Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton 0-1 Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Unutilgan Yurgen Klinsmann yana sahnada!

Unutilgan Yurgen Klinsmann yana sahnada!

Baho:
+ | -

Kutilmagan yangilik: Yurgen Klinsmann Janubiy Koreya terma jamoasi bosh murabbiyiga aylandi, u portugaliyalik Paulu Bentu o‘rnini egalladi.

Yaqin o‘tmishning eng mohir hujumchilaridan biri murabbiylik sohasiga 3 yillik tanaffusdan keyin qaytdi. 2019 yil noyabridan 2020 yil fevraligacha «Gerta»ni boshqarib, rahbariyat bilan kelisha olmagani sababli klubni tark etgandi. Germaniyalik mutaxassis Koreya terma jamoasidagi debyutini 24 mart sanasida Ulsandagi Kolumbiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi bilan nishonladi.

So‘nggi yillarda Klinsmann nima bilan shug‘ullandi?

Kloppning nomdosh kasbdoshi AQSHda yashab, xayriya ishlari bilan shug‘ullandi, TVda ekspert sifatida tez-tez ko‘rsatuvlarda ishtirok etdi. 2021 yil aprelida uni «Tottenxem»dan iste’foga chiqarilgan Mourinyo o‘rniga nomzodlardan biri sifatida e’tirof etishgandi. O‘shanda Yurgen ishga joylashishga oid savolga quyidagicha javob bergandi: «Men hech qachon Germaniya terma jamoasini JCHda boshqaraman, deb o‘ylamagandim (JCH-2006da 3-o‘rin), men hech qachon AQSH terma jamoasida yoki «Bavariya»da 6 yil ishlayman, deb o‘ylamagandim. Bir necha oydan keyin kim «Tottenxem»ning murabbiyi bo‘lishini ko‘ramiz».

To‘g‘ri, ish muzokaralarga yetib bormadi: londonliklar mavsumni APL tarixidagi eng yosh murabbiyga aylangan Rayan Meyson bilan yakunladilar, yozda Nunu Eshpiritu Santu bosh murabbiy lavozimini egalladi.

JCH-2022 o‘tayotgan vaqtda Klinsmann Eron terma jamoasini tanqid qilish bilan media maydoniga kirib keldi. VVS muxbiri bilan suhbat chog‘ida u eronliklar Uelsni hakamlar yordami evaziga qo‘lga kiritishgan, degan fikr bildirdi: «Karlush (Keyrush) Eron milliy terma jamoasi va madaniyatiga juda mos tushadi. U Kolumbiya bilan muvaffaqiyatga erisha olmadi. Keyin Misr bilan saralashdan o‘ta olmadi. So‘nggi mundial arafasida bungacha uzoq ishlagan Eron terma jamoasiga keldi. Bu jamoa qanday o‘ynashi - tasodif emas, balki ular madaniyatining bir bo‘lagi. Ular doimo hakamlar bilan ishlashadi-zaxiradagi arbitrlar va qanot hakamlariga bosim o‘tkazishadi. Maydonda biz ko‘rmagan juda ko‘p mojarolar bo‘lib o‘tdi. Ular shu tariqa raqiblari o‘yinini izdan chiqarishlari mumkin. Agar Uelsga qarshi uchrashuvni boshqa hakam boshqarganida, hammasi o‘zgacha bo‘lardi. Arbitr atrofida 5 nafar eronlik futbolchining muntazam aylanib yurishi Uelsga manfaat keltirmadi».

Keyrush Klinsmannga javob qaytardi: «Hurmatli Yurgen! Siz meni Karlush, deb atashni lozim topganingiz sababli, men ham sizni Yurgen deyishga haqliman, deb hisoblayman. Men bilan shaxsan tanish bo‘lmasangizda, tabiatimni shubha ostiga qo‘ydingiz. Futbol maydonidagi nufuzingizdan qat’iy nazar, Eron, uning madaniyati va milliy jamoasi, shuningdek, mening shogirdlarim xususida bildirgan fikrlaringiz - futbol uchun sharmandalik. Bizning pokligimizni hech kim buza olmaydi. Sizni mehmon sifatida milliy jamoamiz lageriga taklif etishni istaymiz. U yerda siz futbolchilar bilan suhbat qurib, ulardan mamlakat haqida, eronliklar, uzoq yillik tarixga ega fors san’ati va adabiyoti, madaniyatidan xabardor bo‘lardingiz. Shuningdek, eronliklar futbolni qanchalik sevishlarini bilib olardingiz. Amerikalik nemis sifatida siz o‘zgacha qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlashingiz tushunarli. Har qanday kishini qattiq ranjitadigan va hamiyatiga og‘ir botadigan fikr-mulohazalaringizga javoban sizni qoralamoqchi emasmiz, o‘z Oilamizda ko‘rishdan mamnun bo‘lamiz. Va shu bilan birgalikda, sizning JCH-2022 ilmiy-texnik guruhi a’zosi ekanligingizni FIFA inobatga olib, qanday qaror qabul qilishini diqqat bilan kuzatamiz. Siz lagerimizga tashrif buyurishga ulgurmasdan iste’foga yo‘l olishingizni kutamiz».

BBC Breakfastga bergan intervyusida Yurgen quyidagicha izoh berdi: «Bularning barchasi kontekstdan olingan. Karlushga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni yumshatishga urinib ko‘raman. Men hech qachon Karlush va Eron terma jamoasi tarkibini tanqid qilgan emasman. Kimdir meni referi zaxira o‘yinchilariga tanbeh bergani uchun tanqid qildi, deb o‘ylabdi. Biroq men shunchaki, ularning futbolga o‘ta ehtirosli yondashuvini nazarda tutgandim. Zaxira o‘rindig‘i o‘yin bilan tirik, doimiy harakatda. Karlush esa tinib-tinchimas murabbiy. Maydon chetidan turib o‘yinchilarini jonlantirib turadi».

Janubiy Koreya termasining ishlari qanday?

Paulu Bentu davrida jamoa to‘p nazorati va qisqa uzatmalarga ko‘proq e’tibor qaratdi va bu o‘z samarasini berdi: 57ta o‘yinda 35 g‘alaba, 13 durang va 9 mag‘lubiyat. Qatar mundialining guruh bosqichida koreyslar Portugaliyani yengib, pley-offga chiqishdi. Lekin 1/8 finalda Braziliyaga imkoniyatni boy berishdi, 1:4. Jamoaning dinamikasi talab darajasida: 2022 yilda 20ta o‘yinni 12ta g‘alaba, 3ta durang va 5ta mag‘lubiyat bilan yakunladi. JCH nihoyasiga yetgach, Paulu Bentu charchab qolganligini aytib, lavozimini tark etdi. Endi navbat Klinsmannga keldi. Tabiiyki, jamoa muxlislari yangi bosh murabbiydan yanada yorqin o‘yinlarni kutadilar, ayniqsa, Son Xyun Mindek yetakchi ayni cho‘qqida turgan pallada.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 20:40, 11.04.2023.
O'qildi: 2184 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.