Kirish Ro'yxatdan o'tish
22/12 00:45 Lechche 1-2 Lasio
22/12 01:00 Barselona 1-2 Atletiko
22/12 16:30 Roma 5-0 Parma
22/12 18:00 Valensiya 2-2 Alaves
22/12 19:00 Fulhem 0-0 Sautgempton
22/12 19:00 Lester 0-3 Vulverhempton
22/12 19:00 Man. Yunayted 0-3 Bornmut
22/12 19:00 Everton 0-0 Chelsi
22/12 19:00 Venetsiya 2-1 Kalyari
22/12 20:15 Real Madrid 4-2 Sevilya
22/12 21:30 Tottenhem 3-6 Liverpul
22/12 22:00 Atalanta 3-2 Empoli
22/12 22:30 Leganes 2-5 Vilyarreal
22/12 22:30 Las-Palmas 1-0 Espanyol
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina - Udineze
24/12 00:45 Inter - Komo

Asadbek Jo‘raboyev: “Xalqimizning ishonchini oqlaganimizdan xursandmiz”

Asadbek Jo‘raboyev: “Xalqimizning ishonchini oqlaganimizdan xursandmiz”

Baho:
+ | -

Xabaringiz bor, joriy yilning 1-18 mart kunlari yurtimizda U-20 Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi va unda Ravshan Haydarov murabbiylik qilayotgan O‘zbekiston – U-20 terma jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Ular orasida “Navbahor”ning 19 yoshli mahoratli hujumchisi Asadbek Jo‘raboyev ham bor.

Jo‘raboyev mazkur musobaqada 4 ta o‘yinda maydonga tushib, 137 daqiqa to‘p tepdi. Hal qiluvchi final bahsida esa boshlang‘ich tarkibdan joy olib, 60 daqiqa o‘ynadi. Bir so‘z bilan aytganda, U-20 terma jamoamizning muvaffaqiyatida mahoratli futbolchimizning ham munosib hissasi bor.

Ayni paytda U-20 terma jamoamiz bilan jahon chempionatiga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘rayotgan Asadbek Jo‘raboyevdan Rossiya–U-20 terma jamoasiga qarshi kechadigan o‘yindan oldin intervyu oldik va suhbat davomida unga o‘zimizni qiziqtirgan bir necha savollar bilan murojaat qildik.

Ta’kidlash joizki, bu yosh hujumchining ilk intervyusi.

- Acadbek, avvalo “Navbahor” klubi nomidan U-20 Osiyo chempionligi bilan tabriklaymiz. Aytingchi, mazkur musobaqa sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Assalomu alaykum! Avvalo, so‘zim avvalida barcha hamyurtlarimizni ayni paytda yurtimizda hukm surayotgan muqaddas Ramazon oyi bilan tabriklayman. Mazkur oyda tutayotgan ro‘zalari, amalga oshirayotgan ibodatlarini Alloh o‘z dargohida qabul qilsin, ilohim!

U-20 Osiyo chempionati borasida to‘xtaladigan bo‘lsam, musobaqa a’lo darajada o‘tdi. Biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadimizga erishdik.

Endi jahon chempionatiga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz va bo‘lajak mundialda ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilishga intilamiz.

- Yurtimiz tarixida ilk marta O‘zbekiston Prezidenti bevosita xalqaro futbol o‘yinini stadionda tomosha qilib, o‘yindan keyingi taqdirlash marosimidan so‘ng, oltin medallarni topshirdi va chempionlik kubogini terma jamoa futbolchilari bilan birga boshi uzra ko‘tardi. Yurtboshimizning bevosita stadionda o‘yinni tomosha qilganliklari sizlarga qo‘shimcha motivasiya berdimi?

Shuningdek, muhtaram Prezidentimizning chempionlikni sizlar bilan birgalikda nishonlaganliklari ham o‘zgacha his-tuyg‘ular uyg‘otgan bo‘lsa kerak?

- Albatta, muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning final bahsiga tashrif buyurganliklari biz – futbolchilarga qo‘shimcha kuch-quvvat, motivasiya berib, biz maydonda barcha imkoniyatimizni ishga solishga harakat qildik va Xudoga shukr, g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldik.

O‘sha final o‘yinida zafar qozonishimiz shart edi. Boisi, bizga muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida butun O‘zbekiston xalqi ishonch bildirayotgandi. Xalqimizning ishonchini oqlaganimizdan xursandmiz.

- U-20 Osiyo chempionatining yurtimizda o‘tkazilgani, hamyurtlarimizning sizlarni barcha o‘yinlarda bevosita stadionda qo‘llab-quvvatlab turishgani ham muvaffaqiyatda muhim omil bo‘ldimi?

- Fursatdan foydalanib, U-20 terma jamoamizni bevosita stadionda qo‘llab-quvvatlab, biz – futbolchilarga qo‘shimcha kuch, ruhiy madad berib turgan muxlislarga ham jamoamiz nomidan o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Muvaffaqiyatimizda ularning ham munosib hissalari bor.

