Vaqtida barcha-barcha o‘yinlarini miriqib tomosha qilgan «Milan» hamon tiklanish jarayonida.
Qudratli jamoani asl holatiga qaytarish missiyasini o‘z zimmasiga olgan kamtar mutaxassis - Stefano Pioli hamon izlanishda, hamon harakatda. «Rossonerlar» tiffozilariga katta umid bag‘ishlayotgan murabbiy yaqinda Sportmediaset jurnalistiga atroflicha intervyu berdi. Suhbat Piolining faoliyati va shaxsiy hayotini qamrab oldi.
- Stefano, 2022 yil «Milan» uchun qanday o‘tdi, sizningcha?
- Asosiysi, nufuzli g‘alaba marrasiga muddatidan oldin yetdik. Aslida futbolda yoshlarga tayansangiz, natija kelishini sabr bilan kutishingizga to‘g‘ri keladi. Biz esa deyarli bir urinishda g‘alaba qozonish uddasidan chiqdik. Shunday ekan, 2022 yilni «Milan» uchun muhim va qoniqarli davr sifatida yozib qo‘yish mumkin.
- Piolining o‘zi ham o‘zgardimi?
- Bu aniq. Sobiq shogirdlarim hozir qanday ishlayotganimni ko‘rishlarini istardim. Professional va inson sifatida o‘sish - murabbiylikning bir qismi. Menimcha, bunda menga natijasiz tajribalar ham katta yordam berdi. Xullas, ko‘p jihatlar bo‘yicha o‘sdim. Avvalo, murabbiylik uchun muhim sanalgan taktik yechimlar topish, futbolchilar bilan munosabat o‘rnatish masalasida. Yana tashqi dunyo bilan yaxshiroq aloqa o‘rnatishni ham o‘rgandim.
- Avvalgi mavsum Jiruning «Inter» darvozasiga urgan golidan so‘ng chempionlik poygasi qayta boshlangan edi...
- Ha, o‘sha vaqt o‘zimni Massonega o‘xshatdim, har holda, ozmi-ko‘p sur’at qo‘shish evaziga chempionlik kurashiga kirishdik. Zero, bir yil oldin 2-o‘rin bilan cheklangan edik va natijani yaxshilashni xohladik. 6 ochko emas, potensial 10 ochko uchun bo‘lgan derbidan keyin kurashga qaytish... O, bunday tarzda g‘alaba qozonish naqadar yoqimli.
- Sizni endi Anchelottiga qiyoslashmoqda.
- Karlo hozir ham har tomonlama cho‘qqida. U o‘zi ishlagan barcha milliy chempionatlarda g‘alaba qozondi, ko‘plab futbolchilarni tarbiyaladi, takomillashtirdi. Unda aniq uslub, yuqori saviya, sog‘lom fikr va aql bor. Anchelotti shaxsan men uchun eng yuqori darajali murabbiy bo‘lib qolmoqda. Uning yo‘li - boshlang‘ich marra.
- Konte chaqiruviga munosib javob berish uchun qancha «benzin» kerak?
- Albatta, bizni CHLda o‘ta muhim va rag‘batlantiruvchi o‘yin kutmoqda. Axir «Milan» uzoq vaqtdan buyon ilk marta 1/8 finalga chiqdi. Qarang, jamoam chekiga buyuk murabbiy boshqaruvidagi ajoyib raqib bilan o‘ynash tushdi.
- «Lasio»da o‘rningizni Simone Inzagi egallagandi...
- Imkoniyat tug‘ilganida, uning mashg‘ulotlarini biroz kuzatdim. Munosabatlarimiz hamon zo‘r. Mana, oxirgi yillarda ko‘p marta raqiblar sifatida to‘qnash keldik. Muhimi, har gal bir-birimizga katta hurmat bilan qo‘l uzatdik.
- Jamoangizni skudetto uchun kurashga aynan nima ko‘proq ilhomlantiradi?
