Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Sadio Mane: «Yo‘q, hech qachon yutqazmayman!»

Sadio Mane: «Yo‘q, hech qachon yutqazmayman!»

Baho:
+ | -

Joriy mavsumning kattagina qismini turli sabablar tufayli o‘tkazib yuborgan senegallik hujumchi Sadio Mane eng muhim pallada sport formasini deyarli tiklab oldi va endi «Bavariya»ga kutilgan darajada naf keltirishga shaylanmoqda.

 «Liverpul»ning sobiq vakili Germaniya OAVga bergan intervyusida asosan YECHLning o‘zi uchun unutilmas kechalarini esga oldi, murabbiy Yurgen Klopp bilan munosabatiga to‘xtaldi. Sadio shuning barobarida o‘sha ajoyib oqshomlarni rosa sog‘inganini alohida ta’kidlab, «Bavariya»da ham shunday g‘alabaga umidvor ekanligini yashirmadi.

- Sadio, Myunxenda o‘z ta’bingizga mos yaxshi sartarosh topa oldingizmi?

- Qidirishga hojat bo‘lmadi - bu ish bilan yaqin do‘stim shug‘ullanadi. Uning tajribasiga mutlaqo ishonaman. Shunday ekan, sochimni parvarishlash masalasida ko‘nglim to‘q. Oddiy aytganda, soch turmagim ishonchli qo‘llarda.

- Yozda «Bavariya» bilan Yevropa Chempionlar Ligasida g‘olib chiqsangiz, mashhur soch turmagingizni qizil rangga bo‘yash haqida va’da berganingiz esingizdami? 

- Ha, lekin finishga qadar hali uzoq yo‘l turibdi. Yo‘q, tashvishlanmang, agar «Bavariya» bilan ham «shalpangquloq» kubokni qo‘lga kiritsam, o‘z so‘zim ustidan chiqaman, albatta. Aytilgan so‘z - otilgan o‘q!

- Jamoangiz «Pari Sen-Jermen» to‘sig‘idan juda yengil va sovuqqonlik bilan o‘tib oldi. Vaholanki, Parij grandi juda dahshatli hujum uchligiga ega...

- Ha, Lionel Messi bugun ham dunyo bo‘yicha eng kuchli hujumchi sanaladi. U buni har hafta namoyish etmoqda. Deylik, JCH-2022dagi o‘yini va g‘alabasi barchasiga dalolat. Shuningdek, Neymar va Kilian Mbappe ham o‘z pozisiyalarida eng yaxshilardan hisoblanishadi. Bunday ijrochilarga hurmatim baland, shuning barobarida «Bavariya» ularga imkon bermaganidan bag‘oyat xursandman.

- Qiziq, «PSJ»ning hozirgi triosi vaqtida «Liverpul» hujumida hammani titratgan Roberto Firmino - Muhammad Saloh - Sadio Mane uchligidan ham kuchliroqmi?

- Ochig‘i, bu kabi taqqoslashlarga tobim yo‘q. Boz ustiga, biz eng yuqori cho‘qqiga chiqqan davrni hozirgi vaqtga qiyoslash ham noto‘g‘ri. Qaytaraman, barcha yetuk futbolchilar o‘yin­larini alohida qadrlayman. Muhimi, menga Firmino va Salohdek o‘z ishining ustalari bilan yelkama-elka o‘ynash nasib etdi, buning uchun taqdirimdan  minnatdorman. Futbolda bunday ijrochilar davrasida o‘ynash - baxt! Yana chinakam rohat!

- 2019 yili YECHL shohsupasiga ko‘tarilishdan bir mavsum oldin finalda «Real»ga yutqazgansizlar. O‘sha mag‘lubiyat jamoangizga qanday ta’sir qilgandi, xususan, «Tottenxem»ga qarshi kechgan keyingi finalda?

- Har doim bir gapni aytaman: futbolda hech qachon yutqazmayman! Boshqacha ifoda etganda, har bir mag‘lubiyat - biror yangi jihatni o‘rganish imkoniyati. Ha, o‘sha final «Real» foydasiga hal bo‘ldi, muhimi, mag‘lubiyat ta’sirida mentalitetimiz jamoa shaklida sezilarli darajada kuchaydi. Xususan, YECHLda g‘alaba qozonish ishtiyoqi va bunga intilish yanada kuchaydi.

- «Real»ga qarshi o‘sha omadsiz final haqida so‘z ochilsa, har bir kishi avvalo, darvozabon Lyoris Karius xatolarini ko‘z o‘ngiga keltirsa kerak...