- Mazkur turnirda U-20 terma jamoamiz uchun qaysi bahs qiyin kechdi?

- Ushbu musobaqadagi barcha jamoalar kuchli. Menimcha, avstraliyaliklar bilan bo‘lgan o‘yin biroz qiyinroq kechdi.

- Hal qiluvchi final uchrashuvidan oldin va chempionlikka erishganingizdan so‘ng, ko‘nglingizdan qanday hissiyotlar kechdi?

- Mazkur hissiyotlarni tasvirlashga til ojiz. Aytishadiku, ming marta eshitgandan ko‘ra, bir marta ko‘rgan afzal, deb. Buni inson o‘zi his qilishi kerak.

Kezi kelganida shuni ham ta’kidlamoqchimanki, muhtaram Prezidentimiz farmonlari bilan U-20 terma jamoamiz a’zolariga Gentra avtomobillari sovg‘a qilindi. Har bir farzandning orzusi bo‘ladi, albatta. Mening ham orzum kuni kelib, dadamga avtoulov sovg‘a qilish edi. Allohga shukr, Gentra avtomobilini otajonimga sovg‘a qildim.

U 20 Final.O‘zbekiston Iroq o‘yini rasmlari 1

- O‘zbekiston – U-20 terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Akmalovich Haydarov sizlarni bo‘lajak o‘yinlarga qanday ruhlantirdi?

- U-20 jamoamiz murabbiylar shtabida faoliyat yuritayotgan barcha murabbiylar katta tajribaga egalar. Jumladan, Ravshan Akmalovich qo‘l ostida 2018 yili O‘zbekiston – U-23 terma jamoasi Osiyo chempioni bo‘lgandi. Mazkur muvaffaqiyat endi U-20 terma jamoamiz bilan takrorlandi.

Ravshan Akmalovich haqiqiy psixolog. Har bir o‘yindan oldin raqibimiz bizdan ortiq emasligi, har qanday jamoani mag‘lubiyatga uchratish mumkinligini uqtirib, biz–futbolchilarga maydonda barcha imkoniyatimizni ishga solish, raqibdan cho‘chimasligimizni uqtirardilar.

Ushbu ko‘rsatmalar esa bizga yakunda chempionlikni taqdim etdi.

- Bo‘lajak U-20 jahon chempionatiga Osiyo chempioni sifatida tashrif buyurasizlar? Ushbu mundialdan nimalar kutyapsiz?

- Biz oldimizga qo‘yilgan maqsadlarimizdan bittasini bajardik, ya’ni, mundialga Osiyo chempioni sifatida yo‘l olyapmiz.

Ta’kidlaganimdek, jahon chempionatida ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, sovrindorlar safidan joy olishni maqsad qilganmiz.

- Endi terma jamoadan Superliga bahslariga o‘tsak. Superliganing joriy mavsumdagi 3 ta turi ortda qoldi. Dastlabki taassurotlar qanday?

- Dastlabki taassurotlar ijobiy. Boisi, amaldagi mamlakat chempioni “Paxtakor”ning qatorasiga 2 ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchrashi, “Nasaf”ning chempionatni omadsiz boshlashi, “Neftchi” va “Bunyodkor” jamoalarining 3-turdan so‘ng, musobaqa peshqadamligini qo‘lga olishi ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘ldi.

“Navbahor” to‘g‘risida to‘xtaladigan bo‘lsam, jamoamiz joriy mavsum bahslarini yaxshi boshlab, dastlabki 2 ta uchrashuvda yirik hisobda g‘alaba qozondi. Ammo “Paxtakor”ga qarshi kechgan bahsda “Navbahor”ga biroz omad yetishmadi.

Keyingi o‘yinlarda jamoamizga omad yor bo‘lishini tilayman. Shuningdek, o‘zim ham “Navbahor”ning muvaffaqiyatlariga munosib hissa qo‘shish niyatidaman.

- Muxlislarga tilaklaringiz...

- Ularga sihat-salomatlik, oilaviy baxt tilayman. Terma jamoamiz va “Navbahor”ni doimo qo‘llab-quvvatlab turishsin.

Ma’lumot

Asadbek Jo‘raboyev – 2004 yil, 17 fevralda Namangan shahrida tug‘ilgan.

Futbol bilan 9 yoshidan shug‘ullanishni boshlagan.

11 yoshidan boshlab, “Navbahor” PFK qoshidagi “Navbahor-Umid” futbol maktabida tahsil olishni boshlagan.

2020 yildan boshlab, “Navbahor”da. 2022 yildan asosiy tarkibda.

2021 yili “Navbahor-U-18” safida 21 ta gol urib, U-18 Birinchiligi to‘purari bo‘lgan.

Muxlislik qiladigan jamoasi: “Real” (Madrid).

Havas qiladigan futbolchisi: Krishtianu Ronaldu.

Kiritildi: 11:06, 28.03.2023.
O'qildi: 1896 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.