Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

«Qizillar»dagi o‘zgarishlar

«Qizillar»dagi o‘zgarishlar

Baho:
+ | -

Futbol jamoatchiligining asosiy e’tibori qatar mundiali bellashuvlari bilan band bo‘lgan pallada «Liverpul»da avvaliga odatiydek ko‘ringan, aslida o‘ta muhim o‘zgarishlar yuz bermoqda.

Ochig‘ini aytganda, bu ishlarning oxiri baxayr bo‘lishiga kafolat yo‘q. Mersisaydliklar jamoaning tiklanishi va taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan mutaxassislardan judo bo‘lmoqdalar. Balki bunga klub rahbariyatining jamoani sotib yuborish xususida bosh qotira boshlagani sabab bo‘lgandir.

Hammasi Fenwey Sports Group (FSG) kompaniyasining tashqi sarmoyadorlar bilan hamkorlik qilishga yoki jamoani to‘la-to‘kis sotib yuborishga tayyor ekanligini e’lon qilganidan keyin boshlandi. Kompaniya vakillari oldi-sotdi borasida shoshilmasliklarini bayon etishgan bo‘lsada, munosib xaridorlarni topish jarayoni boshlangan. OAV xabarlariga ko‘ra, klubdagilar FSGning ko‘p jihatdan transfer bozoridan keladigan daromadlarga asoslangan boshqaruv uslubi avvalgidek samarali emas.

FSGning klubni sotishga tayyorligi haqidagi bayonoti muayyan qarorlarga olib keldi. Birinchisi - Mayk Gordonning odatiy faoliyatidan voz kechishi. Mayk ish hajmi jihatidan «Liverpul»ning 2-sarmoyadori va klubning kundalik faoliyati uchun mas’ul shaxs edi. Endi bu majburiyatlardan ozod etilib, «qizillar» uchun munosib xaridorlarni izlash bilan shug‘ullanadi.

Gordon jamoaning so‘nggi yillardagi muvaffaqiyatlariga ulkan hissa qo‘shdi. U FSGning Bostondagi ofisi bilan Mersisayd o‘rtasidagi bog‘lovchi zveno edi. Yurgen Kloppning aprel oyidayoq yangi shartnomaga imzo chekishiga aynan Gordon sababchi bo‘ldi. Shuningdek, u klubda sport direktori lavozimini tashkil etdi va Maykl Edvardsni shu lavozimga tayinladi. Maykl bir qator manfaatli kelishuvlarni amalga oshirdi.

Gordon yangi lavozimga o‘tkazilganidan keyin, «qizillar»ning amaldagi sport direktori Julian Uord mavsum yakunida klubni tark etishini e’lon qildi. Atigi 5 oy ishlagan funksionerning qarori rahbariyat uchun o‘ta kutilmagan yangilik bo‘ldi. Uord mazkur lavozimni egallashidan avval Edvards bilan hamkorlikda ishlagan, keyin uning o‘rnini to‘ldirgandi. Jumladan, u Maykl nazorati ostida bosh skaut Barri Xanter va selksiya bo‘limi rahbari Deyv Fallouz bilan yanvarda Luis Diasni «Portu»dan xarid qilish jarayonida ishlagandi. Muhammad Salohning yangi shartnomasi muzokarasi ham Uord ishtirokida o‘tdi.

Shuningdek, u «Benfika» o‘yinchisi Darvin Nunyes tranferida raqobatchi klublardan ustun kelgan, Sadio Manening «Bavariya»ga o‘tishida ham faol bo‘lgandi. Yurgen Klopp Uordni klubdan ketmasligi tarafdorlari safida bo‘lganligi mantiqan to‘g‘ri qaror. Murabbiy u va Edvardsning yordamida omadli transferlarni amalga oshirgandi. Hozir germaniyalik mutaxassis tasarrufida faqat Xanter va Fallouzlar qolishdi. Biroq bu hamkorlik qanday samara berishi ma’lum emas.

Angliyadagilar fikricha, Uordning ketishga qaror qilishi FSGning klubni sotish niyati bilan bog‘liq. Funksioner ancha vaqt davomida ahil jamoaning bir bo‘lagi sifatida ishladi. Yangi rahbariyat davrida vaziyat o‘zgarishi mumkin. Uord tavakkal qilmoqchi emas, hammasini qaytadan boshlashni istamaydi. Boz ustiga, shunday holatga tushib qolgan yolg‘iz u emas. Sport direktori ortidan yana bir muhim mutaxassis - futbol tadqiqotlari bo‘limining direktori Ayan Grem ham mavsum yakunida mersisaydliklar jamoasini tark etishi xususida ariza berdi. U 2012 yildan beri shu lavozimda ishlab kelayotgandi. Endi Grem «Liverpul» uchun iqtidorli futbolchilarni izlab topish bilan shug‘ullanadi. U o‘z lavozimini iyun oyida tark etgan, hozir o‘quv markazida 12 kishilik bo‘limni boshqarmoqda.

Gremni «Liverpul»ga Edvards olib kelgandi. Ayan klub analitikasi saviyasini oshirib, «qizillar»ning tarkibni kuchaytirishdagi muhim quroli darajasiga olib chiqdi. Mutaxassis klub analitikasiga Monyball tushunchasini olib kirdi. Mazkur ibora imkon qadar kamroq harajatlar evaziga natijalarni maksimal darajada yaxshilashni anglatadi.

Muhammad Salohni «Liverpul» «Roma»dan aynan Gremning tavsiyasi bilan xarid qilgandi. «Xoffenxaym»dagi Roberto Firminoni esa «qizillar» uning bo‘limidagi mutaxassislar maslahatiga binoan o‘z tarkibiga qo‘shib olgandi.

Jamoaning yangi o‘yinchilarni izlab topish va tarkibga jalb etish tizimi uzoq yillardan beri barqaror faoliyat yuritmoqda. Kelishuvlarning aksariyati muvaffaqiyatli bo‘lgandi. Grem, Edvards va Uord uchligi Klopp bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishgandi. Yozda murabbiy bu uchlik ko‘magidan foydalana olmaydi.

Yuksak natijalarga erishish uchun uning atrofidagi har bir mutaxassis muhim ahamiyatga ega ekanligini germaniyalik murabbiy juda ko‘p takrorlagandi. Klopp bu bilan faqat murabbiylar shtabini emas, balki boshqa xizmatchilarni ham nazarda tutganligi aniq. Kelajakda qanday voqealar, o‘zgarishlar yuz berishi klubga aloqador bo‘lgan barcha mutaxassislar uchun o‘ta jiddiy sinov vazifasini o‘taydi.

MUHAMMADSODIQ tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 10:13, 29.12.2022.
O'qildi: 1129 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.