26 fevral sanasida «MYU» Erik ten Xag davridagi dastlabki sovrinini qo‘lga kiritdi - Liga Kubogi turniri finalida «Nyukasl»dan 2:0 hisobida ustun keldi.
O‘tgan yilning yozida mankunianlar tarkibiga qo‘shilgan Kazemiro hisobni ochib, nufuzli sovrin sari dastlabki qadamni tashladi. Braziliyalik futbolchi jamoani oldinga olib chiqqani yaxshi, albatta. Lekin uning himoya chizig‘idagi fidoyiligi «qizil iblislar»ga ko‘proq manfaat keltirdi. To‘p nazorati bo‘yicha «Nyukasl» ustunlik qilgan bo‘lsada, xavfli vaziyatlarni yaratishda katta qiyinchilikka duch keldi - bu Kazemironing orqa chiziqdagi ishonchli o‘yinlari samarasi. Zafarli yakundan so‘ng manchesterlik muxlislar aynan uni finalning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida boshlariga ko‘tarishgani bejiz emas.
**Kazemiro xaridi orqali jamoa o‘ta muhim o‘yinlarni yoqtiradigan tug‘ma chempionni o‘z safiga qo‘shib oldi. Qahramonimiz o‘z faoliyatida qatorasiga 9ta finalda zafar quchdi. Ularning 4tasi YECHLda, 3tasi KJCHda, bittasi Ispaniya Kubogida va so‘nggisi Angliya Liga Kubogida qo‘lga kiritilgan. Turli musobaqalardagi chempionlik seriyasi!
Qizig‘i, Kazemironi xarid qilgani uchun «MYU»ni tanqid qilishgandi
Tanqidchilarni futbolchining yoshi, maoshi va klubning transfer siyosati qoniqtirmadi. Manchesterda Kazemiro «MYU» ekspertlarining noroziligiga sababchi bo‘ldi. Ayniqsa, Gari Nevill boshqalarga nisbatan ko‘proq shubhalandi. To‘g‘ri, u Kazemironi emas, klubning transfer siyosatini tanqid ostiga oldi: «Endi meni kelishuvlar qiziqtirmay qo‘ydi. Chunki ular yozgi transfer rejalarida ko‘zda tutilmaganini yaxshi bilaman. Boshqa klublar goh u, goh bu futbolchiga yuguravermaydilar. Hammasi De Yong bilan boshlandi, keyin Rabyo paydo bo‘ldi, yozgi mavsum Kazemiro va 160 mln. funtli ulkan harajat bilan nihoyasiga yetdi. O‘ylashimcha, bu yaqin 2 yil ichida klubga manfaat keltiradi. Lekin o‘sha 2 yildan keyin kimdir yorqin davri ortda qolgan, maoshiga yarasha to‘p sura olmaydigan o‘yinchini oladi. U ten Xag yoki boshqa murabbiy, klubning yangi sohibi bo‘lishi mumkin. Biroq bunaqa kontraktni taklif etish uchun «otning kallasidek» yurak bo‘lishi kerak. 30 yoshli futbolchi bilan 5 yillik shartnoma tuzish mumkin emas».
Shubhalangan faqat Nevill emasdi. Masalan, Peter Shmeyxel va ko‘plab muxlislar shunday fikrda edilar. Chunki ular «MYU»ning bir qator transferlarda og‘zi kuyib qolganidan yaxshi xabardorlar. Endi ko‘pchilik Kazemironing tashrifini 90-yillardagi Erik Kantona xaridiga qiyoslashmoqda - ha, u tajribali faxriy, ammo jamoaga yetishmayotgan sifatlarni bera oldi. Berganda ham, asl chempionga xos viqor bilan amalga oshirdi.
