Gol urish futbolning ajralmas qismidir. Gol urilgach esa, tabloda faqatgina uning muallifigina ko‘rinadi xolos. Kamdan-kam hollarda gollarni bir kishi yaratadi. Ayrimlar gol urilgach, unda qatnashgan, hujum rivojiga sabab bo‘lgan hammaning ismi ko‘rsatilishi kerak deyishadi. Ammo amalda unday emas. Faqatgina golga uzatma bergan o‘yinchi nomi e’tirofga loyiq ko‘riladi. Angliya chempionati Premyer-liga deb nomlanganidan beri ko‘plab juftliklar bunyod bo‘lgan. Ular birgalikda ko‘plab gollar yarata olgan. Quyida gol+pass borasida bir mavsum davomida eng muvaffaqiyatli bo‘lgan juftliklar keltirib o‘tiladi.
7. Stiv Makmanaman Robbi Faulerga – 8 ta ("Liverpul", 1994-95)
1994-95 yilgi mavsumning dastlabki uch oyida Makmanaman Robbi Faulerning beshta goliga assist bo‘lgandi. Ikki "Liverpul" tarbiyalanuvchisi o‘sha paytda klubni o‘z yelkalarida ko‘tarishgan. Ushbu juftlik olti yil birga harakatlanadi. Asr avvalida Makmanaman "Real"ga yo‘l oladi. Uning jamoadan ketishini Fauler shunday eslaydi: "Men juda ham xafa edim. Biz o‘shanda oddiy sherikni emas, klubning eng yaxshi futbolchisini yo‘qotgandik. Men o‘sha kuni yig‘lab yuborganman".
6. Kevin Gallen Les Ferdinandga – 8 ta ("QPR" , 1994-95)
Gallenning "QPR"dagi debyut mavsumi fantastik o‘tadi. U jamoada eng yosh, 18 yosh bo‘la turib, maydon markazida yorqin yulduz bo‘lishga erishadi. Yarim himoyachi Les Ferdinandga 8 ta golda uzatmani amalga oshiradi. O‘zi esa 10 ta gol urishga erishadi. Afsuski, mavsum yakunida Ferdinand jamoadan ketadi va Gallen ortiq uzatmalar ijro eta olmaydi.
5. Darren Anderton Teddi Sheringemga – 8 ta ("Tottenxem", 1994-95)
Hali texnika unchalik ham rivojlanmagan paytda Anderton va Sheringem ajoyib juftlik hosil qiladi. 1994 yildan to 1995 yilgacha bu futbolchilar Londonda ajoyib o‘yinlar ko‘rsatadi. Aderton esa sherigi uchun mavsum davomida 8 ta assist qilishga erishgandi.
4. Kevin De Bryuyne Erling Xolandga – 8 ta ("Manchester Siti", 2022-23)
De Bryuyne va Xolandning o‘zaro bog‘lamdagi o‘yinlari "Vest Xem" bilan bahsda ish beradi. Ana shu o‘yin yaqqol namuna edi. Xoland mashina kabi o‘ta aniq harakat qilishi bilan ajralib turadi. Unga uzatmalar berish esa Kevin yaxshi eplaydi. Xoland belgiyalik sherigi haqida shunday deydi: "De Bryuyne to‘p bilan bo‘lganida, men raqib jarima maydonchasi ichidan to‘g‘ri joy olishim kerak. Negaki, u menga to‘pni aniq oshirib berishga harakat qiladi". Bu juftlik allaqachon sakkizta golda birga ishlashga erishdi.
3. Sten Kollimor Robbi Faulerga – 9 ta ("Liverpul", 1995-96)
Rodjestvo bayramiga 2 kun qolganida "Liverpul" "Arsenal" bilan to‘qnash keladi. Birinchi bo‘limda hisobda ortda qolayotgan maydon egalari, 3-1 hisobida o‘yinni o‘z hisobiga hal qiladi. O‘shanda Kollimor 3 ta golga ham assist bo‘lgandi. Gollar esa Fauler tomonidan kiritiladi.
2. Mayk Nyuell Alan Shirerga – 9 ta uzatma ("Blekbern", 1995-96)
Shirer doimo Nyuell bilan o‘z gollarini amalga oshirardi. "Blekbern"ni chempion qilishda bu ikkisining xizmatlari beqiyos bo‘lgan. Nyuell APLning eng yaxshi to‘purariga mavsum bo‘ylab 9 ta golli uzatmani bergandi.
1. Xarri Keyn Songa – 9 ta ("Tottenxem", 2020-21)
Keynning futbol maydonida nimalarga qodir ekanini hamma biladi. U raqib darvozasi qarshisida eng vaxshiy yirtqichga aylanadi. Ammo futbolchining boshqa bir xususiyati ham bor. U hech qachon xudbinlik qilmaydi. Ingliz yulduzi sherigi, Songa bir mavsumda 9 ta assistni amalga oshirib, o‘ziga xos natijaga erishgandi. Bu juftlik APL tarixidagi eng yaxshilaridan sanaladi. Keyn Son haqida shunday deydi: "Kun bo‘yi oilamdan ko‘ra Son bilan ko‘p vaqt o‘tkazaman. Maydon tashqarisidagi ijobiy munosabatlarimiz maydonga ham ko‘chgani shundan bo‘lsa kerak".
ISMATOV J.