Kirish Ro'yxatdan o'tish
02/05 00:00 Borussiya D 1-0 PSJ
02/05 20:30 Iroq 2-1 Indoneziya
02/05 23:30 Chelsi 2-0 Tottenhem
03/05 20:30 Yaponiya - O‘zbekiston
03/05 22:00 Tuluza - Monpelye
03/05 23:45 Torino - Bolonya
04/05 00:00 Luton - Everton
04/05 00:00 Lans - Loryan
04/05 00:00 Xetafe - Atletik Bilbao
04/05 16:30 Arsenal - Bornmut
04/05 17:00 Real Sosyedad - Las-Palmas
04/05 18:00 Gavr - Strasbur
04/05 19:00 Byornli - Nyukasl
04/05 19:00 Sheffild Yunayted - Nottingem Forest
04/05 19:00 Brentford - Fulhem
04/05 19:15 Real Madrid - Kadis
04/05 20:00 Monako - Klermon
04/05 21:00 Monsa - Lasio
04/05 21:30 Manchester Siti - Vulverhempton
04/05 21:30 Jirona - Barselona
04/05 22:00 Mets - Renn
04/05 23:45 Sassuolo - Inter
05/05 00:00 Brest - Nant
05/05 00:00 Malyorka - Atletiko

Qiyin vaziyatdan chiqish sharti

Qiyin vaziyatdan chiqish sharti

Baho:
+ | -

Bashariyat tarixi turli sinovlardan iborat. Har bir inson boshida qiynalish bor, taqdir sinovlaridan o‘tish mashaqqati bor.

Dunyoning qaysidir mamlakati taraqqiyotdan to‘xtab inqirozga yuz tutayotgan bo‘lsa, boshqasida gullab-yashnash jarayoni kechmoqda. Futbolda ham xuddi shunday: qaysidir grand inqirozdan chiqolmay halak, boshqa bir o‘rtamiyona qo‘qqisdan chempionlik uchun kurashmoqda. «Everton»ning «Arsenal», «Vulverxempton»ning «Liverpul»dan ustun kelgani APLda vaziyatni taranglashtirdi. Ayni chog‘da «Spesiya» - «Napoli», «Malyorka» - «Real» uchrashuvlariga qiziqishni ham kuchaytirdi. So‘nggi paytlar tez-tez ochko yo‘qotayotgan «Madrid» kamtarin raqib adabini berib, Marokash safariga yaxshi kayfiyatda jo‘nashi kerak edi ko‘pchilik nazarida. Ammo bunday bo‘lmadi. «Malyorka» butun borlig‘i va tish-tirnog‘i bilan qarshilik ko‘rsatib, bir amalladi - «Real» yana mag‘lub...

Tabiiyki, muxlislarimiz «Spesiya»ning «Everton» va «Vulverxempton» yo‘lidan borishini o‘ylagan va kutishgandi. Zero, Eldor Shomurodovning yangi klubi hozir xuddi «Everton» va «Vulverxempton» kabi qiyin vaziyatda. «Spesiya» oldida ayni damda bitta vazifa bor - autsayderlar guruhidan uzoqlashish. Bunga qadar «Roma» va «Bolonya»dan yengilgan jamoa Eldor Shomurodov debyutida «A» seriya peshqadamiga jiddiy qarshilik ko‘rsatishi kutilgandi. Afsuski, bunday bo‘lib chiqmadi. Bugungi Neapol drujinasi «Arsenal» emas ekan kuchsiz raqibga yutqazadigan. «Spesiya» esa «Everton» emas ekan qiyin vaziyatda yetakchiga qarshilik ko‘rsatib, ochko olishga intiladigan. «Spesiya» «Vulvz» emas ekan Yurgen Kloppdek donishmand murabbiyni qiyin ahvolga soladigan. Qisqasi, «Spesiya» «Spesiya» ekan Luchano Spallettiga qo‘sh qo‘llab 3 ochko tut­qazadigan. «Spesiya» «Spesiya» ekan Shomurodovdek hujumchini qadriga yetmaydigan, o‘nlab uzatmalar bilan uni oldinga boshlamaydigan. Odatda biz jumla tuzish jarayonida takrorlarni uncha ma’qullamaymiz. Lekin mazkur mulohazalarni yozish asnosida takrorlarga izn berdik. Aniqrog‘i, takrorlar jumla tuzish talablarimizga bo‘ysunmadi, bizni quyushqondan chiqardi. 

Quyushqondan qanday chiqmaslik mumkin «Spesiya» o‘yinini ko‘rib?! «Qanday jamoaga borib qolding, Eldor?» - deya hayqirgan muxlis ming karra haq. Gap hamyurtimizning deb­yut uchrashuvida 0:3 hisobi qayd etilganida emas aslo. Gap kurashmasdan taslim bo‘lishda! «Spesiya» g‘alabaga intilmadi, kurashmasdan raqib qarshisida bosh egdi. Eldor Shomurodov qiyin ahvolga tushib qolgan jamoaga ko‘chib o‘tayotganini ko‘pchilik yaxshi bilardi. Biroq vaziyat bu qadar murakkabligi xayolga ham kelmagandi, ochig‘i! Tasavvur qiling, «Spesiya» urgan gollar soni qo‘yib yuborganlari miqdoridan ikki hissa kam! Demak, darvoza va himoya chizig‘i juda bo‘sh. Yo‘q, himoyaga yelka qo‘yadigan yarim himoyani ham maqtab bo‘lmaydi. Qisqasi, «Spesiya»da jamoaviylik, bir-birini qo‘llash va yaxlit mexanizmga aylanib himoyalanish yoki oldinga borish yo‘q darajada. Bunday murakkab vaziyatda Shomurodov qanday unib-o‘sadi, gol uradi, o‘zini ko‘rsatadi? 

