So‘nggi kunlarda "Manchester Yunayted"ni sotib olishga Qatar sarmoyadorlari qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ayni damda "MYU" egasi bo‘lgan Gleyzerlar klubni sotuvga qo‘ygani aytiladi. Xaridorlar ichida esa "PSJ"ga egalik qiluvchi guruh ham mavjud. Ma’lumotlarga ko‘ra, qatarliklar "MYU" sotib olishiga ishonmoqda va Erik ten Xagning istagan futbolchisini olib bermoqchi.
Agarda kelishuvga erishilsa, Qatarlik boylar "MYU" uchun 6 milliard funt to‘lashi kerak bo‘ladi. Ammo bu bilan ish bitmaydi. Chunki klub infratuzilmasini yangilash loyihasi ham amalga oshirilishi kerak. Buni anchadan beri jamoa muxlislari talab qilib keladi. Shuningdek, uy stadioni bo‘lmish "Old Trafford" buzib tashlanishi, uning o‘rniga qaytadan zamonaviy o‘yingoh qad rostlashi lozim. Sarmoyadorlar asosiy tarkib uchun ham pul ajratishi kerak. Agarda shunday bo‘lsa, sotib olinadigan futbolchilar ichida Xarri Keyn va Deklan Rays kabi katta nomlar bo‘ladi. Uzoq vaqtdan beri bu futbolchilarga "MYU" qiziqib keladi. Ammo "Vest Xem" Raysni rekord narxdagina sotishi mumkin. Qolaversa, "Tottenxem" ham o‘z hujumchisini osonlikcha qo‘yib yubormasligi aniq. Shu sababli har ikki futbolchi uchun "MYU" tomonidan shunday taklif qilinishi kerakki, uni rad etib bo‘lmasin.
"Qizil iblislar" Xarri Keynga muqobil variant sifatida "Napoli" to‘purari Viktor Osimxenni olib kelishi ham mumkin. Ammo italyan klubi nigeriyalik hujumchini sotishi amri mahol. Osimxen faqat 133 million funt evaziga jamoani tark etishi aytilgan.
"MYU"ning yarim himoya uchun ko‘zlagan yana bir futbolchisi bu Jud Bellingemdir. Ammo 19 yoshli futbolchini qo‘lga kiritish uchun "Real", "Liverpul" va "Manchester Siti" bilan kurashishga to‘g‘ri keladi.
Ten Xag yanvar oyida o‘zi istagan futbolchilarni jamoaga olib kela olmadi. Buni amalga oshirish uchun esa klubga qo‘shimcha moliyaviy qo‘llov va erkinlik zarur. Xususan, oldinroq ten Xag tomonidan nishonga olingan Yurriyen Timber va Frenki de Yong uchun yuborilgan takliflar rad etilgandi. Ammo niderlandiyalik mutaxassis sobiq shogirdlari uchun yana kurashga kirishni maqsad qilgan.
Klubda yarim himoyadan ko‘ra zarurroq bo‘lgan muammolar ham bor. Shulardan biri o‘ng qanot himoyasidir. Bu joyga "Inter"dan Denzel Dyumfris olib kelinishi kerak. Bundan tashqari yangi mavsum uchun yangi darvozabon ham talab etiladi. De Xea o‘rnini bosa oladigan variantlar sifatida Yan Oblak Va Diogu Koshta nomlari e’tirof etiladi.
Mana shu futbolchilar sotib olinganidan keyin, qolgan chiziqlarga e’tibor berishga imkon tug‘iladi. "Manchester Yunayted" o‘ng qanot hujumida Antoniga raqobat uyushtirish uchun "Barselona"dan Ansu Fatini sotib olishi aytilgan. Shuningdek, qanot himoyasiga "Seltik"ning sobiq futbolchisi Jeremi Frimpongni xarid qilish ham rejada mavjud.
ISMATOV J.