Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

«Real»ning umidbaxsh, kamyob transferi

«Real»ning umidbaxsh, kamyob transferi

Baho:
+ | -

Qishki transfer darchasida «Real» juda kam uchraydigan kelishuvni amalga oshirdi.

2024 yilning iyulida jamoa safidan o‘rin oladigan braziliyalik hujumchi Endrik uchun «Palmeyras»ga 35 mln. yevro va 25 mln. yevro bonus beradigan bo‘ldi.

16 yoshli noyob iqtidor sohibi aslida kim?

19 yanvarda bo‘lib o‘tgan Kopinya (San-Paulu yoshlar chempionati) turniridagi «Palmeyras» - «Oeste» uchrashuvini tomosha qilish uchun «Barselona», «Arsenal», «Liverpul», «Manchester Siti», «Sautgempton», «Ayaks» va «Benfika» skautlari ham yetib kelishdi. Ularni 15 yoshli Endrik qiziqtirardi. Taajjubki, raqiblaridan 4-5 yoshga kichikroq bo‘lishiga qaramay, yigitcha sermahsul o‘yin ko‘rsatardi - «Oeste»ga qadar 4ta gol urishga ulgurgandi. Hatto Neymar ham Kopinyada bunday shiddatli startni ko‘rsata olmagan. Biroq shunda ham yevropalik skautlar Endrikdan shunchalik durdona golni kutishmagandi. O‘yinning 13-daqiqasida to‘p Endrik oldida chimga urildi, u esa o‘ylab o‘tirmasdan, jarima maydonchasi tashqarisidan «Oeste» darvozasi tomon antiqa zarba yo‘lladi. Gol!

«Yo tavba, axir bu o‘sha yigitchaku! U atigi 15 yoshda. Ehtimol, biz o‘ta noyob iqtidor sohibining dunyoga kelishiga guvoh bo‘layotgandirmiz», - deb yozgandi afsonaviy Gari Lineker o‘z tvitterida.

Endrik turnirning finalida ham gol urib, jamoaning «Santos» ustidan qozongan g‘alabasiga (4:0) munosib hissa qo‘shdi va 7 uchrashuvdagi 6ta goli bilan musobaqaning eng sermahsul o‘yinchisi bo‘ldi. Otasi esa uning gollari tushirilgan videolavhani «Yutub»ga joyladi. «San-Pau­lu», «Korintians» va «Santos»ga qarshi raqobatda «Palmeyras» g‘olib chiqdi.

Duglas Souza ham 15 yoshida professional futbolchi bo‘lish niyatida poytaxtdan San-Pauluga kelgan, lekin ko‘rikdan o‘ta olmagandi.

Endrik 4 yoshdan futbol bilan shug‘ullana boshlagan. Ikki yil ichida u o‘z tengdoshlaridan shunchalik o‘zib ketdiki, murabbiyi faqat o‘ng oyog‘i bilan o‘ynashni buyurdi.

Videolavhalar orqali Endrikka qiziqib qolgan «San-Paulu» va «Korintians» yosh iqtidorga 150 realdan stipendiya va’da qilishdi, «Santos» ko‘rikka taklif etgan bo‘lsada, u yerga borib kelishi uchun ota-onasi mablag‘ topa olmadilar. «Palmeyras» esa Endrik va uning oilasi uchun turar-joy va bolakay uchun maktab topib berishni o‘z zimmasiga oldi. Shu tariqa 10 yoshli hujumchi «Palmeyras» tizimiga o‘tdi.

Endrik ochlikda ulg‘aydi

Braziliada Endrik oilasi qashshoqlikda yashardi. «Bir kuni divanda o‘tirsam, o‘g‘lim ovqat so‘radi. Muzlatgichda ham, bufetda ham yegulik qolmagandi. U esa so‘rashdan to‘xtamadi. Nima qilishimni bilmay, yig‘lab yubordim. Buni ko‘rib Endrik ham yig‘ladi va shunday dedi: «otajon, men futbolchi bo‘laman va oilamizni nochorlikdan olib chiqaman», - degandi Duglas Souza o‘z intervyularidan birida.

Dastlabki yarim yil ichida Endrikning ota-onasi San-Pauluda ish topa olmadilar. Shu bois, metro stansiyasida tayyor nonushta sota boshladilar.