- Tashqi gaplarga hech qachon e’tibor qaratmaymiz. Hamisha avvalo, futbolchilar motivasiyasiga tayanaman. Bizga ishonmaganlarga rahmat, chunki ular shu tahlit buyuk maqsad yo‘lida oldinga intilishimiz uchun qo‘shimcha kuch bag‘ishlashdi.
- Hattoki, Stiven Chjan ham sizni maqtadi...
- Ha, bu yoqimli. G‘alabamizdan so‘ng uning o‘zi SMS-xabar jo‘natdi: «Tabriklayman janob, bunga mutlaqo loyiqsiz».
- «Olovda Pioli» qo‘shig‘i uchun «Oltin disk» sovrinini berishsa arziydi...
- Buni ta’riflash qiyin, ayniqsa, tiffozilar qo‘shiqni «San Siro»da kuylashsa. His-tuyg‘ularim juda kuchli, ammo hamisha xotirjam turish, qo‘ldan kelganicha nazoratni ushlashga harakat qilaman. Muxlislar xonishi futbolchilarni ham to‘lqinlantirib yuboradi - muhimi shu. Demoqchimanki, qo‘shiq barchamizni bog‘lab turibdi. Buni qadrlayman, albatta. Chunki hech narsa bo‘lmagandek ko‘rinishdan foyda yo‘q.
- «Bolonya» - «Inter» o‘yini vaqti qayerda edingiz?
- Maldini va Massara bilan kechki tamaddiga borgandik, chunki odatlarimiz va uchrashuvlarimiz bor. Qisqasi, o‘sha o‘yinni ko‘rmadik, qo‘l telefonimizni o‘chirib, natijaga ham qiziqmadik. Tan olish kerak, «Inter»ning ochko yo‘qotgani «Milan» foydasiga ishladi, lekin chempionlik yo‘lida 86 ochko to‘plaganimiz va bunga o‘z kuchimiz bilan erishganimiz ham - ayni haqiqat.
- Otangizni qanchalik sog‘indingiz?
- Ta’riflab berolmayman. Chempionlik marrasidan keyin avvalo, otam haqida o‘yladim. Chunki aynan u tufayli o‘zimni hamisha xavfsiz va himoyalangandek his qilardim.
- Skudetto qo‘lga kiritilgach, onangiz nima dedi?
- Quvonchini ko‘rsangiz edi... Onam his-tuyg‘ularini to‘liq ifoda etishni xush ko‘rmaydi, aksincha, tanqid qilishga usta. Lekin o‘sha lahzada men bilan chinakamiga g‘ururlanganini yaqqol sezdim. Oilam, yaqinlarim va bir guruh do‘stlarim borki, ular meni hech qachon yolg‘izlatib qo‘yishmaydi, ijobiy holatlarda ham, salbiy voqeliklarda ham.
- Pioli oilasi nima bilan shug‘ullanadi?
- Otam vaqtida ko‘p ishlagan. Biz 3 nafar aka-ukamiz. Onam ham ishlardi, garchi otam hamisha bunga qarshi chiqib, bizning tarbiyamiz bilan shug‘ullanishi kerakligini aytsada. Agar futbol yo‘liga kirmaganimda, pochtalyon bo‘larmidim...? Menimcha, bu meni qoniqtiradigan ish.
— O‘g‘lingiz Janmarko hozir o‘z shtabingizda ishlayapti...
- Uni bilganlar professional fazilatlarini qadrlashadi - bu asosiysi. O‘ylaymanki, o‘g‘lim ertaga katta janglarga kirishish uchun kuchli irodaga ega.
- Skudettoni himoya qilishga ishonasizmi?
- Yana skudetto yutishimizga shubhalanmasligimiz kerak. To‘g‘ri, «Napoli» hozirgi shashtini pasaytirmasa, 100 ochko to‘plashi va boshqalarga «non» qoldirmasligi tayin.
- Umuman, 2023 yili ham toj kiymoqchimisiz?
- Umid bor, albatta. Har holda, klubda ambisiya katta. Oldindan qo‘l ko‘tarish yo‘q, hammadan ko‘p ochko olish va go‘zal tojni yana boshimizga qaytarish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.
MUHAMMADXON tayyorladi