"Real" dunyoning eng katta klubi. U boy tarixga ega. Yuz yildan oshiq vaqt davomida faqat to‘rtta Buyuk Britaniyadan bo‘lgan mutaxassis klubni boshqargan. Quyida ularning kimligi va taqdiri haqida so‘z boradi.
Artur Jonson
"Real" tashkil topganda markaziy hujumchi bo‘lgan Artur, 1910 yilda klubga rasmiy bosh murabbiy qilib tayinlanadi va bu o‘rinda 10 yil davomida faoliyat yuritadi. Aynan u jamoani oq rangdagi formada o‘ynashini tanlagan edi. Bu rang inglizlarning "Korintian" klubidan o‘zlashtiriladi. El-klasikodagi ilk golga mualliflik qilgan Jonson, jamoani besh marta mamlakat chempioniga aylantiradi. Shuningdek, uning davrida "Real" Qirol kubogi musobaqasida zafar quchgan. Jonson aslida Irlandiya poytaxti Dublinda dunyoga keladi. Ammo Buyuk Britaniya Irlandiyani bosib olgach, Jonson ham chet elda ingliz millatiga mansub inson sifatida qaraladi. U Ispaniyaga ketishdan oldin muhandis sifatida zavodda ishlagan. Jonson futbolni hozirgi ko‘rinishga kelishida katta rol o‘ynagan. U ayrim qoidalarni yozib chiqqan va futbolga "murabbiy" tushunchasini kiritgan. Uning g‘oyalarisiz, balki hozir biz bilgan futbol boshqacharoq bo‘lishi ham mumkin edi. Jonsonning aqli bilan futbol tartibsiz sport turidan kurashga boy va qoidalarga ega sohaga aylandi. Shu jihatdan olib qaraganda, Jonsonning futbol dunyosidagi xizmatlari beqiyosdir.
Robert Fert
Jonson "Real"dan 1920 yilda ketadi. Oradan 12 yil o‘tib, jamoa boshqaruviga yana bir ingliz mutaxassis keldi. Robert Fert "Real"ga "Rasing" klubidan keladi. U o‘zining ilk mavsumida jamoani chempion qiladi. Ammo Fertning Ispaniya poytaxtidadagi umri ikki yilga cho‘zildi xolos. Uning jamoasi 1934 yilda kubok finalida "Atletik"ka imkoniyatni boy bergach, Fert ishdan ketadi. Garchand qisqa davr mobaynida ispan futbolida barh urgan bo‘lsada, Fertning nomi "Real" tarixida o‘chmas iz qoldirdi.
Maykl Kiping
Ingliz himoyachisi uzoq vaqt davomida "Fulxem" sharafini himoya qildi. 1939 yilda Ikkinchi Jahon urushi boshlanadi. Shu sababli Kiping futboldan ketishga majbur bo‘ladi. Oradan to‘qqiz yil o‘tib, u yana futbolga qaytdi. Ammo o‘yinchi bo‘lib emas, balki murabbiy sifatida. Uning "qirollik klubi"dagi faoliyati muvaffaqiyatli kechmadi. Ikki mavsum davomida Kiping jamoani uchinchi o‘rindan tepaga olib chiqa olmagandi. U 78 ta o‘yindan keyin, 1950 yilda iste’foga chiqariladi. Oradan yana 9 yil o‘tib Kiping Angliyaning eng pastki ligasidagi "Pul Taun" klubini boshqara boshlaydi. Ha, hozir Karlo Anchelottini bunday tasavvur qila olmaymiz. Ammo yigirmanchi asr o‘rtalarida shunday bo‘lgan.
Jon Toshak
Hali ham hayot bo‘lgan afsonalaridan biri Jon Toshak futbolchilik davrlarini "Kardiff Siti" va "Liverpul"da o‘tkazadi. Uelslik hujumchi 1978 yilda "Suonsi Siti"ga bosh murabbiy qilib tayinlangan. Bu klubda katta muvaffaqiyatga erishgach, Toshak "Sporting" va "Real Sosyedad"da faoliyat yuritdi. "Real" esa uning xizmatlariga 1989 yilda ehtiyoj sezib, uni poytaxtga olib keldi. "Real" bu davrga kelib, kuchli klubga aylanib ulgurgandi. Toshak esa buni yanada mustahkamladi va klubga beshinchi La-liga titulini olib keldi.
U keyingi mavsumdayoq yomon start tufayli ishdan haydaladi. Oradan o‘n yil o‘tgach, vaqtinchalik murabbiy sifatida Toshak "Real"ga qaytgan edi. Ammo uning klubdagi ikkinchi davri birinchisiga qaraganda ancha yomon kechgan. Oxir-oqibat rahbariyat bilan janjallashib qolgan mutaxassis, ishdan ketadi. Toshak 2018 yilga qadar murabbiylik faoliyatini davom ettirib, 2021 yilda futboldan ketganini e’lon qildi.
Jaloliddin ISMATOV tarjimasi