Mag‘rur va «qarimas» Zlatan Ibragimovich yaqinda Rai 1 telekanalining Stanotte a Milano ko‘rsatuvi mehmoni bo‘lib, italiyalik taniqli teleboshlovchi va ilm-fan targ‘ibotchisi Alberto Anjela savollariga javob berdi.
Ibra jumladan, suhbat davomida doimgidek, o‘z tabiatiga mos tarzda ta’kidladi: «Hayotda hech nimani oldindan rejalashtirmayman, xususan, maydonda ham shunchaki, yuragimdan chiqqanini ko‘rsataman hamisha».
- «Milan» va «Inter» safida o‘ynash asnosida Milan shahri sport tarixidan joy oldingiz. «San Siro»dek azim stadionda har ikki klub uchun o‘ynash qanday?
- Hammasi juda ta’sirli hattoki, men uchun ham. Mana, futbolchilik faoliyatimning 8-9 yilini shu arenada o‘tkazdim. Bu vaqt davomida buyuk chempionlar bilan birga o‘ynash, katta murabbiylar qo‘l ostida ishlash baxti nasib etdi. Eng muhimi, «San Siro»da nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritdim. To‘g‘risi, barchasini so‘z bilan ifodalash qiyin. Hozirgi fakt esa o‘zgarmaydi: bu yerda o‘ynash barobarida ikkinchi uyimga aylangan shahar bilan topishdim.
- To‘g‘risini ayting, gollarni nishonlash masalasida alohida tayyorgarlik ko‘rganmisiz biror marta?
- Aslo. Har bir golning o‘z lahzasi bor - zarbangizdan keyin to‘p darvozadan joy olsa, tanangiz birdan yayraydi, allanechuk holatga tushasiz. Shunda ichingizni qamrab olgan va nimaligini o‘zingiz ham to‘liq anglab yetmagan narsani muxlislar bilan baham ko‘rishni xohlaysiz. Shu tariqa golni nishonlash sahnasi yuzaga keladi. Bunda barchasi mutlaqo tabiiy, har holda, shaxsan menda shunday. Gohida tribunalardagi biror bolakay yoki ashaddiy fanatni topib, unga qaragancha bor hissiyotlarimni yuzaga chiqaraman. Hattoki, o‘yin harakamiga nigoh tashlab ham shunday qilishim mumkin. Qisqasi, hayotda, ayniqsa, maydonda hech nimani oldindan rejalashtirmayman, shunchaki, yuragimdan otilib chiqqanini boricha ko‘rsataman. Quvonchli lahzalarda hammani bag‘rimga bosgim keladi, biroq 80 ming odamni quchoqqa olish imkonsiz-da (kuladi).
- Bilamizki, jang san’atiga beparvo emassiz. O‘zi bunga ishtiyoq qachon tug‘ilgan?
- Yoshligimda taekvondo bilan jiddiy shug‘ullanganimni ko‘p bora aytganman. Ba’zan futbolga xos bo‘lmagan harakat evaziga gollar urishim o‘sha mashg‘ulotlar mahsuli, menimcha. To‘g‘ri, bunaqasida sehr ulushi ham bor, albatta.
- Xo‘sh, hozirgi kunda Milan shahri siz uchun avvalo, nimani anglatadi?
- Ko‘p yillar shu shaharda yashadim. Milan allaqachon men uchun ikkinchi uydek bo‘lib qolgan. Kun kelib, bu yerdan ketishga majbur bo‘lsam, shahardan qanday ko‘ngil uzaman - bunisi qorong‘u. Zero, Milanda qalbimga yaqin maskanlar bilan tanishdim, o‘zimni xuddi jonajon uydagidek his qilishimga sharoit yaratgan insonlar qurshovida bo‘ldim. Hammasi bir-biriga uzviy bog‘liq. Qisqasi, bu yerda o‘zimni har jabhada o‘ta qulay sezaman. Ehtimol, futboldan nafaqaga chiqqanimdan keyin ham muqim yashash uchun shu yerda qolarman... Menimcha, hozirga kelib, bu hech kimga sir ham emas.
- Futbolga ko‘ngil bergan yigit-qizlarga qanday maslahat bera olasiz?
- Eng muhimi, qalbingizga yaqin yumush bilan shug‘ullaning. Boshqalar uchun emas, hammasini o‘zingiz uchun qilishingiz lozim, yana salohiyatingizga aslo shubhalanmang. Aynan ichki ishonch sizga uzoq vaqt yordam beradi.
M.PO‘LATOV tayyorladi