Pul va futbol tushunchalarini bir biridan ajratish juda qiyin, aslida. Negaki, eng yaxshi klublardagi eng yaxshi murabbiylarga eng katta sovrinlarni yutish uchun, eng yaxshi futbolchilar kerak bo‘ladi. Buning uchun esa katta pul zarur. Albatta, katta-katta turnirlarda top-futbolchilarsiz nimadir yutish amri-mahol ish. Shu sababdan ham katta nomlar katta pul talab qiladi va bu tabiiy hol. Quyida, futbol tarixida transferlar uchun katta mablag‘lar ishlatgan murabbiylar o‘nligi qayd etiladi.
10. Klaudio Ranyeri – 864.33 million*(1)
Bu nom ro‘yxatdagi eng kutilmagan va hayratlanarlisidir. Negaki, Ranyeri faoliyatini 18 ta klubda o‘tkazgan. Ammo o‘sha jamoalar ichida "Yuventus", "Monako" va "Chelsi" kabi yirik nomlar mavjud. Italiyalik mutaxassisning eng yirik xaridlari 2016 yilning 30 iyunida yuz beradi. O‘shanda u "Monako"ga Falkao va Xames Rodrigesni jami 88 million yevro evaziga olib keladi. Ranyeri "Lester"ni chempion qilgan yili Islam Slimani 31 million yevroga sotib olingandi. Ammo bu xarid "tulkilar"ga yordam bermaydi.
9. Ernesto Valverde – 866.83 million*(2)
Valverde o‘ta katta pulni "Barsa"dagi yillarida sarf etgan. Bu davr 2017, 2018 va 2019 yillarga to‘g‘ri keladi. U paytlar "Barselona" birgina Neymar xarididan 222 million yevro ishlardi. Valverde esa 100 millionni, uchta futbolchi uchun sarflaydi. Ular Usmon Dembele Filippe Koutinyo va Antuan Grizmanndir. Ammo tez orada Valverde dovoni Klopp, Tuxel va Emeri kabi mutaxassislar tomonidan zabt etilsa kerak.
8. Antonio Konte – 967.1 million
Bu nom, endi, hech kimni hayratlantirmasligi aniq, shundaymi?
Konte o‘zi ishlagan klub rahbariyatlaridan transferlar uchun pullarni sug‘urib olishga ustadir. Uning transferlar haqidagi mana bu gapi juda ham mashhur: "Siz cho‘takdagi 10 yevro bilan 100 yevrolik restoranda tamaddi qila olmaysiz, shunday emasmi?".
Konte mana shu yondoshuvi bilan "Yuventus", "Inter" va "Chelsi"da katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Ammo "Tottenxem"da bunday bo‘lmadi. Italiyalikning tarixdagi eng katta xaridlari: Romelu Lukaku (77 million), Alvaro Morata (66 million) va Risharlison (69.5 million).
7. Arsen Venger – 973.25 million
Venger "Arsenal"dagi uzoq yillik faoliyatida bir milliard yevroga yaqin pulni transferlar uchun ishlatdi. Uning ilk davrlardagi xaridlari juda ham omali edi. Masalan, Tyerri Anri 14.5 millionga yoki Patrik Viyeyra 3.5 million funtga sotib olingan. Ularning keyinchalik kim bo‘lganini hamma biladi. Ammo Venger o‘zining so‘nggi davrlarida transferlar borasida biroz g‘alati qarorlar qilgani ham bor gap.
6. Diyego Simeone – 1.04 milliard
Simeone katta mablag‘lar sarflaganiga qaramay, "Atletiko"da "Real" va "Barselona" monopoliyasidan qiynalib keldi. Argentinalik mutaxassis 10 yil davomida o‘z jamoasini butunlay o‘zgartirdi. Uning davrida "matraschilar" ikki bor La-ligani, 2 marta yevrokuboklarni yana 1 marta Ispaniya kubogini o‘ziniki qildi. Garchand yaxshi boshqaruvga qaramasdan, Simeoneda ham ba’zi kamchiliklar bor edi. Ayniqsa, transferlar masalasida. Birgina Joao Feliksning 127 millionga "Benfika"dan xarid qilinishi fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.
5. Massimiliano Allegri – 1.08 milliard
"Yuventus" faqat tekin transferlar qiladi degan odamlar qattiq yangishadi. Allegri bunday mutaxassislar sirasiga kirmaydi. Masalan, u 2014-2019 yillar davomida Ronalduni 117 millionga, Iguainni esa 90 million yevro evaziga xarid qilgandi. U, shuningdek, "Milan" safida 2011 yilda Ibragimovich uchun "Barsa"ga 24 million yevro to‘lab bergan.
4. Manuel Pellegrini – 1.16 milliard
Balki bu nom ham sizga g‘alati tuyular. Ammo "Manchester Siti" va "Real"da faoliyat yuritgan har qanday mutaxassisning transferlar xarajati hajmi oshib ketadi. Masalan, chililik murabbiy 2009 yilning yozida bir haftada ikkita rekord-transferlarga qo‘l urgandi. Ularning biri "Milan"dan Kakaning olib kelinishi bo‘lsa, boshqasi "MYU"dan Ronalduni sotib olinishi edi.
3. Karlo Anchelotti – 1.44 milliard
Don Karlo doimo katta xarajat qilgan. Ammo shunga yarasha natija ham bo‘lgan. U kuchli beshlik chempionatlaridagi gigant klublarni boshqargan va har birida jamoalarni chempionlikka erishtirgan. Bu borada Anchelotti tengsizdir. Agarda katta yulduzlar va egoga ega nomlarni boshqarish kerak bo‘lsa, Karlo otadan yaxshiroq variant topa olmaysiz. Italiyalik murabbiy uzoq yillik faoliyati davomida 100 dan ortiq futbolchi sotib olgan. Ular ichida eng qimmati Garet Beyl hisoblanadi (101 million yevro).
2. Pep Gvardiola – 1. 61 milliard
Ro‘yxatdagi yana bir, faqatgina top-klublar bilan ishlagan murabbiylardan biri. Pep Ispaniya, Germaniya va Angliyada bir necha marta tengsiz deb topilgan. Ispaniyalik mutaxassisning eng qimmat xaridi 2021 yilda amalga oshirilgan Jek Grilish transferi edi (100 million funt).
1. Joze Mourinyo – 1.71 milliard
Mourinyo Simeonega o‘xshaydi. U ham katta xaridlardan katta natijalar ola bilmagan. Ammo pulni ayamagan. "Chelsi"da Abramovich Mour uchun pulni muammo qilmasdi. Ammo portugaliyalikning yirik xaridlari "MYU" bilan yuz bergan. U 2016 yilda Pogbani 94.5 million, 2017 yilda Lukakuni 76.2 million, 2018 yilda esa Fredni 53.1 million funt evaziga xarid qilgandi. Adolat yuzasidan aytish kerakki, yuqoridagi nomlarning hech biri o‘zidan kutilgan natijalarni taqdim etmagan. Umuman olganda, Mourinyo ham katta xarajatlar qilardi. Ko‘p hollarda, natija ham kelgan. U 25 ta titulni qo‘lga kiritgan.
ISMATOV J.