"Neftchi" tarkibini braziliyalik markaziy himoyachi Mikel Augusto Modesto Rafael dos Santos bilan kuchaytirdi. 23 yoshli futbolchi yangi mavsumdan Farg‘ona klubi sharafini himoya qiladi.
Mikel Augusto 2003 yil 20 may kuni Braziliyaning Avare shahrida tug‘ilgan. Bo‘yi 190 santimetr bo‘lgan himoyachi asosan markaziy mudofaa chizig‘ida harakat qiladi.
Futbolchi Braziliyaning mashhur klublaridan biri "Palmeyras" akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U klubning yoshlar tizimidan asosiy jamoagacha bo‘lgan bosqichlarni bosib o‘tgan va Braziliya A Seriyasida ham maydonga tushgan.
Mikel xalqaro miqyosda ham tajriba to‘plagan. U Braziliya yoshlar terma jamoasi safida O‘zbekiston U-20 terma jamoasiga qarshi ham o‘ynagan.
Shuningdek, himoyachi 2023 yil Braziliya U-23 terma jamoasi bilan Panamerika o‘yinlarida ishtirok etib, musobaqa g‘olibiga aylangan. Turnir davomida u 4 ta uchrashuvda maydonga tushgan.
Mikelning faoliyatida "Palmeyras" bilan Libertadores kubogi, Braziliya A Seriyasi, Braziliya kubogi, Recopa Sudamericana va Paulista chempionati kabi turnirlardagi muvaffaqiyatlar ham qayd etilgan.
Shu tariqa, Osiyo Chempionlar Ligasi Elit musobaqasi oldidan "Neftchi" himoya chizig‘iga yana bir legionerni qo‘shib oldi.













