Joriy mavsum boshida Bundesliganing yetakchi klublaridan biri - Menxengladbax «Borussiya»si safiga qo‘shilgan Ko Itakura darhol ijobiy fazilatlarini namoyon eta boshladi.
U shuningdek, Qatarda tashkillashtirilgan JCH-2022da himoyadagi ishonchli harakatlari bilan Yaponiya milliy jamoasining «pley-off» raundiga chiqishida katta rol bajarish asnosida yetuk futbolchiga aylanib ulgurganini isbotladi. Itakura mart oyida o‘tkazilgan Kirin chaqiruv kubogidan o‘rin olgan Kolumbiya termasiga qarshi bahsda esa «samuraylar»ni sardorlik bog‘ichi ostida maydonga boshlab tushdi. FIFA rasmiy sayti yaqinda Germaniya futbol mavsumining bosh kashfiyoti bo‘lishga da’vogar «Borussiya» M. himoyachisini maxsus suhbatga chorladi. Yaponiyalik mehnatkash futbolchi shu tariqa turli mavzularda gapirdi: Germaniyadagi sarguzashtlari, Qatar mundiali taassurotlari va chempionatdagi yorqin debyuti, Yaponiya milliy jamoasi uchun o‘ynash ishtiyoqi...
- Ko, Germaniya futboli yuqori divizionida o‘ynash qanday ekan?
- Nima desam ekan, Germaniyaga ko‘chib kelganimdan buyon o‘z salohiyatimni ikkinchi va birinchi Bundesligada sinab ko‘rdim. Shaxsiy fikrimcha, maydondagi yakkama-yakka duellar, jismoniy tayyorgarlik darajasi va tinimsiz faollik ushbu liganing yaqqol ajralib turadigan o‘ziga xos xususiyatlaridir. Oddiy aytganda, Bundesliga avvalo, jismoniy kuch va chidam talab etadi.
- Menxengladbax «Borussiya»sida birdan yaxshi o‘ynab ketdingiz. Aytingchi, yangi klubda qanday murakkabliklarga yuz tutdingiz va o‘yinchilik sifatini aynan nimalar evaziga oshirdingiz?
- Aytishim shart emas, «Borussiya» afsonaviy tarixga ega, uy stadionida ham hamisha o‘zgacha muhit hukmron. Har safar maydonga tushganimda, bolalikdagi orzularim yodimga tushadi, ertaknamo muhit ichra yashayotganimni his qilaman. Albatta, ba’zi qiyinchiliklar ham bo‘ldi, lekin ular aytishga arzimaydi. Muhimi, Bundesligadek nufuzli chempionat o‘yinlarida har hafta saviyali klubdoshlar davrasida ishlayapman, ular bilan birga o‘ynab, yulduz futbolchilarga qarshilik ko‘rsatyapman. Bunday muhitda barchasiga to‘g‘ri yondashsangiz, o‘yiningiz o‘z-o‘zidan rivojlanadi. Shunday ekan, maydondagi harakatimga sifat qo‘shilayotganida alohida sir yo‘q.
- Klubdoshlaringizdan qay biri sizni ko‘proq hayratlantirmoqda, e’tiboringizni o‘ziga tortmoqda?
- Albatta, Markus Tyuram. Gap shundaki, men himoya vakiliman, u esa hujumchi va ikkimiz mashg‘ulotlar jarayonida tez-tez yakkakurashlarga kirishamiz. Tyuram - jahon chempionatida Fransiya termasi tarkibidan joy olgan ajoyib futbolchi. Muntazam ravishda shunday iqtidor bilan zimdan raqobatlashish koni foyda. Deylik, Markusga qarshilik ko‘rsatish asnosida yetuk hujumchilarni qanday to‘xtatish mumkinligi borasida ma’lum ko‘nikma hosil qilyapman. Xayriyatki, Tyuram bizning jamoada, aks holda, unga qarshi o‘ynashda ancha qiynalarmidim...?
- Ma’lum muddat jarohat tufayli chetda qolishingizga to‘g‘ri keldi. Bunday og‘ir pallada klub sizni talab darajasida qo‘llab-quvvatladimi?
- Oddiy va lo‘nda aytganda, «Borussiya» rahbariyati ham, murabbiylar shtabi ham har qanday holatda jahon chempionatida ishtirok etishni xohlashim, buning ishqida yonayotganimni yaxshi bilardi. Asosiysi, jamoada hamma meni to‘g‘ri tushundi va ijobiy munosabatda bo‘ldi. Deylik, klub vakillari qo‘llaridan kelganicha qo‘llab-quvvatlashdi, tiklanish jarayonida hamisha yonimda bo‘lib, qo‘shimcha dalda berib turishdi. Aynan shunday g‘amxo‘rlik samarasi o‘laroq, vaqtida maydonga qaytdim va Qatarga yaxshi kayfiyatda bordim. Shu joyda bu jarayonda ishtirok etganlarga, ayniqsa, klubning shifokorlar shtabiga minnatdorchilik bildirishim shart.
