Dekabr oyi boshida "Atletiko" bosh direktori Migel Anxel Gil Marin Joau Feliks – bu klub qilgan eng katta sarmoya ekanligini aytdi. Va bu mutlaqo to‘g‘ri bayonot. 2019 yilda uning uchun 127,2 million yevro to‘lagan. Biroq portugaliyalik va jamoa bosh murabbiyi Diyego Simeone o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi paytlarda yomon edi. Shu tufayli futbolchining motivasiyasi keskin tushib ketdi. Ijrochi direktor futbolchini saqlab qolish shaxsiy xohishiga qaramay, Feliksning shu ikki omil tufayli ketishi ehtimoli nihoyatda yuqori ekanligini inkor etmadi.
Shu bilan birga, Simeone o‘zi va futbolchi o‘rtasida hech qanday muammo yo‘qligini ta’kidladi: "Feliks bilan yaxshi munosabatdamiz. Ha, har qanday odamlar o‘rtasida qandaydir qarama-qarshiliklar bo‘ladi, agar siz biror narsada kelishmovchilik qilsangiz. Lekin biz klub uchun eng yaxshisini qilishga intilishimiz kerak. Men uchun jamoa muhim, ular uchun esa Joau muhim. Agar u jahon chempionatidagidek o‘ynasa, biz uchun kerakli shaxs bo‘ladi”.
O‘tgan yilning oxirida Feliks agentidan yangi jamoa topishni so‘ragani haqida mish-mishlar tarqaldi. Record xabariga ko‘ra, Madrid klubi uni qishda ijaraga berishga rozi bo‘lgan, biroq sotib olish imkoniyatisiz. Chunki, hamma narsaga qaramay, klubda u uchun hali rejalar bor.
Bu xabardan so‘ng, Premyer-liga klublari, jumladan, "Chelsi" ham futbolchiga qiziqayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi, londonliklar olti oylik ijaraga qiziqish bildirishdi. Yakunda hammasi ular o‘ylagandek bo‘lib chiqdi. Tomonlar kelishuvni rasman e’lon qilishdi.
"Atletiko"da Feliks bilan nima sodir bo‘ldi?
U klub tarixidagi eng qimmat transferga aylandi va Antuan Grizmann "Barselona"ga ketganida uning o‘rnini to‘ldirishi shart edi. Ammo bu vaqt davomida portugaliyalikning statistik ma’lumotlari unga to‘langan pulga ham, undan kutilgan o‘yinga ham to‘g‘ri kelmadi.
2019/2020 yilgi mavsum: barcha musobaqalarda 9 ta gol
2020/2021 yilgi mavsum: barcha musobaqalarda 10 ta gol
2021/2022 yilgi mavsum: barcha musobaqalarda 10 ta gol
2022/2023 yilgi mavsum: barcha musobaqalarda 5 ta gol
Bunday statistik va sportdagi muvaffaqiyatsizliklarni Feliksning maydondagi pozisiyasi bilan izohlash mumkin. Uning o‘zi maydonda erkin pozisiyada harakat qilishni afzal ko‘rishini aytdi, ammo Simeonening "Atletiko"sida taktika biroz boshqacha. Joau o‘zi aytganidek, "dam olishni" yaxshi ko‘radi, Simeone esa qat’iy tartib-intizom tarafdori. Diyego uchun individualistlar yo‘q. 2021 yilning bahorida u shunday degan edi: "Iste’dod yetarli emas, Joauga shaxsiyat va harakat kerak". Kiyinish xonasida ham Feliksdan norozi ekanliklari haqida gap bordi, chunki u jamoaviy o‘yinni unchalik ham xushlamagan. Bu, shubhasiz, Simeoneni g‘azablantirdi, u hujumchining shiddatli kurashga kirishish va boshqalarni ham oldinga yetaklash istagini ko‘rmadi.
Bu mavsumda emosional Simeone "portlash" nuqtasiga yetdi va Feliksni zaxira o‘rindig‘iga o‘tqazib qo‘ydi. Bu ularning munosabatlaridagi hal qiluvchi vaziyat bo‘ldi. Feliks domiy o‘yin amaliyoti uchun transferni so‘radi, ammo bu umidsiz qaror uning Simeone bilan munosabatlarida hech narsani o‘zgartira olmadi.
"Chelsi"ga Feliks nega kerak?
"Chelsi"da katta muammolar bor. Broya, Pulishich, Sterling, Maunt, Loftus-CHik by futbolchilayening barchasi jarohatlangan yoki endigina formaga kirishmoqda. Hujumda Obameyang va Xavers bor, ammo bu yetarli emas. Jamoada taktik xilma-xillik bo‘lishi uchun ham yangi futbolchi kerak edi.
Premyer-ligada "Chelsi" bor-yo‘g‘i o‘ninchi, jamoa Chempionlar Ligasi to‘rtligidan 10 ochkoga ortda qolmoqda, bu esa juda ko‘p, degani. Jamoa hozir o‘zini tiklab, ritmga tushib olishi kerak. Chunki bir oy ichida Chempionlar ligasi o‘yinlari boshlanadi. Demak, londonliklar hujumkor o‘yinchilarga muhtoj ekani ma’lum bo‘ldi: birinchidan, jarohatlanganlarni almashtirish muhim; ikkinchidan, murabbiyga xilma-xil futbolchilar kerak; uchinchidan, kuchaytirish yuqori toifali bo‘lishi kerak. Joau bunga juda mos keladi.
Yagona savol Feliksdan qanday foydalanish bo‘ladi. Portugal hujumda ko‘plab pozisiyalarda o‘ynashi mumkin: chap qanot hujumchi, markaziy yarim himoyada va hatto markaziy hujumda ham. Uning o‘zi esa ikkinchi hujumchi bo‘lishni afzal ko‘rganini aytdi.
Feliks uzoq vaqt davomida yangi talablarga moslashishi xavfi bor, Madridda unga bir yil kerak bo‘ldi. Shuning uchun "Chelsi" Joauni ijaraga oldi. Darhol 60 yoki 80 million yevroni havoga uchirib yubormaslik uchun. Chunli Feliksning London klubida o‘ynab keta olishiga hech kim kafolat bermaydi.