Superliganing 9-turidan o‘rin olgan bahsda "Navbahor" Qarshida “Nasaf” mehmoni bo‘ldi.
Mazkur klublar turnir jadvalida qo‘shni bo‘lishgani bois, ushbu o‘yin shu turning markaziy bahsi edi va bu bellashuvning shiddatli, keskin kurashlarga boy tarzda kechishi kutilgandi. Ta’kidlash joizki, uchrashuv haqiqatdanam bildirilgan taxminlarni oqladi hamda tomoshabop tarzda kechdi.
Bellashuv mazkur o‘yin arafasida vafot etgan yurtimizning taniqli mutaxassislaridan biri, “Navbahor” bilan ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan, shuningdek, namanganliklarga 1996 yili chempionlik unvonini taqdim etgan, O‘zbekistonning ko‘plab mashhur futbolchilarini kashf qilgan Viktor Romanovich Jalilovning porloq xotirasi uchun bir daqiqalik sukut bilan boshlandi.
Uchrashuv borasida to‘xtaladigan bo‘lsak, bellashuv ilk daqiqalardanoq keskin kurashlar ostida boshlandi va har ikki jamoa vakillari hujumkor o‘yin namoyish etishga intilishdi.
Mezbonlarning hujumlaridan birida "Navbahor" posboni O‘tkir Yusupov jarima maydonchasi tashqarisidan yo‘llangan kuchli zarbani bartaraf etib, to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.
Namanganliklarning hujumlaridan birida esa Shahboz Jo‘rabekovning uzoq masofadan darvozaga yo‘llagan zarbasidan so‘ng, to‘pni mezbonlar posboni Abduvohid Ne’matov ushlab oldi.
Umuman olganda, bahsning 1-bo‘limida har ikki jamoa a’zolari himoyani mustahkam tarzda ushlagan holda, darvozalarga to‘p kirishiga yo‘l qo‘yishmadi. Natijada tanaffusgacha hisob ochilmadi.
Uchrashuvning 2-bo‘limi ham shiddatli tarzda kechdi. "Lochinlar" hujumlaridan birida Oston O‘runov katta tezlikda bir necha raqib futbolchisini aldagan holda, mezbonlar jarima maydonchasi ichiga yorib kirdi. Lekin so‘nggi pallada uning zarbasidan so‘ng, to‘p darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi.
58-daqiqada Shahboz Jo‘rabekovning 25 metrlar chamasi uzoqlikdan amalga oshirgan jarima zarbasidan so‘ng, to‘pni mehmonlar posboni Abduvohid Ne’matov qiyinchilik bilan qaytardi.
Garchi Samvel Babayan shogirdlari 2-bo‘limda ko‘proq hujumlar tashkil etishgan bo‘lsada, hujumlar yakuniga yetmadi va ushbu turning markaziy uchrashuvida nursiz durang - 0:0 hisobi qayd etildi.
Superliga. 9-tur
“Nasaf” – “Navbahor” – 0:0
Qarshi. “Markaziy” stadioni.
Hakamlar: Temurbek To‘xtasinov, Olim Abduvasilov, Oybek Kallaxo‘jayev, Rustam Choriyev.
VAR hakami: Akobirxo‘ja Shukurullayev.
AVAR hakami: Akmal G‘iyosov.
Nazoratchi: Bobur Haydarov.
O‘zPFL komissari: Bekzod Aripov.
“Nasaf”: 35.Abduvohid Ne’matov, 2.Alibek Davronov, 4.Husniddin Aliqulov, 5.G‘olib G‘aybullayev, 7.Akmal Mozgovoy.9.Javohir Siddiqov, 15.Jo‘rabek Mannonov, 19.Mateus Lima Kruz, 34.SHerzod Nasrullayev, 77.Oybek Bozorov, 92.Umar Eshmurodov.
Zaxiradagilar: 1.Umidjon Ergashev, 17.Suhrob Nurulloyev, 18.Bahrom Abdurahimov, 22.SHohmalik Komilov, 23.Sardor Sa’dullayev, 25.Bekjon Rahmatov, 28.SHuhrat Muhammadiyev, 29.Muhammadjon Rahimov, 99.Azizbek Amanov.
“Navbahor”: 1.O‘tkir Yusupov, 6.Ibrohim Yo‘ldoshev, 7.Oston O‘runov, 10.Jamshid Iskanderov, 17.Abrorbek Ismoilov, 21.Temurxo‘ja Abduxoliqov, 22.Igor Golban, 23.Yovan Jokich, 27.SHahboz Jo‘rabekov, 31.Luka Chermel, 77.Asadbek Sobirjonov.
Zaxiradagilar: 46.Xurshid Xodjayev, 8.Jasurbek Yaxshiboyev, 9.Farrux Ikromov, 11.SHohruz Norxonov, 20.Muzaffarxon Muminov, 33.SHodiyor Shodiboyev, 55.Asadbek Jo‘raboyev, 88.Ozodbek O‘ktamov, 98.Davronbek Olimjonov.