Darvozabon: Emi Martines
Martinesning Jahon chempionatidagi qahramonliklari, uni futbol tarixiga muhrladi. Darvozabon Argentina tarixidan muqim o‘rin oladi. "Arsenal" Martinesni 17 yoshga to‘lmasdan sotib oladi va akademiyasida tarbiyalay boshlaydi. Emi asosiy jamoaga o‘tgan taqdirda ham o‘z vaqtini zaxirada o‘tkazishga majbur bo‘ldi. U jami bo‘lib 38 ta bahsda "Arsenal" safida harakat qilgan. Darvozabon ayni damda "Aston Villa" sharafini himoya qiladi.
Chap qanot himoya: Ektor Belyerin
Belyerin 15 yoshigacha "Barselona" tarbiyasida bo‘ladi. Yosh futbolchini 2011 yilda "Arsenal" olib ketadi. Himoyachi to‘pchilar bilan 200 dan ortiq o‘yinlarda ishtirok etdi. Belyerin "Arsenal" bilan jami 6 ta titul yutgan bo‘lib, shulardan 3 tasi Angliya kubogidir.
Markaziy himoya: Toni Adams
O‘z vaqtida jamoaning sardori va yetakchisi bo‘lgan Adams Londonda tarbiya topadi. Uning davri hozirda faqat yaxshi gaplar bilan eslanadi.
Markaziy himoya: Devid O'Liri
Bu joy uchun da’vogarlar ko‘p edi. Ammo biz O'Lerini tashlab keta olmadik. Dublinda tavvalud topgan futbolchi, Londonga keladi va "Arsenal" qaramog‘ida ulg‘ayadi. U 1973 yildan boshlab 18 yil davomida to‘pchilar bilan birga bo‘ldi. O'Liri "Arsenal" tarixidagi eng ko‘p maydonga tushgan futbolchi sanaladi (722 ta o‘yin).
Chap qanot himoya: Eshli Koul
"Arsenal" muxlislari, balki Kouldan xafa bo‘lgandir. Negaki, u raqib jamoaga sotib yuborilgan. Baribir, bu futbolchi o‘ziga xos edi. U yosh bo‘la turib asosiy jamoaga kira olgan. Koul o‘z davrining eng yaxshi qanot himoyachisi bo‘lib yetishdi. Futbolchi "Arsenal"ga 7 ta sovrin yutishda yordam bergan.
O‘ng qanot yarim himoyachi: Bukayo Saka
"Arsenal"ning yulduz yigiti bundan keyin shu kabi ro‘yxatlarga qo‘shilaveradi. Saka o‘z jamoasining chempionlik poygasida ishtirok etishida katta rol bajarmoqda. To‘pchilar ixtiyorida Saka kabi haqiqiy olmos futbolchilar bor va ularni saqlab qolish, klub rahbariyatiga bog‘liq.
Markaziy yarim himoya: Devid Rokasl
Avvaliga "Milluol" tomonidan mensilmagan futbolchi, 1982 yilda "Arsenal" safiga keladi. Oradan ko‘p o‘tmay, Rokasl London jamoasi bilan professional shartnoma imzolaydi. Keyingi yillardagi xolis xizmatlari bilan futbolchi "Arsenal" afsonalaridan biriga aylandi.
Markaziy yarim himoyachi: Rey Parlor
Parlor Shimoliy Londonda, o‘z vaqtida muxlislar yoqimtoyi edi. Ayni damga qadar Parlor "Arsenal"ning APL doirasida eng ko‘p maydonga tushgan vakili bo‘lib qolmoqda (333 ta uchrashuv).
Chap qanot yarim himoya: Serj Gnabri
Germaniya terma jamoasi a’zosi bo‘lgan futbolchining, o‘ziga xos tarixi bor. U 16 yoshida "Arsenal"ga olib kelinadi. Gnabri 18 yoshlilar safida porlaydi. Asosiy jamoada esa unday bo‘lmadi. Gnabri "Arsenal"dan ketishga majbur bo‘ldi. Bundesligaga qaytgan futbolchi, eng zo‘r vingerlardan biriga aylandi.
Hujumchi: Kevin Kempbell
Yosh paytidan hammasi ma’lum bo‘lgan futbolchilardan yana biri Kempbelldir. U bir mavsumda yoshlar jamoasida 59 ta gol urgandi. Hujumchi 7 yil davomida "Arsenal" uchun 224 ta bahsda 59 ta golga mualliflik qiladi.
Hujumchi: Endi Koul
Koulni ko‘pchilik tanimaydi. Ammo u "Arsenal" akademiyasidan chiqqan. Koul 1993 yilga qadar to‘pchilar safida harakat qilib, keyinchalik "Bristol Siti"ga sotib yuboriladi. Shu bilan uning asosiy jamoadagi 2 ta o‘yindan iborat seriyasiga yakun qo‘yiladi.
ISMATOV J.