba, bu yigit qayerdan paydo bo‘ldi? Saviyali o‘yinchi. Uni yoqtirib qoldim». Bu iliq fikrlar Azzidin Unai sha’niga yo‘llangan. Bir yarim yil avval bu futbolchi Fransiyaning 3-divizionida to‘p surardi.

«Strasbur» joy bermagach, 3-ligadagi «Avransh»ga yo‘l oldi

15 yoshli paytida Azzidin qirol Muhammad VI akademiyasiga yo‘l olib, 3 yildan so‘ng Fransiyadan taklif oldi. Uni «Strasbur» o‘rinbosarlari tarkibiga chaqirishgandi. Shu tariqa 2018 yil iyulida Unaining faoliyati boshlangandek edi.

«Dastlabki shartnomaga imzo chekkach, keyinroq professional shartnomani rasmiylashtirsalar kerak, deb o‘ylagandim. Uni lokdaundan keyin imzolayman, deb o‘ylagandim. Biroq men xatoga yo‘l qo‘ygandim. Shunga qaramasdan, e’tiroz bildirmadim. Lekin Liga 1 yoki Liga 2da o‘ynash uchun yetarli qobiliyatga ega ekanligimga amin edim», - degandi Azzidin.

Biroq Unaida oliy ligalar jamoalariga o‘tish varianti yo‘q edi. Shu bois, 3-diviziondagi «Avransh» taklifini qabul qildi.

«Aziddin faqat yuksak saviyada o‘ynash uchun yaratilgan, degan fikrdan yiroqman. Lekin uning iqtidorli o‘yinchi ekanligi har bir mashg‘ulotda yaqqol ko‘rinib turardi. Shu bois, u o‘z o‘rnini tezda topib olishiga shubha qolmadi. Maydondagi samarali harakatlaridan tashqari, u o‘ta chidamli o‘yinchi edi», - degandi «Avransh» bosh murabbiyining assistenti Koranten Bushar

«Uning saviyali o‘yinchi ekanligini bilardim. Lekin shu qadar tez yuksak saviyaga erisha oladi, deb o‘ylamagandim. Unai Liga 1da, JCHda to‘p surayotgani bilan faxrlanaman» - bu «Avransh» bosh murabbiyi Frederik Rekuloning dil so‘zlari edi.

2021 yil mayida «Avransh» 18 jamoa orasida 13-o‘rinni band etib, 3-ligadagi o‘rnini bazo‘r saqlab qoldi. Lekin 27ta o‘yinda 5ta gol urgan markaziy yarim himoyachi o‘zining driblingi va mehnatsevarligi bilan ko‘pchilik e’tiborini tortdi. Biroq skautlarni bir oz o‘ylantirib qo‘ygan jihatlari ham yo‘q emasdi.

«U ko‘pchilikning kuzatuvida edi. Ammo klublar tavakkal qilishni istamadilar. Skautlarga Azzidin Liga 1 yoki Liga 2 uchun nimjondek ko‘ringandi», - deydi Bushar. Biroq o‘tgan yilning yozida «Anje» tavakkalga qo‘l urib, Unai uchun 350000 yevrodan voz kechdi.

«Azzidinni kuzatgan klublar ichida faqat «Anje» Liga 1 vakili edi. U mahoratli o‘yinchi bo‘lsada, o‘ta ozg‘in, nisbatan kuchsizroq edi. Shu tufayli jismonan kuchli raqiblarga qarshi to‘p surish oson emasdi. Lekin o‘ziga qat’iy ishongan Azzidin Liga1 klubining boshlang‘ich tarkibida o‘ynashni uddaladi. Menimcha, oliy divizionga osonlikcha moslasha oldi», - dedi marokashlik kasbdoshimiz Jilda Krozon.

«Unaini ko‘pchilik yaxshi bilmaydi, ammo u maydondagi eng yaxshi o‘yinchi». 2021 yil yozida «Anje»dagi, 2022 yil qishida terma jamoadagi debyutlarini nishonladi

Avgust oyida Unai «Lion»­ga qarshi 15 daqiqa o‘ynadi, gol urib, «Anje»ning yirik g‘alabasini (3:0) ta’minladi. O‘sha mavsumda u 32 marta maydonga (16tasi boshlang‘ich tarkibda) tushdi. Vohid Xalilxojich uni AMK turniriga chaqirganida, ko‘pchilik hayron bo‘lgandi. 10 yanvardagi Ganaga qarshi guruh bos­qichi bahsida Azzidin terma jamoadagi debyutini 90 daqiqa to‘p surish bilan nishonladi.

JCH-2022ning saralash bos­qichidagi Kongo DRga qarshi o‘yinda Unai dublga, Marokash yirik (4:1) g‘alabaga erishdi va Qatar yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

«Mana shu o‘yin hammasini o‘zgartirib yubordi. Bungacha Azzidin Marokashda ham ko‘pchilik bilmaydigan yosh o‘yinchi edi. Kutilmaganda, bir dumalab, «kumir»ga aylandi-qoldi», - deydi Krozon.

