Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Nuriddin Naybet: «Vidad» final dovoniga tayyor»

Nuriddin Naybet: «Vidad» final dovoniga tayyor»

Baho:
+ | -

Marokash futboli ayni payt o‘zining eng yuqori cho‘qqisida.

«Atlas sherlari» yaqinda JCH yarim finaliga chiqqan Afrikaning ilk vakili bo‘lishdi, qit’a CHL kubogi ham hozir Kasablankada. Qolaversa, Marokash tarixda 3-marta Klublar o‘rtasidagi JCHga mezbonlik qiladi. Faoliyatini 1989 yili «Vidad»da boshlagan Nuriddin Naybet 3 mavsumdan so‘ng klubning Afrikani zabt etishiga katta hissa qo‘shgandi. 1999/2000 yillar mavsumida esa marokashlik himoyachi xuddi Argentina milliy jamoasining amaldagi bosh murabbiyi Lionel Skaloni kabi «Deportivo»ning Ispaniya La Ligasida yagona chempionlikni rasmiylashtirishiga ko‘maklashdi. Klublar o‘rtasidagi JCH-2022ga qur’a tashlash marosimida faxriy mehmon sifatida qatnashgan Naybet endi «Vidad»dan yanada jiddiyroq natija kutmoqda. U FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusida ertaga (1 fevral) boshlanadigan Klublar o‘rtasidagi JCHda «Real» to‘xtatilishi mumkinligi, arab klubi umidlari va Marokash termasining Qatar mundialida ko‘rsatgan qahramonligi haqida gapirdi.

- Nuriddin, avvalo, Marokash milliy jamoasining JCH-2022dagi ishtirokiga to‘xtalsangiz...

- Nafaqat Marokash, balki butun Afrika uchun afsonaviy mundial! Axir jamoamiz barcha chaqiruvlarga baralla javob berib, yarim final dovonini zabt etdi. Albatta, bunday yutuq zamirida uzluksiz va mashaqqatli mehnat bor. Xullas, endi futbolimiz bilan faxrlanishga haqlimiz. Nafaqat biz, afrikaliklar va arablar ham. 

- Hozir Marokash futboli atrofida katta shov-shuv bor. JCH-2022 voqeliklari va «Vidad»ning oxirgi yutuqlari klublar mundiali muhitiga qanday ta’sir ko‘rsatadi, sizningcha?

- Bu turnir mavjud ko‘tarinkilikning davomiga sabab bo‘lishi kerak. O‘ylaymanki, «Vidad» Afrika klublar futboli yuqori cho‘qqisiga bejiz chiqmagani va milliy jamoamizning JCHdagi ishtiroki tasodif emasligini isbotlay oladi. Umuman, mamlakatimizdagi hozirgi futbol muhiti barcha ishtirokchilarga qo‘shimcha motivasiya beradi. Ehtimolki, yakunda nafaqat «Vidad», balki butun Marokash futbolining  yana bir ijobiy ma’nodagi shovqin-suronini ko‘rarmiz... Albatta, mamlakat futbolidagi ijobiy kayfiyat bo‘lajak turnirda ham o‘z aksini topishi va kelgusida yanada yirik muvaffaqiyatlarga zamin yaratishidan umidvorman. Ishonchim komil, barcha jamoalar Marokashga chiroyli futbol ko‘rsatish uchun keladi. Ayniqsa, «Vidad»dan yaxshi natija kutyapman, yana «Al-Ahli» va «Al-Hilol»dan ham. Bu klublar musobaqada arab futboli so‘zini baralla aytishi shart.

- Qatarda Marokash termasi muvaffaqiyatini butun arab dunyosi o‘zgacha nishonlaganini ko‘rdik. Endi 3ta yirik drujina - «Vidad», «Al-Ahli» hamda «Al-Hilol» Klublar o‘rtasidagi JCHda arab futboli sharafini himoya qiladi. Xo‘sh, sizningcha, arab futbolida o‘zini yana bir bora tanitish imkoniyati qanday?

- Albatta, turnirda 3ta arab klubi qatnashishidan xursand­man. «Al-Hilol» va «Al-Ahli» - boy tarixga ega ulkan jamoalar. Marokashlik sifatida har ikki klubga hurmatimiz juda baland. O‘ylaymanki, misrliklar ham, saudiyaliklar ham «Vidad» kabi bo‘lajak turnirga katta ishtiyoqda kelishadi va o‘z o‘yinlari bilan arab futbolining haqiqiy sifatini namoyish qilishadi.

- Tushunarliki, «Real» - bosh favorit. Sizningcha, madridliklar chempion bo‘lishadimi yoki boshqa biror ishtirokchi Yevropa monopoliyasiga chek qo‘yadi? Umuman, qaysi klub shunday missiyani bajarishga qodir?