«MYU» Kazemiro bilan va usiz butkul boshqa-boshqa jamoa
«Qizil iblislar ishtirokidagi dastlabki bellashuvlarda Kazemiro zaxiradan maydonga tushirildi - aftidan, bu yerda kim yo‘lboshchi ekanligini murabbiy debyutantga ko‘rsatib qo‘ygandek. Bunaqa holatlarga ko‘nikib qolgan tayanch yarim himoyachisi xotirjamlik bilan tayyorgarlikni davom ettirdi. Nihoyat, oktyabr oyida Kazemiro «Everton»ga qarshi bahsda boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi. Shundan keyin jamoa «Everton», «Omoniya», «Nyukasl», «Tottenxem» va «Chelsi»ga qarshi bellashuvlarda o‘z darvozasidan to‘p o‘tkazib yubormadi. Kazemiro mazkur «quruq» seriyada muhim rol o‘ynadi.
Sariq kartochkalarning ko‘payib ketgani tufayli Kazemirosiz maydonga tushgan «MYU» «Arsenal»ga imkoniyatni boy berdi, matbuotda esa braziliyalik futbolchining himoya chizig‘iga ta’siri xususidagi ma’lumot chop etildi:
- Kazemiro boshlang‘ich tarkibda bo‘lgan 13 uchrashuvning faqat bittasida «MYU» mag‘lubiyatini tan oldi. Kazemiro maydonga tushmagan 10ta o‘yinda 4ta mag‘lubiyat;
- Kazemiro bilan jamoa bitta o‘yinda o‘rtacha bittadan kamroq to‘p o‘tkazib yuboradi, usiz - 1,9ta;
- Kazemiro maydonga tushmagan o‘yinlarda raqiblar jamoa darvozasi tomon o‘rtacha 16ta zarba yo‘lladilar, u maydonda bo‘lganida - atigi 7ta.
Kazemironing hozirgi «MYU»dagi ahamiyatini «Arsenal»dan qabul qilingan mag‘lubiyatni tahlil qilan Vadim Lukomskiy quyidagicha e’tirof etgandi: «Braziliyalik tayanch yarim himoyachisining ustunligi shundaki, u hujumni tashkil etishda ham, raqib hujumlarini barbod etishda ham a’lo darajada to‘p suradi. Kazemironing yo‘qligi «MYU»ga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. U o‘yin taqdirini o‘zgartirib yuborardi, degan fikrdan yiroqman. Ammo hech bo‘lmaganda, ichki muammolarni raqibga sezdirmasligi, qanotlardagi xatolarni to‘g‘rilashi, to‘g‘ri qarorlar qabul qilishi mumkin edi. Maktominay afsuski, o‘zgacha saviyadagi o‘yinchi. To‘pni raqibdan tortib olishni uddalaydigan tirishqoq yigit, lekin vaziyatni his etish, o‘yinni boshqarish bobida Kazemirodan ancha orqada. Kazemiro anchayin qiyin vaziyatlardan chiqib keta oladi».
Shaxsan braziliyalik futbolchining o‘zi uchun ham mavsum omadli o‘tmoqda. «Nyukasl» darvozasiga urgan goli «MYU» tarkibidagi 5-aniq zarbasi bo‘ldi. «Real»dagi eng sermahsul mavsumida u 7ta gol urgandi. Demak, shaxsiy rekordini yaxshilash uchun ajoyib imkoniyatga ega. Ehtimol, yana 2 yildan keyin Gari Nevillning taxmini to‘g‘ri chiqar - Kazemiro bu vaqt ichida vazn qo‘yib, muammoga aylanishi mumkin. Biroq ayni pallada hammasi joyida, u tufayli «qizil iblislar»ning himoya va markaziy chiziqlari tartibga tushdi. Boz ustiga, bir necha yillik tanaffusdan keyin nufuzli sovrinni qo‘lga kiritish imkoniyatini berdi. O‘zini baxtiyor his etishi uchun futbolchiga yana nima kerak?!
A.ABDUVALIXO‘JAYEV tayyorladi