Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Alessio Takkinardi: «Yuventus» futbolchilari g‘ururlarini ko‘rsatadigan vaqt keldi...»

Alessio Takkinardi: «Yuventus» futbolchilari g‘ururlarini ko‘rsatadigan vaqt keldi...»

Baho:
+ | -

«Yuventus» bilan jami 14ta sovrin yutgan yaqin o‘tmishdagi nomdor yarim himoyachilardan biri Alessio Takkinardi «byankonerlar»ning joriy mavsumdagi o‘yinlaridan xursand emas.

 Unda jamoaga nisbatan ishonchsizlik bordek, harqalay, bugungi «keksa sinyora»dan hafsalasi pir bo‘lgan ko‘rinadi. «Klub tarixi va uning DNKsini hisobga olsak, Italiya kubogi yarim finalida «Inter»ga qarshi kechgan uchrashuvlarni qabul qilish juda og‘ir. Lekin klub oxir-oqibat, jamoatchilik fikrini eshitishidan umidvorman. «Yuventus» joriy mavsum tarkib tanlashdan tortib, o‘yinlarga munosabatgacha - barcha-barchasida orqaga ketdi. To‘g‘ri, jamoa yutqazishi mumkin, ammo har qanday holatda bor kuchni maydonda qoldirish boshqa gap. Xullas, kurashmaslik va itoatkorlik «Yuve»ga aslo yarashmaydi, ayniqsa, «Inter» kabi raqibga qarshi bahslarda» - bu Takkinardining bugungi «keksa sinyora»ga bergan oddiy va lo‘nda bahosi.

- Hakam «Bolonya»ga qarshi o‘yinda «Yuventus» zarariga xato qarorlar chiqardi va Kuadrado keskin munosabat bildirdi. Buni qanday izohlaysiz?

- Menimcha, barchasi g‘azabning portlashi, xolos. O‘sha o‘yinda monitor ishlamadi, lekin menimcha, hakamlar qattiq adashishgani yo‘q. Umuman, Kuadrado menga yoqadi, chunki zarur pallada g‘azablanishni biladi. Uning holati - odamni «telba» qiluvchi joriy mavsum jamoadagi mavjud noqulaylik ko‘zgusi. Hozir tafsilotlarga atroflicha to‘xtalishni xohlamayman, lekin turnir jadvalida g‘ayritabiiy holda «belanchak» bo‘lish, mavsum uchun maqsadning mutlaq noaniq ekanligi yoqimsiz, albatta. Bunga qo‘shimcha ravishda jamoaga nisbatan qandaydir qarama-qarshi hukm­lar e’lon qilindi. Tabiiy­ki, barchasi bir bo‘lib, mavsumni «Yuve» uchun juda murakkablashtirdi. Boz ustiga, mojaro hali tugamadi, chunki sud jarayoni davom etmoqda, jumladan, UYEFAniki ham.

- Kuadrado ko‘plar holatlarda «Yuventus»ga qarshi qaror chiqarilayotganidan nolidi. Jamoa shunga qaramay, oldinga siljishda davom etyapti, chunki raqiblar ham barqaror o‘ynashmayapti. Sizningcha, kolumbiyalik futbolchi qaysi holatlarni nazarda tutmoqda?

- Uning aynan qaysi holatlar yuzasidan gapirgani men uchun mavhum. Fikrimcha, hakamlar korpusining ijobiy yoki salbiy ta’sir qiladigan qarorlari hamisha kuzatiladi va oxir-oqibat, ular bir-birini qoplaydi ham ko‘p hollarda.

- Munozarali vaziyatlarni bir chetga sursak, «Yuventus»ning hozirgi dinamikasini qanday baholaysiz?

