Qatardagi jahon chempionatida Germaniyadek nomdor terma jamoa o‘z ishtirokini guruh bosqichida yakunlashga majbur bo‘lgan...
O‘shanda turnir favoritlaridan biri hisoblangan nemislar faqat Kosta Rikadan ustun kelishgan (4:2) va 3-o‘rin bilan uyga qaytishgandi. «Verder» hujumchisi Niklas Fyullkrugning gollari jamoaning pley-off bosqichiga chiqishi uchun kamlik qilgandi. Qishda Fyullkrug «Bavariya» tarkibiga o‘tishi taxmin qilingandi. Biroq transfer amalga oshmadi. Quyidagi hikoyamiz kamtarin «Verder»da kamtarona to‘p surishiga qaramasdan, Bundesliga to‘purarlari ro‘yxatini ishonchli tarzda boshqarib kelayotgan sermahsul snayper haqida.
Qatarda Germaniyaning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri bo‘lgandi
2022 yilning kuzida 30 yoshli hujumchi o‘z faoliyatida ilk bora milliy terma jamoadan chorlov oldi. JCH boshlanishi arafasida Niklas Ummonga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvining 80-daqiqasida gol urib, g‘alabani ta’minladi, o‘zi so‘nggi 20 yil ichida terma jamoadagi debyutini nishonlagan eng keksa futbolchiga aylandi. Qiziq, uchrashuvdagi yagona golni aynan u urgan bo‘lsada, mundialdagi uchchala o‘yinda ham boshlang‘ich tarkibda emas, zaxiradan maydonga tushdi. Uning Yaponiyaga qarshi bellashuvdagi 11 daqiqali ishtiroki natijani o‘zgartira olmadi - Germaniya turnirni 1:2 hisobidagi mag‘lubiyat bilan boshladi. Lekin Ispaniya va Kosta-Rika bilan bo‘lgan bahslarda nemislar xaloskori rolini ado etdi: qit’adoshlariga qarshi o‘yinda urgan goli mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan bo‘lsa (u tepgan to‘pning tezligi 118 kmG‘s., turnirdagi 3-tezkor zarba bo‘lgandi), Janubiy Amerika vakillariga qarshi bellashuvda gol va samarali uzatmani amalga oshirgandi. Bu uchrashuvlarda hujumchi mos ravishda 20 va 35 daqiqadan to‘p surdi. Biroq uning sa’y-harakatlari nemislarning pley-off bosqichiga yo‘l olishlari uchun yetarli bo‘lmadi.
Niklas Fyullkrug, Germaniya terma jamoasi hujumchisi:«Haqiqatni dangal aytishdan qo‘rqmayman: meni terma jamoaning omadsizligini Germaniyada qay tariqa qabul qilganliklari tashvishlantirmoqda , avvaliga Yaponiyadan mag‘lubiyat, uning ortidan guruh bosqichida musobaqani tark etish. Bu g‘oyat ulkan sharmandalik. Ba’zan terma jamoaga muvaffaqiyat emas, omadsizlik tilaydilar. Nima uchun shunday bo‘lishini bilmayman. Men faqat bir narsani ayta olaman: maydondagi har bir futbolchi terma jamoa libosida to‘p surishi bilan faxrlanadi».
«Bavariya»ning qiziqishi va «Verder»dagi ishtiroki
Qatar mundiali davrida Niklas Fyullkrug «Bavariya»ning e’tiborini qozondi. Sportbuzzer ma’lumotiga ko‘ra, hujumchining «Verder» va Germaniya terma jamoasidagi o‘yinlari myunxenliklar mutasaddilariga ma’qul bo‘lgan. Niklasning amaldagi shartnomasi 2025 yilgacha mo‘ljallangan. «Bavariya» uni qishda o‘z safiga qo‘shib olishi mumkin edi, «Verder» hujumchi uchun bor-yo‘g‘i 10 mln. yevro talab qilgan bo‘lsada, negadir transfer amalga oshmadi. Abendzeitung Munchen axborotiga binoan, grand shuningdek Garri Keyn («Tottenxem») va Markus Tyuram («Borussiya M.») nomzodlarini ham ko‘rib chiqmoqda. Yozda shu futbolchilarning bir nafari myunxenliklar tarkibiga jalb etilishi mumkin.
Bundesligadagi debyutini Niklas Fyullkrug 2017G‘18 yillar mavsumida, «Nyurnberg»dan «Gannover» tarkibiga o‘tganidan keyin nishonlagandi. O‘shanda u 34 uchrashuvda maydonga tushib, 14ta gol urgan, lekin keyingi 2 mavsumda bir qator jarohatlar tufayli, mahsuldorligi bir oz pasayib qolgandi. «Verder»dagi dastlabki ikki yil ham anchayin qiyin kechdi: barcha turnirlardagi 32ta o‘yinda 10ta gol. Biroq o‘tgan mavsumda Niklas o‘zining 33ta bellashuvdagi 19ta goli va 8ta samarali uzatmalari bilan «musiqachilar»ning elita yo‘llanmasini qo‘lga kiritishlariga munosib hissa qo‘shdi.
Muhimi, Fyullkrug merganlik mahoratini davom ettirmoqda. JCH-2022 turniriga qadar 14 uchrashuvda 10ta, mundialdan keyingi 9ta bahsda 5ta gol urdi. Hozir «Verder» 26-turdan keyin 31 ochko to‘plagan holda 11-o‘rinda bormoqda. Unga 15ta golni tuhfa etgan snayper esa Bundesliga to‘purarlari ro‘yxatida 1-pog‘onada. Oldinda esa yana 8ta qiziqarli bellashuvlar kutib turibdi.
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi.