Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Ibrahimovich: «Milan» skudettoga juda yaqin kelgani uchun operasiyani ortga surgandim»

Ibrahimovich: «Milan» skudettoga juda yaqin kelgani uchun operasiyani ortga surgandim»

Baho:
+ | -

«Qarimas» Zlatan Ibragimovich uzoq tanaffusdan keyin nihoyat, yana maydonga tushdi.

 «Milan»ning shvesiyalik mag‘rur to‘purari Italiya «A» seriyasi 24-turidan o‘rin olgan «Atalanta»ga qarshi o‘yinning 74-daqiqasida zaxiradan safga qo‘shildi va 2:0 hisobidagi g‘alabaga ozmi-ko‘p o‘z hissasini qo‘shdi. Ibra uzoq kutilgan qaytishdan keyin DAZN jurnalist­lari bilan suhbatda his-tuyg‘ularini baralla ifoda etdi. Axir u joriy mavsum «rossonerlar» libosida ilk marta rasmiy o‘yin o‘tkazdi. «Avvalo, qaytishim uchun kuch, adrenalin va katta motivasiya bergan barcha-barchaga rahmat aytishim kerak. Zero, atrofimdagilarning yordamlarisiz o‘n chandon qiynalardim, shubhasiz. Muhimi, hozir o‘zimni mutlaqo yaxshi his qilyapman. Ortga nazar tashlasam, oxirgi marta chamasi bir yilu ikki oy oldin shunday ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lgan ekanman. Fakt shuki, endi yana o‘zim yoqtirgan mashg‘ulot bilan bandman, ya’ni futbol o‘yini ichidaman. Bu men uchun qanday ahamiyatga egaligini so‘z bilan ifodalab berolmayman, ochig‘i», - dedi Zlatan intervyu boshida.

Bugungi holatga qaytish yo‘lidagi azob-uqubatlar... 

- Agar hammasini to‘la tushuntirishim talab etilsa, bu yerda soatlab gapirishimga to‘g‘ri keladi. Umuman, aslida o‘tgan mavsumning oxirgi 6 oyi davomida ham rosa ko‘p azob chekdim. Binobarin, hamisha jamoamga imkon qadar yordam berishni xohlayman, biroq o‘sha vaqt maydonga tushishdan mosuvo bo‘lib qoldim. Futbolda o‘zingizni qandaydir noxush sezsangiz, jamoaga yordam berishingiz qiyin. Aslida 6 oy oldin jarrohlik amaliyotiga rozilik berishim kerak edi, lekin «Milan» skudettoga juda yaqin kelgan paytda chekinishni istamadim - bu tabiatimga zid. Xullas, bosh murabbiy Stefano Pioliga operasiya stoliga yotishni kechiktirish xususida va’da berdim. Ochig‘i, faoliyatimda hech qachon kubokni o‘ylab, bu qadar azobga duchor bo‘lgan emasdim. O‘sha pallada nafaqat jismoniy, balki ruhiy tomondan ham qattiq qiynaldim. Boz ustiga, do‘stim va agentim Mino Rayolaning vafot etgani qo‘shimcha ruhiy zarba bo‘ldi. Asosiysi, atrofimdagi ko‘plab odamlar kerakli darajada qo‘llab-quvvatlashdi, kuch bag‘ishlashdi. Tanamda muammo sezmaganimda esa, eng kuchlisiman. Ha, jiddiy gapiryapman, hamon eng kuchlisi o‘zimman!

Jamoaga hissasi

- Qalban ishonchim komil, jamoamga bugungidan ko‘ra, ancha ko‘proq yordam berishga qodirman. Agar me’yorida shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lganimda edi, hozir hamma maydonda butunlay boshqa Zlatanni ko‘rardi. Tushuning, bir yilu ikki oy davomida to‘pga yaqinlashmadim, keyin atigi 3 kungina shug‘ullandim va azobli oylarni butkul unutdim. Endi hammasi boshqacha rivojlanadi.

Mavsum starti

- Afsuski, joriy mavsumning dastlabki 6-7 oyi chetda qoldim, lekin «Milan» o‘yinlariga kelishni kanda qilmadim. To‘g‘ri, jamoaga xalaqit bermaslik uchun undan uzoqroq turishni ma’qul ko‘rdim. Oddiy aytganda, jamoaga qo‘shilishdan oldin butkul sog‘ayishim talab etilardi. Chunonchi, agar jamoa yonida turganimda, qaytish masalasida sabr qilolmasdim, ehtimolki, tiklanish jarayonini yakuniga ham yetkazolmasmidim...? Shularni o‘ylab, klubdan uzoqroqda tiklanishni lozim topdim. Mana, nihoyat, qaytdim va o‘yinga tayyorman. O‘ylaymanki, maydonga tushganim bilan yigitlar nima qilishlari kerakligini o‘z-o‘zidan yaxshi tushunishdi. Shunday ekan, «Atalanta»ni yengishga o‘z ulushimni qo‘sha oldim. 

Leau shartnomasi masalasi

- Uning jamoada qolishi uchun maoshimni pasaytirdim. Menikini Rafaelga berishsin... O‘zi anchadan buyon deyarli tekinga o‘ynayapman (kuladi).

So‘z 

- Agar faqat o‘zimni o‘ylaganimda, allaqachon qaysidir shinam orolda sigara tutatgancha dam olib yotardim. Tabiatan yetakchi bo‘lsam va menda hammaga namuna ko‘rsatish imkoni bor ekan, nega shunday qilmasligim kerak? Zlatan Ibragimovich.

DARVOQE...

Zlatan Ibragimovich bundan oldin 16 yoshli o‘g‘li Maksimilian bilan «Milan»ning U-18 jamoasida birga o‘ynagandi. O‘sha nazorat bahsida 41 yoshli Ibra hujumda o‘g‘li bilan tandem hosil qildi. Zlatanda ikki o‘g‘li bor - Maksimilian va 15 yoshli Vinsent. U 2016 yili «MYU»da o‘ynaganida o‘g‘illarini Angliya klubi akademiyasiga bergandi. Aka-ukalar «PSJ» tizimida ham birga shug‘ullanishgan. Ular shuningdek, «Los-Anjeles» va «Xammarbyu» klublarida o‘ynashgan. 2022 yilning yozidan buyon esa «Milan» tizimida shug‘ullanishmoqda. «Men ulardan hech narsa talab qilmayman. Faqat maydonda qo‘llaridan kelganicha jang qilishsa, bas. Men, onalari yoki yana birov emas, o‘zlari uchun. Ko‘plab ota-onalar farzandlariga bosim o‘tkazish asnosida ularni professional sportga yo‘naltirishadi. Lekin bu to‘g‘ri emas», - degandi Zlatan o‘g‘illarini tarbiyasi masalasida.

MUHAMMADXON tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 19:12, 08.03.2023.
O'qildi: 1156 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.