- Ha, oxirgi yillarda bu turnirda Yevropa gegemoniya­si kuzatilgani rost. Klublar o‘rtasidagi JCH Marokashda uchinchi marta mehmon bo‘lmoqda, shunday ekan, bu safar arab klublaridan birini loaqal finalda ko‘rishni xohlardim. Deylik, «Vidad»da mezbonlik faktori bor - mahalliy muxlislar jamoani mislsiz darajada qo‘llab-quvvatlashlariga ishonaman va bu futbolchilarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, albatta. Ikkinchi tomondan, tan olish kerak, «Madrid» - ulkan futbol imperiyasi. Bu jamoa butun dunyo bo‘ylab yetarli muxlislarga ega, jumladan, Marokashda ham. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, ispanlarni yengish kerak. Yo‘q, «Real»ga nisbatan qandaydir xusumat saqlamayman, aksincha, uni qattiq hurmat qilaman. Lekin turnirda boshqa klub g‘olib chiqishini istayman. Sovrin arablarga nasib etsa, nur ustiga a’lo nur...

- Faoliyatingizning boshlang‘ich qismida aynan «Vidad»da muvaffaqiyatli davr­ni boshdan o‘tkazgansiz. O‘sha paytdan qolgan eng yorqin xotiralarni esga olsangiz...

- «Vidad» men uchun xuddi onadek. Binobarin, Nuriddin Naybetni ayni shu klub nafaqat futbolchi, balki inson sifatida shakllantirdi. Futbol yo‘lidagi muvaffaqiyatlarim ham, topgan bor hurmatim ham «Vidad», uning muxlislari va marokashliklarga tegishli. Yorqin xotiralarga kelsak, 1992 yili Afrika Chempionlar Ligasi finalida Sudanning «Al-Hilol» klubini yengganimiz butun faoliyatimdagi sevimli lahzazardan biridir. Bu Marokash futboli uchun klub miqyosida qit’a darajasidagi birinchi chempionlik edi. Umuman, o‘sha payt mamlakatimiz klublari uchun Afrika turnirlarida qatnashishning o‘zi katta natija hisoblangan. Hamon esimda, finalning ikkinchi o‘yinini o‘z maydonimizda o‘tkazgan va kubokni qirol Muhammad VI (o‘sha paytda shahzoda edi) oldida boshimiz uzra baland ko‘targandik. Bunaqasi bir umr esdan chiqmaydi.

- «Vidad»ning Afrika klub futboli cho‘qqisiga qayt­gani shaxsan sizni nechog‘li ruhlantirdi?

- Katta jamoalarda ko‘tarilish va pasayish davrlari kuzatilishi tabiiy hol. Hamisha shon-shuhrat va muvaffaqiyat barobarida sovrinsizlik yillari ham bo‘ladi. Xususan, «Vidad» talab darajasida o‘ynamagan, Marokashda ham, Afrika frontida ham sovrin yutolmagan davr­larni ko‘rdik. Muhimi, sevimli jamoam oxirgi yillarda qaddini ancha ko‘tarib oldi, yanada kuchliroq bo‘lib qaytdi. Bu - klubda mavjud birdamlik va rejali ish tizimi samarasi. Jamoa uchun eng murakkab davrda ham undan aslo yuz o‘girmagan jonkuyar muxlislarning hozirgi muvaffaqiyatdagi rolini alohida ta’kidlash va ol­qishlash kerak.

- Sizningcha, «Vidad» bo‘lajak turnirda nimadan umid qilishi mumkin?

- Shaxsiy fikrimcha, «Vidad» final dovonini zabt etishga tayyor. Fursatdan foydalanib, turnirni 3-marta Marokashga bergani uchun FIFAga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bu mamlakatimizning muhim futbol tadbirlarini qabul qilishga qodirligidan dalolat.

- «Vidad» muxlislaridan qanday faollik kutyapsiz?

- Klub Marokash tashqarisida ham juda ko‘p muxlislarga ega. Ular har doim katta o‘yinlarga nisbatan kuchli ishtiyoqlarini baralla namoyish etadilar. Shunday ekan, turnir Marokashda nafaqat sifatli futbol, balki ta’sirchan muxlislik madaniyati ham borligini ko‘rsatishidan umidvorman. Gap nafaqat futbol, balki jamoalar, muxlislar va yurtimizga keladigan barcha mehmonlarni munosib kutib olish, ularga chinakam mehmondo‘stlik ko‘rsatishda, albatta.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:50, 02.02.2023.
O'qildi: 913 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.