Ha, g‘isht qolipdan ko‘chgan, ijara shartnomasi rasmiylashtirilgan, ortga qaytish haqida o‘ylashning o‘zi kulgili. Xo‘sh, Eldor bunday kutilmagan va og‘ir vaziyatda qanday yo‘l tutgani ma’qul? Ochig‘i, biror jo‘yali maslahat ham kelmaydi miyaga. Bosh­qacha aytganda, maslahat berish befoyda, noo‘rin, noqulay. Biz o‘yladikki, taqdir terma jamoamiz yetakchisini tom ma’noda sinovga chorlamoqda. Shu sinovdan sharaf bilan o‘tsa, zimmasidagi ulkan vazifani ham bajarishga qodir bo‘ladi. Hech mubolag‘asiz aytish mumkin, Eldor yelkasiga juda katta mas’uliyat yuklangan. Bu barchamizga ma’lum. Eldor - O‘zbekiston milliy jamoasi sardori! Milliy jamoamiz esa uning yetakchiligida JCH-2026 yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi shart. Oson emas bu vazifani sharaf bilan uddalash. Milliy jamoamiz sardori zimmasidagi yuksak mas’uliyatni yanada teranroq his qilishi uchun shunday qiyin vaziyatlarda toblanishi, og‘ir ahvolga tushib qolganida ham o‘zini yo‘qotmay, sheriklari bilan g‘alaba yo‘lini izlab topishni o‘rganishi lozim. Shu ma’noda «Spesiya» - chorasizlikda ham chora topishga undaydigan, milliy jamoamiz sardorini toblaydigan jamoa. Ha, taqdir unga shunday sinovni ravo ko‘rdi. Ishonaylikki, buning ham bir hikmati bor. 

Muhtaram muxlis! Yuqoridagi mulohazalar - umid va ishonch mahsuli. Polvonlar hayqirig‘ini tinglab, kurash ruhini ko‘ngliga singdirgan Eldor Shomurodov hech vaqt ortga chekinmaydi, bizningcha. Lekin ko‘ngilda bir savol borki, u xayollarni to‘zg‘itib yuboraveradi, aql-idrokka tinchlik bermaydi. Bu savol sizni ham qiynayotganiga ishonchimiz komil. Mana, o‘sha savol: «Murakkab vaziyat Eldor Shomurodovni toblash o‘rniga sindirib qo‘ymaydimi?» «Spesiya»ning «Napoli»ga qarshi o‘yinidan kelib chiqsak, hujumchimiz keyingi o‘yinlarda ham gol urishi, jamoasi g‘alaba qozonishi dargumon. Ishqilib, «Spesiya»ning «Napoli» bilan bahsdagi bo‘sh-bayov ko‘rinishi, qanoti singan qush kabi tasavvur uyg‘otgani, shashti singan polvon kabi harakatlangani aldamchi taassurot bo‘lsin. Aks holda, Shomurodovga faqat va faqat sabr tilashdan boshqa ilojimiz qolmaydi. Hozirgi holatda «Spesiya» umidsizlik botqog‘iga cho‘kib borayotgandek tuyulmoqda. Bunday kayfiyatdagi jamoa uchun raqibning kuchli yoki kuchsizligi ahamiyatsiz - u kurashmaydi, baribir. Shunday ekan, Shomurodov «Spesiya»da lokomotiv bo‘lishga majbur. Lokomotiv sifatida uning zimmasiga qaqqayib turgan o‘nta vagonni tortish, loaqal o‘rnidan siljitish kabi mas’uliyat yuklatiladi. Eldor shunday yo‘l bilangina legionerlik maqomini saqlab qoladi. Agar «Spesiya»ga yangi havo olib kirsa, tashabbusni o‘z qo‘liga olsa, jamoadoshlari orasida norasmiy sardor maqomi darajasiga ko‘tarilsa, bu ishlarni bajarishga o‘zida kuch va iroda topsa, hammasi yaxshi bo‘lishi aniq. Yana bir bora takrorlaymiz, gap faqat «Spesiya»ning g‘alaba qozonishi va Eldor Shomurodovning gol urishida emas. Gap «Spesiya»da kurashish va olg‘a borish tuyg‘usining barq urishida. Eldorning shu baravj tuyg‘udan bahra olib, yayrab-yashnab o‘ynashida. 

Shomurodov yana shuni his qilishi kerakki, hozir o‘zbek futbolining yosh va navqiron iste’dodlari unga ko‘z tikib turishibdi. Demakki, qiyin vaziyatdan chiqib ketishi yosh iqtidorlarning yevrofutbolga intilish orzularini yanada kuchaytiradi. Oddiy xulosa - Shomurodov taslim bo‘lmasligi kerak qiyinchiliklar qarshisida! Uning yengilishi - yosh iste’dodlarning yevrofutbolda o‘ynash istaklarini yo‘qqa chiqishi bilan barobar. Umid qilamizki, ushbu mulohazalarimiz legionerimiz  ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, ortiqcha bosim yuklamaydi. Aksincha, uni yanada kuchliroq qiladi, olg‘a borishga undaydi. Eldor Shomurodovning futbolchilik missiyasi bugun shunday maqomga ko‘tarildiki, u endi faqat o‘zi uchun o‘ynamaydi! Bu bosqich ortda qoldi! Endi u - chinakamiga o‘zbek futboli ramzi, yosh iste’dodlarning yevroarenalarga bog‘liq orzulari tantanasi! Eldor «Spesiya»dagi har bir o‘yini, har bir harakatida shuni unutmasa, bas!

Muhammad VALI

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 23:45, 08.02.2023.
O'qildi: 1547 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.