Muammodan xabar topgan «Palmeyras» Duglasni klub bazasida farroshlikka ishga oldi. Ba’zan Duglas Souza jamoa o‘yinchilari bilan tushlik qilar, doimo suyuq taom ichardi. Bunga hayron bo‘lgan Jailson nima uchun boshqa taomlardan tanavvul qilmasligini so‘radi. Ma’lum bo‘lishicha, Souzada atigi 7 dona tishi bor ekan. Shu sababli quyuq taomlarni iste’mol qila olmas ekan. Jailson hisobiga tish doktori tishlarni butlab qo‘ydi. Felipe Melo esa Endrikka texnik homiy topib berdi.

«Palmeyras» bizga bag‘rini ochdi, buning uchun undan minnatdormiz. U tufayli hayotimiz izga tushdi», - degandi Endrik.

169 o‘yinda 165ta gol!

9 yoshli bolakay 11 yoshlilar turnirining finalida maydonga tushganida, «Palmeyras» bitta golga ortda qolayotgandi. Endrik 10 daqiqa ichida avval muvozanatni tikladi, keyin maydon markazidan bir nechta raqiblarini aldab o‘tib, g‘alaba golini urdi. «Ana shu pallada uning tengsiz o‘yinchi ekanligiga amin bo‘ldim», - degandi otasi.

Endrik 14 yoshida 17 yoshlilar, 15da 20 yoshlilar jamoasida debyutini nishonlagan. 2021 yilda 15, 17 va 20 yoshlilar jamoalarida final bos­qichlarida to‘p surgan dastlabki futbolchi bo‘ldi, 169ta o‘yinda 165ta gol urdi.

«Endrik ilk kunlardan boshlab yaqqol ajralib turardi. Bizga kelishi bilan 11 yoshlilar o‘rtasidagi pley,off bellashuvida «Santos» darvozasini antiqa uslubda zabt etdi. Ikkinchi uchrashuvda 22000dan ko‘proq muxlislar guvohligida g‘alaba golini urib, bizga sovrinni sovg‘a qildi. Endrik - tug‘ma iqtidor sohibi», - deydi akademiya koordinatori Joao Paolo Sampayo.

«U eng yuksak mahorat cho‘qqisini zabt etib, Neymardan keyingi bosh kashfiyotga aylanishi mumkin. Biroq buning uchun unga g‘amxo‘rlik qilish, chalg‘ituvchi omillardan asrab,avaylash lozim», - deb yozdi Braziliya terma jamoasining sobiq hujumchisi Valter Kazagrande Globo Esporte gazetasida.

«Palmeyras»ning asosiy tarkibida Endrik 2022 yilning 7 oktyabrida - 16 yil, 2 oy, 16 kunligida ilk bor maydonga tushdi va klub tarixidagi eng yosh debyutantga aylandi. Dastlabki gollarini esa 26 oktyabrda, «Atletiko Paranayense» qarshi bahsda urdi - 2-bo‘limda maydonga tushib, dublga erishdi. 

Endrik Ronaldu shaydosi

Endrikning «kumiri» - Krishtianu Ronaldu. U o‘z tanlovini quyidagicha izohlaydi: «U darvoza qarshisida o‘ta xotirjam. Ana shu xislatini «o‘g‘irlashim» kerak. Uchrashuv arafasida Ronaldu va Ronaldoni o‘ylayman. Ulardek o‘ynashga intilaman. Vaziyat murakkablashgan paytda, jamoadoshlarimdan to‘pni ko‘proq menga uzatishlarini so‘rayman. Chunki golga chanqoqman, yanada ko‘proq urishni istayman».

Yevropa grandlarining Endrikka qiziqishlari xususida ancha avval rosa yozishgan, «Real», «Barselona», «Liverpul», «Chelsi» va boshqa jamoalar da’vogarlar sifatida zikr etilgandi.

«Yolg‘onni yoqtirmayman: uyqudan avval orzularga ko‘milgan vaqtlarim bo‘lgan, ammo ular tezda o‘tib ketardi va men voqelikka qaytardim. Asta-sekin kelajak haqida o‘ylamaslikka harakat qildim. Agar butun diqqat-e’tiborni bugungi voqealarga qaratilsa, kelajak tezroq keladi», - degandi Endrik.

Tug‘ma iqtidor uchun kurashda «Real» g‘olib chiqdi. Hujumchi Madridga rekord mablag‘ (35}25 mln. yevro va 12 mln. soliq) evaziga qadam qo‘yadi. Faqat 1,5 yildan ke­yin. Bungacha 17ga chiqmagan futbolchi uchun shuncha mablag‘ sarflanmagan!

Sadiq SOBIR tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 10:00, 13.02.2023.
O'qildi: 4907 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.