Yozda «Sevilya» Unai uchun 12 mln. bermoqchi bo‘lgandi, lekin Azzidin «Anje» bilan 4 yillik yangi shartnomani imzoladi.

«Bosh murabbiy Jeral Batikl unga katta umid bog‘laganligini, Unai yetakchi o‘yinchi bo‘lishi shartligini aytgandi. Shogirdi mavsumning start uchrashuvidayoq bu rolga tayyor ekanligini namoyish etdi», - deydi Krozon.

To‘g‘ri, «Nant»ga qarshi kechgan o‘sha bahs nursiz (0:0) durang bilan tugagan, biroq Unai «Tottenxem» va «Nyukasl»ning sobiq o‘yinchisi bo‘lmish Mussa Sissokoga umuman imkon qoldirmagandi: «O‘yindan keyin Sissoko Azzidinni bilmaganini tan oldi. Uning e’tirofi Marokashdan taslim bo‘lgan Luis Enrikeniki bilan bir xil edi. Unai - hech kim bilmaydigan, «ko‘rinmas», ammo maydondagi eng zo‘r o‘yinchi».

Hozirda Unai Liga 1ning Lionel Messidan keyingi eng zo‘r driblingchisi. «Anje» yarim himoyachisi 37ta, argentinalik daho esa 47ta samarali aldamchi harakatni amalga oshirishgan. Qatar mundiali snayperlarining sardori - Kilian Mbappe 3-o‘rinda (27) bormoqda.

Ha, joriy mavsumda «Anje»ning ishlari yurishmayapti, jamoa 15ta uchrashuvda atigi 2ta g‘alabaga erishdi va so‘nggi o‘rinda bormoqda. Jumladan, Unai ham talab darajasida o‘ynay olmayapti.

Azzidin «Anje»da JCHdagidek to‘p sura olmayapti. U va Sofyan Bufal mundial arafasidagi «Lill»ga qarshi bahsni o‘tkazib yuborishdi, jamoa 8-mag‘lubiyatini qabul qildi va klub bosh murabbiyni iste’foga chiqardi.

Avgustda Marokash terma jamoasi tizgini Vohid Xalilxojichdan Volid Regragiga o‘tgan bo‘lsada, Unaining nufuzi pasaymadi: Afrika uchun tarixiy maqomdagi mundialning barcha uchrashuvlarida u boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi.

Ispaniyaga qarshi nimchorak final bellashuvida Azzidin barcha futbolchilardan ko‘proq yugurdi - 119-daqiqada o‘z o‘rnini jamoadoshiga bo‘shatib bergunga qadar 14,7 km. masofani ortda qoldirgandi. «Bu yigit butun o‘yin davomida tinmay yugurdi. Shuncha yugurib, holdan toymaganiga hayronman», - degandi Luis Enrike hayrat bilan.

«Bugun biz kamdan-kam uchraydigan ishni amalga oshirdik. Jamoamiz iqtidorli yoshlardan tuzilgan, turnirda yanada uzoqroqqa bora olamiz. O‘yindan keyin Marokashdagi, Yevropa va Afrikadagi bayram tanatanalarini tomosha qildik. Muxlislar ko‘chalarni to‘ldirib yuborishgan. Biz bu bilan faxrlanamiz» - degandi Unai penaltilar seriyasidagi g‘alabadan ke­yin.

«Azzidin - jamoamizning muhim o‘yinchilaridan biri. U o‘ta yuqori mahorat sohibi, to‘p uchun kurashga kirishganida, hech kim uni to‘xtata olmaydi. U yanada ko‘proq manfaat keltirishga qodir», - deydi himoyachi Naif Ager.

«Men bilan yuz bergan voqea - ertakdagi mo‘’jiza! Bir yarim yil avval 3-divizionda o‘ynab, JCHda to‘p surishni tasavvur ham qilolmasdim. Mehnatlarim zoye ketmadi. «Anje»ga o‘tishim terma jamoadan chorlov olish imkoniyatini berdi», - deydi Azzidin.

«Unai hozir yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi. U ajoyib, yoqimtoy o‘yinchi. Muxlislar aynan unga o‘xshagan futbolchilar o‘yinlarini tomosha qilish uchun stadionlarga keladilar. Azzidin hayratomuz to‘p surishda davom etishidan umidvorman», - deydi Bushar.

Mazkur e’tirofdan keyin Azzidin Unai va uning ahil jamoadoshlari yarim finalgacha yetib kelishdi va nafaqat marokashlik muxlislar qalbidan, balki futbol olami tarixidan ham munosib joy olishdi.

A.AHMEDOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:30, 28.12.2022.
O'qildi: 2429 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.