- Qatar mundiali guruh o‘yinlarida muhim rol bajarib, Yaponiya milliy jamoasining «pley-off» raundiga chiqishiga katta hissa qo‘shdingiz. Biroq Xorvatiya termasiga qarshi kechgan «hayot-mamot» bahsida diskvalifikasiya tufayli maydonga tusholmadingiz. O‘sha payt qattiq afsuslangan va rosa siqilgandirsiz...
- Tushunarliki, guruh bosqichida 2ta sariq kartochka olish 1|8 finalda o‘ynashdan mahrum etishini bilardim. Lekin futbolda gohida «sariq»dan qochishning iloji bo‘lmaydi, ayniqsa, himoyada o‘ynaganingda. Afsuslanishga hojat yo‘q, chunki yagona maqsadim jamoaga g‘alaba qozonishida yordam berish edi. Xususan, yigitlarimiz Xorvatiya termasi bilan bahsda ham ustun kelishlariga ishonardim va tribunada turib, ularga xotirjam muxlislik qildim.
- JCH-2022dan keyin Yaponiya milliy jamoasiga umumiy qarashingiz va tarkibdagi rolingiz nechog‘li o‘zgardi?
- Aytarli o‘zgarish yo‘q, lekin mutlaq ko‘tarinkilik bor. Misol uchun, endilikda milliy jamoa libosini har kiyganimda yanada ko‘proq lazzatlanyapman, muvaffaqiyatli to‘p surishga shubhalanmayapman. Qatarda ilk marta jahon chempionati o‘yinlaridan bahra oldim va taassurotlarni to‘liq tavsiflashim qiyin. Bilganim shuki, o‘rtaga millat g‘ururi tikilgan katta turnirda ishtirok etish - kuchli hayajon. Bu ma’lum darajada asabiy voqelik ham. Qisqasi, Qatarda unutilmas onlarni boshdan o‘tkazdik. Ehtimol, bunaqasi futbolchi hayotida bir marta bo‘lar... Chunki hech kimning keyingi jahon chempionatida ham jamoa bilan birga bo‘lishi kafolatlanmagan. Shu nuqtai nazardan Qatar mundiali xotiralari yurakning tub-tubiga o‘rnashib ulgurdi. Albatta, Qatarda qahramonlarcha o‘ynagan yigitlar hali faollikni yanada oshirishlari va «moviy samuraylar»ni yuksaklikka ko‘tarishda davom etishlariga shubham yo‘q. Ajabmas, keyingi jahon chempionati Yaponiyaga yanada ko‘proq quvonch ulashsa, jumladan, shaxsan o‘zimga ham. Ungacha o‘yinimni ham tomonlama takomillashtirib borishim kerak.
- Yaponiya termasi o‘zining JCHdagi eng yuqori natijasini qanday yangilashi mumkin?
- Men uchun debyut sanalgan jahon chempionatida ko‘rdimki, guruhdan chiqishning o‘zi katta mashaqqat. Lekin agar har bir futbolchi o‘z o‘yinini yaxshilab borsa va Yaponiya termasining eng asosiy xususiyati - yagona kuch sifatida kurashishni o‘zimizda mujassamlashtirsak, yuksak natija qayd etish imkoniyati yuzaga kelishiga ishonaman. Shaxsan men uchun asosiysi - hamisha maydonda bor kuchni ishga solish va eng yuqori darajada harakatlanishga intilish.
- Kolumbiya termasiga qarshi kechgan Kirin chaqiruv kubogi o‘yinida ilk marta sardorlik bog‘ichini qo‘lga oldingiz..
- Yaponiya termasi sardorlik bog‘ichini taqish - o‘ziga xos lahza. Bu holat jamoani g‘alaba sari yetaklash ishtiyoqimni yanada kuchaytirdi.
- Kelajak uchun asosiy maqsad nima?
- Avvalo, har bir bo‘lajak o‘yinga puxta tayyorgarlik ko‘rish, jarohatlardan qochish va jamoamning ishonchli tayanchiga aylanishni xohlayman. Menimcha, barqarorlik kelajakda turli imkoniyatlarni ochib beradi. Vazifaga jiddiy yondashish va har bir o‘yinda eng yaxshi sifatlarimni ko‘rsatish - ustuvor maqsad shu.
MUHAMMADXON tayyorladi