O‘zbekiston U-20 terma jamoasi va Portugaliyaning “Braga” klubi futbolchilari Sadriddin Hasanov va Sayfiddin Sodiqov ilk bor milliy terma jamoa yig‘iniga jalb etildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Yosh futbolchilar sentyabr-oktyabr oylaridagi FIFA kunlari doirasida bosh murabbiy Fabio Kannavaro qo‘l ostida Eron va Janubiy Koreyaga qarshi o‘tkaziladigan o‘rtoqlik uchrashuvlariga tayyorgarlik ko‘radi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Eron bilan 24 sentyabr kuni Farg‘ona shahrida, Janubiy Koreyaga qarshi esa 6 oktyabr kuni safarda o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi. Ushbu uchrashuvlar 2027 yilgi Osiyo Kubogiga tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi.
Ma’lumot uchun, har ikki o‘zbekistonlik futbolchi yozgi transferlar oynasida ijara asosida Portugaliyaning “Braga” klubiga qo‘shilgandi.
Ularning ijara shartnomasida to‘liq sotib olish huquqi ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu summa Sadriddin Hasanov uchun 250 ming yevro (taxminan 3,41 mlrd so‘m), Sayfiddin Sodiqov uchun esa 300 ming yevroni (taxminan 4,1 mlrd so‘m) tashkil etadi.
Agar Portugaliya klubi ushbu bandni faollashtirib, o‘yinchilarni to‘liq sotib olsa, ular bilan 5 yillik shartnoma imzolanadi. Bunday holatda “Bunyodkor” va “Odil Ahmedov FA” jamoalari o‘z tarbiyalanuvchilarining kelajakdagi har qanday transferlaridan ma’lum miqdordagi foiz ulushiga ega bo‘ladi.













