Kirish Ro'yxatdan o'tish
28/03 19:00 Dinamo 2-1 Metallurg
29/03 19:00 OKMK - Bunyodkor
29/03 19:15 Qizilqum - Lokomotiv

Xorijdagi mahalliy turnir

Xorijdagi mahalliy turnir

Baho:
+ | -

Aprelning ilk kunlarida Italiya Superkubogining dastlabki yarim final uchrashuvlari o‘tkazildi:

«Yuventus» va «Inter» o‘zaro jangovar durangni (1:1) rasmiylashtirdilar, «Fiorentina» esa safarda «Kremoneze» maydonidan ishonchli (2:0) g‘alaba bilan qaytdi. Musobaqaning final bellashuvida ishtirok etish - nafaqat nufuzli sovrinni, balki mo‘maygina daromadni ham qo‘lga kiritish imkoniyati. Hatto mag‘lubiyatga uchragan jamoa ham binoyidek bonusga ega bo‘ladi. To‘g‘ri, birdaniga emas.

Italiya Superkubogi kengaymoqda - ishtiroqchilar soni va mukofot jamg‘armasi bo‘yicha

Eski formatga ko‘ra chempion bilan kubok sohibi o‘rtasidagi bellashuvda 2023 yildagi Italiya Superkubogi «Inter»­ga nasib etgandi. Qiymati 21 mln. yevroga teng bo‘lgan 5 yillik shartnomaga binoan, italiyaliklar 2017-2021 yillar oralig‘idagi 5ta turnirning 3tasini Saudiya Arabistonida o‘tkazishlari ko‘zda tutilgandi. Endi musobaqa qanday ko‘rinishda tashkil etilishi xususida La Gazzetta dello Sport qu­yidagicha hikoya qiladi:

** Superkubok turnirida 4ta jamoa qatnashadi: mamlakat chempioni va Kubok sohibidan tashqari, vise-chempion va Kubok musobaqasining finalchisi ham nufuzli sovringa da’vogarlik qiladi. Ichki chempionatda navbatdagi Italiya superkubogi musobaqasi yo‘llanmasini taqdim etadigan 2-o‘rinni egallash «Fiorentina», «Yuventus» va ayniqsa, «Kremoneze» uchun oson bo‘lmaydi.

** Turnir finalidagi g‘alaba 4,5 mln. yevro, mag‘lubiyat esa 2 mln. yevro daromad keltiradi. «To‘rtlik finali»ga tashkilotchilar 23 mln. yevro ajratishgan. Uning uncha ko‘p bo‘lmagan foizi ligaga ajratiladi, Superkubok sohibi 7 mln.ga ega bo‘ladi. Mablag‘ning qolgan qismi ishtirokchilar o‘rtasida taqsimlanadi.

** O‘tgan yilning yozida Saudiya Arabistoni yana 5ta (2023|2024dan 2027|2028gacha) Italiya Superkubogi musobaqalariga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgandi. Kelishuvga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, dastlabki 2ta turnir Saudiyada, keyingi 2tasi Italiyada va qolgani yana Saudiyada bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, mart oyida Reuters Italiya «A» seriyasi prezidenti Lorenso Kazinining bayonotini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, musobaqa «To‘rtlik finali» formatida yoki odatdagidek, chempion bilan Kubok sohibi o‘rtasida o‘tkazilishini har yili faqat liga hal qiladi.

Italiya Superkubogi yarim finalchilarining daromadlari xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, «Inter» 84,2 mln. yevro, «Yuventus» 77,9, «Fiorentina» 51,2 mln. yevroga ega bo‘ldi. «Kremoneze»ning yo‘qligi o‘z-o‘zidan tushunarli - jamoa «V» seriyasida to‘p suradi. Musobaqa g‘olibligi «Inter» yoki «Yuventus»ga nasib etsa, bu jamoalar mavsumda ishlab topadigan daromadini 10 foizga ko‘paytirib oladilar. Mazkur format «Fiorentina» uchun ham anchayin manfaatli: jamoa hech bo‘lmaganda, finalga chiqqani uchun 2 mln., Superkubok turniridagi ishtiroki uchun 3-4 mln.ga ega bo‘ladi. Bu - «Yuve» va «Inter»ning 10 foiziga yaqin miqdor.

Saudiya Arabistonidagi dastlabki musobaqada «Yuventus» Krishtianu Ronalduning yagona goli evaziga «Milan»ni taslim etgandi. Uchrashuv 2019 yil yanvarida, jurnalist Jamol Xashoggining fojiali o‘limidan keyin 1 oy o‘tganida bo‘lib o‘tgandi. Italiyaliklarga qarshi qo‘llangan bosim hech narsa bermadi. «A»seriyasining o‘sha paytdagi rahbari Paolo Del Pino shartnomaga rioya qilinishini ta’minladi va liga inson huquqlari bo‘yicha Saudiya Arabistoni sport vazirligi bilan hamkorlik davom etishini ta’kidlagandi.

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 12:20, 20.04.2023.
O'qildi: 1291 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.