- Muxlis sifatida jamoa o‘z o‘yinini ko‘rsatishga urinayotgani va ayrim to‘siqlar oldida to‘xtab qolmaganidan xursandman. Biroq vaqti-vaqti bilan sustkashliklar ham ro‘y bermoqda, baribir. Masalan, «Inter»ga qarshi oxirgi o‘yinni olaylik: chempionatdagi 3ta mag‘lubiyatdan ke­yin tarixiy raqib bilan bahs­da g‘azab o‘tida yonayotgan shijoatli va portlovchi «Yuve»ni ko‘rishni kutgandim, lekin amalda jamoa o‘ta itoatkor, ba’zan juda passiv harakatlandi. Xuddiki, qandaydir o‘rtoqlik uchrashuviga tushgandek tuyuldi hatto.

- Umuman, bu mavsum «keksa sinyora»ga avvalo, nima yetishmayapti?

- Bu borada gapirishdan oldin adolat uchun bo‘ron misoli sudlashuvlar jamoaga jiddiy zarba berganini aytish kerak. Lekin fakt shuki, ushbu to‘s-to‘polon boshlanishidan oldin ham «Yuve» kuchli taassurot uyg‘otmagandi. Fikrimcha, Allegri ham, futbolchilar ham, qolaversa, jamoaning barcha a’zolari bir yo‘nalishdagi vazifa bilan cheklanishgan. Deylik, bor e’tibor CHLga qaratilgan.

- «Yuve» hujumchilarining gol urishda qiynalishayotganini nima bilan izohlash mumkin?

- Bu masalada tanqidiy ohang­da gapirolmayman: futbolda hujumkor o‘yinni afzal ko‘radigan murabbiylar qatori asosiy kuchni mudofaaga yo‘naltiradiganlari ham bor. «Yuve» bosh murabbiyining tanlovi - faol hujum emas, tartibli himoya. Shuning uchun unga Rabyo kabi ijrochi kerak. Jamoaga oldingi chiziqda katta bo‘shliqni aynan fransiyalik pleymeker ta’minlashi ko‘zda tutilgan.

- Qiziq holat: «Yuventus» -15 ochkolik jarima qaroridan so‘ng binoyidek natija ko‘rsatdi, qaror bekor qilingach esa aksincha, bo‘shashdi...

- Chunki turnir jadvalida pastga tushish «Yuventus» g‘ururini qo‘zg‘atdi, ochkolar qaytarilganidan so‘ng jamoaning tezlikni birdan yo‘qotgani esa muammo borligidan dalolat. Bu juda achinarli. Zero, «Yuve» diqqat markaziga tushganida, deyarli ochko yo‘qotmasligini amalda isbotladi. Hammasi futbolchilarga bog‘liq. Endi o‘sha g‘ururni qayta ko‘rsatish vaqti keldi. Mag‘rurlik futbolchilar, balki kiyib yurgan liboslari uchun ham zarur.

- Chempionatda 2-o‘rin va YELda final: «Yuventus» joriy mavsum uchun qo‘yilgan vazifalarni uddalay oladimi?

- Albatta, ushbu missiyalarni bajarish imkoni bor. Jamoa loaqal oxirigacha chinakamiga kurashishini ko‘rsatishi kerak. Asosiysi, «Yuventus» raqiblar uchun muloyim emas, oldingidek yoqimsiz kuchga aylansa, bas. Hozir esa jamoa g‘alaba qozonmaslikka o‘rganib qolgandek. Ehtimol, maydonda o‘zlarini ko‘rsatishga ulgurgan yoshlarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqdir. Masalan, Gatti kabilarga. Men hamisha shu yigitdek o‘ynashga intilganman. Mavsum yakunida klub rahbariyati jumladan, Allegri ishiga xolis baho beradi, menimcha. Tahlil uchun balki Del Pyero taklif etilar, har holda, uning xulosasi klub uchun katta ahamiyat kasb etadi, menimcha. Oddiy aytganda, mavsum tugagach, «Yuve» uyquga ketmasligi kerak.

 M.PO‘LATOV tayyorladi

Manba: «Интерфутбол» газетаси
Kiritildi: 20:57, 18.05.2023.
O'qildi: 1152 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.