- To‘xtang, meni noqulay ahvolga solmang, Karius xatolari haqida aslo gapirmayman va mag‘lubiyatni ham bunga bog‘lash niyatim yo‘q. Zero, bu hayotda hammada qandaydir xatolar bo‘ladi. Jumladan, men ham bundan himoyalangan emasman. Albatta, butun dunyo nigohi ostida shunga o‘xshash xatoga yo‘l qo‘yish juda achinarli. Mantiqan olsak, Lyoris o‘sha o‘yindan keyin butunlay «sindi». Muhimi, biz qarab turganimiz yo‘q, unga imkon qadar dalda berish, kayfiyatini ko‘tarishga harakat qildik. Har holda, finalga chiqishimizda Karius ijrosidagi ajoyib «seyv»lar ham katta ahamiyat kasb etgandi.

- «Liverpul»da Yurgen Klopp qo‘l ostida miriqib o‘ynagansiz. Munosabatlaringiz qanday edi?

- Birinchi uchrashuvdanoq o‘rtamizda o‘zgacha iliq munosabat shakllandi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi: Yurgen o‘ziga xos inson: juda quvnoq, ayni payt samimiy. U hamisha meni tabassum ulashishga majbur etardi. Klopp shuning barobarida qoyilmaqom murabbiy ham, albatta.

- Klopp 2014 yili, ya’ni Dortmundning «Borussiya» klubi bosh murabbiyi sifatida ishlayotgan paytdayoq sizni o‘z shogirdlari qatorida ko‘rishni xohlagan ekan.

- Ha, esimda, u bilan Dortmunddagi mashg‘ulotlar maydonida uchrashgan va dastlab faqat futbol haqida gaplashgandik. O‘shanda o‘z taktikasi haqida batafsil gapirdi va uning tizimida qanday rol o‘ynashimni tushuntirdi. Shuningdek, meni shaxs sifatida ham yoqtirishini yashirmadi. Keyin shaxsiy masalalar haqida gurunglashdik...

- ... Biroq faoliyatingizda o‘zgarish bo‘lmadi, nega?

- Mening aybim bilan emas, harqalay (kuladi). Bilamizki, futbol transferi har doim bir kishi roziligi emas, tomonlar o‘rtasidagi tegishli kelishuvga ham bog‘liq. Qisqasi, o‘tish ishi shunchaki, o‘xshamagandi.

- «Bavariya» bilan yaqin kelajakda Chempionlar Ligasida Yurgen Klopp va «Liverpul»ga to‘qnashishni xohlarmidingiz?

- Murakkab savol. Albatta, sobiq klubdoshlarim va murabbiy bilan maydonda qayta ko‘rishish juda yoqimli bo‘ladi. Ammo «Liverpul»ga qarshi o‘ynashga to‘g‘ri kelmasa, yanada yaxshiroq.

- «RB Zalsburg» futbolchisi sifatida tez-tez Myunxenga tashrif buyurganingizni aytgan edingiz. Qiziq, faqat sayr yoki xarid maqsadida safarga chiqarmidingiz yoki qandaydir o‘zgarish bo‘lishi umidida?

- O‘sha payt Angliya Premyer-ligasi haqida yetarli ma’lumotga ega emasdim. Bundesligaga esa ko‘p e’tibor qaratardim, axir Germaniya men o‘ynagan Avstriyaga juda yaqin. Shu tariqa Bundesligada o‘ynash xohishi tug‘ildi va kun kelib Germaniyaga futbolchi sifatida ham tashrif buyurishni dilimga tugib qo‘ydim. Hattoki, bu borada maslahatchim va «Bavariya» mas’ullari bilan ham uchrashgandim bir marta. Ammo taqdir ekan, o‘shanda hech qanday o‘zgarish bo‘lmagandi. 

— O‘sha payt «Arsenal»ga qarshi CHL 1|8 final o‘yinini tomoshabin rolida kuzatgandingiz. Endi esa klub vakilisiz.

- Ha, o‘sha payt buni tasavvurga ham sig‘dirolmasdim. Endi «Alyans Arena»da «Barselona», «Inter» va «PSJ»ga qarshi ajoyib futbol kechalarini boshdan kechirdim. Bu yerda hattoki, «Viktoriya» Pl. bilan bahsda ham tengsiz muhit hukm surdi.

- Bundesligadagi debyutingizni Frankfurtda «Aynt-raxt»ga qarshi bahsda nishonladingiz va g‘alaba sharafiga panjara ustiga chiqdingiz, muxlislar bilan megafonda qo‘shiq kuyladingiz...

- To‘g‘risi, bunday bo‘lishini umuman kutmagandim. Chunki Angliyada boshqacha tartib bor. Bu yerda esa Manuel Noyer va Tomas Myuller meni tribuna tomon yuborishdi: «Bor, bor, panjaraga bor, seni kutishyapti!»

- Nimani kuylagandingiz?

- Super «Bavariya», super «Bavariya»! Salom! Salom!

- Buni yana takrorlashni xohlarmidingiz?

- Albatta! Balki biror kuni bunga o‘zim jur’at etarman...

 M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 13:02, 04.04.2023.
O'qildi: 1467 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.