Superliganing 11-turidan o‘rin olgan “Nasaf” — “Paxtakor” to‘qnashuvi 20 may kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi. Mazkur bellashuv “Paxtakor” futbol klubi so‘roviga asosan qoldiriladi.
“Superliga va Pro liga reglamenti”ning 10.9-bandida U20 O‘zbekiston termasining jahon chempionati final bosqichi uchrashuviga uch va undan ko‘p futbolchisi jalb qilingan klub rasmiy uchrashuvni boshqa sanaga ko‘chirishni so‘rab murojaat qilishga haqli ekanligi qayd etilgan. U20 O‘zbekiston termasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Argentinadagi mundialga “Paxtakor”ning 8 nafar a]zosini olib ketishni rejalashtirgan: Otabek Boymurodov, Diyorbek Ortiqboyev, Abubakr Ashurov, Abbos Fayzullayev, Shahzodbek Rahmatullayev, Behruzbek Asqarov, Po‘latxo‘ja Xoldorxonov, Rustam Turdimurodov. Shundan kelib chiqib, Liga “Paxtakor” so‘rovini qanoatlantiradi.
Reglament bo‘yicha “Paxtakor” U20 Osiyo kubogi davrida ham rasmiy uchrashuvlarini surishni so‘rashi mumkin edi. Biroq klub o‘tgan davr davomida vaziyatdan ko‘chirishlarsiz chiqishga erishdi. Ayni vaqtda esa nafaqat yuqorida nomlari qayd etilgan futbolchilar jamoa bilan birga emas, balki yoshi nisbatan kattaroq qator futbolchilarda ham jarohatlar mavjud.
Avvalroq Liga “Paxtakor” va “Nasaf” ishtirokidagi O‘zbekiston Superkubogi uchrashuvini Qarshi klubining Chempionlar ligasidagi ishtiroki sabab mavsum oldidan o‘tkaza olmagandi. Iyunm oyida Srechko Katanes O‘zbekiston milliy terma jamoasini FIFA kunlaridan avvalroq yig‘ishga majbur bo‘layotganini ham hisobga olsa, 2022 yilgi mavsum sovrindorlari ishtirokidagi har ikki o‘yin iyul yoki avgust oylarida o‘tkazilishi mumkin. Liga bu haqda keyinroq qaror qabul qiladi. Boisi biz OFK tomonidan Chempionlar ligasining 2023/24 yilgi mavsumiga qur’a tashlanishini kutishga majburmiz. Zero mazkur musobaqada Superliganing to‘rt klubi O‘zbekiston sharafini himoya qiladi. Shundan kelib chiqibgina mavsumning ikkinchi davrasi uchun taqvim shakllantirish mumkin bo‘ladi.